«Ko’ngilli» eksport cheklashlari Mutaxassislarning fikricha, eksport kvotalarining muhim turlaridan biri ko’ngilli eksport cheklashlari (KECH) hisoblanadi. KECH holatida eksportyordavlat «ko’ngilli» ravishda boshqa mamlakatga olib chiqadigan mahsuloti hajmini chegaralaydi va hamkor taziyqi ostida minimal import narxlarini o’rnatadi. Bunday amaliyot AQSH va Yevropa Ittifoqida Yaponiya tovarlari (avtomobillar, elektronika, po’lat)ga nisbatan keng qo’llaniladi. Hozirgi paytda jahonda bunday turdagi 100 dan ortiq bitimlar imzolangan, biroq UST a’zo-mamlakatlar oldiga ular o’rtasidagi savdoda XXI asr boshlariga kelib KECHni umumiy bekor qilish vazifasini qo’ymoqda.
Maxsus, mantiqiy nihoyasiga yetkazilgan kvotalash usuli iqtisodiy sanktsiya ko’rinishidagi embargo hisoblanadi. Bu usul bir mamlakat yoki mamlakatlar guruhi bilan savdo operatsiyalarini butunlay ta’qiqlashni bildiradi. Odatda siyosiy maqsadlarni ko’zlagan holda embargoni joriy qilish butun nomenklaturadagi yoki alohida guruhdagi tovarlar eksporti yoki importini cheklashni nazarda tutadi. XX asrda savdoni tartibga solishni bunday usuliga yetarli darajada misollar keltirish mumkin. BMT qaroriga ko’ra embargo siyosati Iroqqa, qisman sobiq Yugoslaviya, Livan, Eron va ba’zi boshqa mamlakatlarga nisbatan amalga oshirilgan.
Yashirin protektsionizm ko’rinishlari Jahon amaliyotida tashqi savdoni tartibga solishning notarif usullari ichida miqdoriy va moliyaviy usullardan tashqari yashirin protektsionizm usullaridan foydalaniladi. Yashirin protektsionizm usullari mohiyati jihatdan markaziy hukumat va hatto mahalliy hokimiyat organlari tomonidan tashqi savdo yo’liga bojxona tabiatiga ega bo’lmagan turli tuman to’siqlarni o’rnatishini anglatadi. Yashirin protektsionizm usullarining ko’pchiligi xalqaro savdo muvofiqlashtirilgan tamoyillarini buzishning yaqqol namunasidir.
Alohida mamlakat import yoki eksportni bir tomonlama chegaralashida foydalanadigan yashirin protektsionizm usullarining yuzdan oshiq turi mavjud. Bu usullarni to’rtta katta guruhga ajratish mumkin:
Texnik to’siqlar;
Ichki soliqlar va yig’imlar;
Davlat xaridlari doirasidagi siyosat; Mahalliy komponentlarning tovar tarkibida bo’lishligiga talablar.
Texnik to’siqlar – bu yashirin protektsionizm usuli bo’lib, milliy texnik, ma’muriy va me’yorlar hamda qoidalar shunday ishlab chiqiladiki, ular tovarlarni tashqaridan olib kirishga to’sqinlik qiladi. Texnik xarakterdagi to’siqlarning eng keng tarqalganlari qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:
Milliy standartlarga rioya qilishni talab qilinishi;
Import mahsulotni sifati haqida sertifikat olinishini talab qilinishi; Maxsus qadoqlash va markirovkalashni talab qilinishi;
Ma’lum sanitariya va gigiena qoidalariga rioya qilishni talab qilinishi;
Atrof-muhitni himoyalash bo’yicha tadbirlar o’tkazishni talab qilinishi;
Murakablashtirilgan bojxona rasmiyatchiliklariga rioya qilinishini talab qilinishi;
Iste’molchilar huquqlarini himoyalash to’g’risidagi qonunlarga rioya qilishni talab qilinishi va hokazolar.
Ichki soliqlar va yig’imlar (domestic taxes and charges) – bu yashirin protektsionizm usuli bo’lib, ular import tovarning ichki narxini ko’tarishga va bu orqali uning ichki bozordagi raqobatbardoshligini pasaytirishgan yo’naltirilgandir. Ular ham markaziy hukumat, ham mahalliy hokimiyat organlari tomonidan joriy qilinishi mumkin. Import tovarlardan olinadigan soliqlar juda xilma xil, bu soliqlar to’g’ri soliqlar (qo’shimcha qiyomat solig’i, aktsiz solig’i, sotishdan olinadigan soliq) yoki egri soliqlar (bojxonada rasmiylashtirish uchun yig’imlar, registratsiya uchun va boshqa rasmiyatchiliklar uchun yig’imlar, port yig’imlari) bo’lishi mumkin.