“TASDIQLAYMAN” Qarshi davlat universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori _____________N.S.Xolmirzayev “ ____ ” ___________ 2022 yil Chirchiq davlat pedagogika universiteti tayanch doktoranti Usmanov Farhod Abdiraimovichning “O‘zbekistonda bolalar qarovsizligi masalasi (1917-1945 yillar)” mavzusidagi 07.00.01-“O‘zbekiston tarixi” ixtisosligi doirasida tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlagan dissertatsiya ishi muhokamasi bo‘yicha yetakchi tashkilot sifatida Qarshi davlat universiteti tomonidan berilgan XULOSA Dissertatsiya mavzusining dolzarbligi va zarurati. Jahon hamjamiyatining tarixiy shakllanishida ibtidoiy jamoa tuzumi davridan to bugungi kunga qadar bo‘lgan turlicha tarixiy davr bosqichlari insoniyat hayotiga o‘ziga xos yangilik va qarashlarni olib keldi. Ijtimoiylashuv jarayonlarining jadallashuvi va gumanizmning taraqqiy etib borishi inson omilini eng yuqori o‘ringa chiqardi. Insonning yovvoyi tabiatdan madaniy, ma’naviy hayot ishtirokchisiga aylanishi bilan jamiyatda inson omilining mustahkamlanib borishi kuzatilmoqda. Jumladan, bolalar huquq va erkinligi, ijtimoiy muhofazasi, ta’minoti bo‘yicha jamiyat mas’ulligi ham tobora kuchayib bormoqda.
Dunyo miqyosida bola huquqlari, bolalarni ijtimoiy muhofaza qilishdagi muammolar, bolalar qarovsizligining kelib chiqish sabablari, uning jamiyat uchun ijtimoiy xavfi, bolalar qarovsizligi masalasining nazariy va metodologik tahliliga oid ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Shuningdek, bolalar qarovsizligini keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash va ularni bartaraf etish, bolalar huquqlarini kafolatlash, bolalar huquqi qonun ijodkorligining tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini yanada rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi barcha sohalarda bo‘lgani kabi bolalar huquqi masalasida ham tub burilishlar yasay oldi. Mustaqillik sharofati bilan xalqimiz tarixini ilmiy, obyektiv va xolis yoritish ziyolilar oldida turgan ustuvor vazifalaridan biriga aylandi. Xususan, Prezident Sh.M.Mirziyoyev milliy o‘zligimizni anglash, vatanimizning qadimiy va boy tarixini o‘rganish, bu borada ilmiy tadqiqot ishlarini kuchaytirish, gumanitar soha olimlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz lozimligi, o‘tmishga berilgan baho, albatta, xolisona, eng muhimi, turli mafkuraviy qarashlardan xoli bo‘lishi zarurligi, buyuk alloma va adiblarimiz, aziz avliyolarimizning bebaho merosi, yengilmas sarkarda va arboblarimizning jasoratini yoshlar ongiga singdirish, ularda milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratishimiz zarurligini ta’kidlab o‘tganlar. Shu boisdan bolalar qarovsizligi masalasiga oid manbalarni xolis o‘rganish, ularni keng ommaga ilmiy asoslangan holda yetkazish va shu paytgacha yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan to‘g‘ri xulosa chiqarish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etadi.