f57b8ef60b984e2903eac44d540eb49b ADABIYOTSHUNOSLIKKA KIRISH FANIDAN O`QUV USLUBIY MAJMUA
Romantizm. Bu metodning bosh xislati “idealga moslab hayotni qayta yaratish” (V. Belinskiy)dir, ya’ni orzu qilingan voqyelikni tasvirlashdir; uni go’zal va mukammal hayot tarzida ko’rsatishdir; ana shu hayot qahramonlarining afsonaviy kuch-qudratga egaligini, mo’jizakorligini ideallashtirishdir. Esxilning “Prometey”, Sofoklning “Shoh Edip”, Yevripidning “Yelena”, Navoiyning “Xamsa”, Rustavelining “Yo’lbars terisini yopingan pahlavon” kabi asarlarida “odamlarning qanday bo’lishi kerak bo’lsa, shunday tasvirini” berilgani ham yuqorida aytilgan bosh xislatni tasdiqlaydi. Jumladan, Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonidagi Farhod real shahzoda obrazi emas, balki, Navoiy orzu qilgan hukmron timsolidir. U shahzoda bo’lishiga qaramay, hunar egallaydi, ilm-fanni chuqur o’rganadi. Yoshligidanoq mo’jizakor kuch-quvvatga ega bo’ladi, ming-minglab odamlar eplay olmagan ishlarni bajaradi. U teshasi bilan arman tog’i toshlarini xuddi pichoq sariyog’ni kesganday kesib, kanal qazadi; Xisravning minglab qo’shini ko’ngliga g’ulg’ula soladi, ularga bir o’zi bas keladi...
Romantik asarlarda voqea-hodisalar va qahramonlar boshqa tarixiy davr va mamlakatlarga ko’chirib tasvirlanadi. “Farhod va Shirin” (A. Navoiy) dostonida voqea-hodisalar avval Chin (Xitoy)da, so’ng Arman o’lkasida yuz beradi. Farhod, Bahrom-xitoylik, Mehinbonu, Shirin-armani, Shopur, Xisrav, Sheruya-eronlik. Holbuki, bu qahramonlar xarakteri, a’moli, ruhi bilan o’zbeklarga tegishlidir, undagi voqea-hodisalar asosida Navoiy davri hayotining tipik manzaralari aksini topgandir.
Insoniylikni ulug’lash, ezgulikni kuylash, muhabbat va sadoqatni yuksak darajada madh etish, unga ishontirish romantizmning eng xarakterli alomatidir. Unda hayotni judayam ko’tarinki ruhda, serjilo bo’yoqlarga boy tarzda, yorqin va nozik ifoda etish- xislatga aylanadi va bu xislat kitobxon qalbini larzaga soladi.
“Farhod va Shirin”da tasvirlanishicha, Farhod o’limidan so’ng Shirin: “Men uning hajrida bemoru bedilman, xuddi chala so’yilgan qushdayman”-deydi.