Noverbal muloqot til, tovush nutqining qo‘llanilishiga asoslanmagan bo‘lib, bu mimika, imo-ishoralar, pantomimika, sensor yoki tana orqali aloqalar vositasidagi muloqot. Bu boshqa odamdan qabul qilinadigan taktil, ko‘rish, eshitish, hid bilish, hamda, boshqa sezgi va tasavvurlar. Odam muloqotining noverbal shakl va vositalarning ko‘pchiligi tug‘ma bo‘lib, faqat o‘ziga o‘xshashlar bilan emas, balki, boshqa tirik jonzotlar bilan ham hissiyot va hulq-atvor darajalarida hamfikrlikka erishish orqali o‘zaro ta’sir ko‘rsatishga imkon beradi.
Verbal muloqot faqat insonga xos bo‘lib, zarur shart sifatida tilni o‘zlashtirishni belgilab beradi. Nutq muloqot vositasi sifatida bir vaqtning o‘zida ham axborot manbai sifatida, ham suhbatdosh bilan o‘zaro ta’sirlashuv vositasi sifatida namoyon bo‘ladi. Buyuk shoir sa’diyning so‘zlarini yodda tutish lozim: «aqling bormi yoki yo‘q, buyukmisan yo kichik, biz bilmaymiz, sen bir so‘z atmaguningcha». Verbal (nutq) muloqot tarkibiga: so‘zlar, iboralar ma’nosi va mohiyati kiradi. Asosiy o‘rinni so‘zning qo‘llanilish aniqligi, uning ifodalanishi va hammabopligi, tovushlar, so‘zlar talaffuzi, ohang ifodasi va mohiyati egallaydi. Nutqdagi tovush hodisalari: nutq jadalligi, tovush balandligi modulyasiyasi, tovush toni, nutq vazni, tovush sifati, ohangi, aniqligidan iborat. Tovush sifatining ifodalanishi: o‘ziga xos maxsus tovushlar: kulgu, hiqillash, yig‘i, pichirlash, xo‘rsinishlar va boshqalar; ajratuvchi tovushlar – bu yo‘tal; ahamiyatsiz tovushlar – tanaffuslar, shuningdek, nazalizatsiya tovushlari – «xm, xm», «e-e-e», «o-o-o» va boshqalar.
Tadqiqotlarga ko‘ra, odam kommunikatsiyasining har kungi aktida so‘zlar – 7%, tovush va ifodalar – 38%, nutqiy bo‘lmagan o‘zaro ta’sir – 53%ni tashkil etadi. Publitsiy aytganidek: «ovoz orqali gaplashamiz, butun tanamiz orqali suhbatlashamiz».
Kundalik muloqotda odamlar ko‘proq quyidagi fanlar o‘rganadigan muloqotning noverbal vositalaridan foydalanadilar: kinestetika (inson hissiyotlarining tashqi ifodalanishi), mimika (yuz mushaklarining harakati), imo-ishoralar (tana alohida qismlarining ishoratli harakatlari), pantomimika (butun tana: gavda holati, qomat, egilish, yurish harakatlari), takesika (muloqot vaziyatidagi yaqinlashishlar: qo‘l siqish, o‘pishish, tegib ketish, siypalash, itarib yuborish va h.k.), proksemika (odamlarning muloqot vaqtida fazoda joylashishi, inson aloqalarida quyidagi masofalar sohalarini ajratadilar: yaqinlik sohasi (15-45 sm), shaxsiy yoki xususiy soha (45-120 sm), ijtimoiy soha (120-400 sm), ommaviy soha (400 smdan ortiq)).
Mimika, nigoh, imo-ishoralar – noverbal muloqotning ko‘proq ma’lumot olish mumkin bo‘lgan vositalari. Peshona, qoshlar, og‘iz, ko‘zlar, burun, iyak – bu yuz qismlari insonning asosiy hissiyotlari: hijron, g‘azab, shodlik, ajablanish, qo‘rqinch, nafrat, baxt, qiziqish, qayg‘u va boshqalarni ifodalaydilar.
Muloqot turlaridan tashqari, uning ba’zi shakllarini ham ajratish mumkin, bular: rasmiy-ish yuzasidan, mutaxassislik, xususiy, ommaviy, pedagogik muloqot, autokommunikatsiya (o‘zi bilan muloqot)lardir.
Muloqot o‘zining maxsus masalalari hal etiladigan ma’lum davrlarga ega. Eng mas’uliyatli davr tayyorgarlik davri – muloqotni rejalashtirish, o‘zi uchun muloqot natijalariga qaratilgan mayllarni aniqlab olish zarur. Muloqotning birinchi bosqichi – aloqaga kirishish. Bunda vaziyatga kirishish, sherikning holati, kayfiyatini his etish, o‘zi kirishib ketib, boshqasiga ham yo‘nalishini belgilab olishga imkon yaratish muhimdir. Bu davr ruhiy aloqa o‘rnatilishi bilan yakunlanadi. So‘ngra qandaydir muammo, tomonlarning vazifasi va mavzuni ishlab chiqishda diqqatni jamlash davri boshlanadi. Keyingi bosqich – motivatsion zondaj. Uning maqsadi – suhbatdoshning motivlari va qiziqishlarini anglash. So‘ngra diqqatni mustahkamlash bosqichi boshlanadi, keyin esa fikrlarda nizolilar bo‘lsa, asoslash va ishontirish bosqichi keladi. Va, nihoyat, natijalarni qayd etish bosqichi boshlanadi. Agar mavzular ko‘rib chiqilgan bo‘lsa yoki sherik notinchlik alomatlarini namoyon qilgan taqdirda muloqotni yakunlash zarur. Muloqotni doimo davom ettirish istiqboli bilan yakunlash kerak. Eng oxirgi daqiqalar, yakuniy so‘zlar, qarashlar, qo‘l siqishlar o‘ta muhimdir, ba’zida ular ko‘p vaqt davom etgan suhbat natijasini butunlay o‘zgartirib yuborishi mumkin.
Muloqot tuzilishida uch xil o‘zaro bog‘liq bo‘lgan tomonlar: kommunikativ yoki kommunikatsiyani, interfaol va perseptiv nuqtai nazarlarni ajratib ko‘rsatadilar.
Insonning nutq faoliyati inson ongining barcha qirralari bilan chambarchas bog‘langan. Nutq – inson psixik kamolotining, shaxs sifatida shakllanishining qudratli omilidir. Nutq ta’siri ostida qarashlar, e’tiqodlar, intellektual, ma’naviy va estetik hissiyotlar tarkib topadi, iroda va fe’l-atvor shakllanadi. Nutq yordamida barcha bilishga oid psixik jarayonlar erkin va boshqariladigan tus oladi. SHunday ekan, nutq – bilishga oid psixik jarayon bo‘lib, inson tomonidan talaffuz qilinayotgan va eshitib turilgan tovushlar uyg‘unligidan iborat, ayni vaqtda shu tovushlarga mos yozuv belgilari tizimi orqali ifodalangan ma’no va mazmunga ega.
Til – shartli belgilar tizimi bo‘lib, ularning yordamida odamlar uchun muayyan ma’noga va mazmunga ega bo‘lgan tovushlar yig‘indisi uzatiladi.
Nutqda alohida insonning ruhiyati ifoda topadi. Nutq xususiy jihatdan alohida shaxsga xos bo‘lib, unda alohida olingan insonning psixologiyasi aks etadi, til esa hamma uchun bittadir.
Nutq orqali bildirilgan ishoralar yordamida muayyan predmet, harakat, holat va h.k. ifodalanadi. So‘z esa, predmet yoki hodisa to‘g‘risidagi tasavvur bilan bog‘liq.
Umumlashtirish funksiyasi har bir so‘z umumlashtirish xususiyatiga ega ekanligi bilan bog‘liq, bu esa tafakkurning yuzaga chiqishiga imkon yaratadi. Fikr almashuv, ya’ni muloqot muayyan ma’lumotlarni, fikrlarni, tuyg‘ularni odamlar bir-birlariga etkazib berishdan iborat bo‘lgan jarayondir.
Inson nutqining aniqligi cheklangan miqdordagi nutqiy belgilar – turli murakkablikdagi tarkibiy qismlar (tovushlar, bo‘g‘inlar, so‘zlar va gaplar) yordamida insonning cheksiz-chegarasiz turli-tuman fikrlarini, maqsadlarini va tuyg‘ularini ifodalash imkonini beradi.
Muloqot mazmuni – bu individualliklararo aloqalarda bir tirik jonzotdan ikkinchisiga etkaziladigan axborot. Muloqot mazmuniga tirik mavjudotning ichki motivatsion yoki emotsional holati haqidagi ma’lumotlar kirishi mumkin. Muloqot orqali bir tirik mavjudotdan ikkinchisiga, tirik mavjudotni ma’lum tartibda aloqaga kirishishga yo‘naltiruvchi, ularning emotsional holatlari (mamnunlik, shodlik, g‘azab, qayg‘u, hijron va shu kabilar) haqidagi ma’lumotlar o‘tishi mumkin. Bunday axborot odamdan odamga etkaziladi va shaxslararo aloqalar o‘rnatish vositasi bo‘lib xizmat qiladi.
Biz, ochiq ko‘ngilli va shodlanayotgan odamga qaraganda, g‘azablanayotgan yoki azob chekayotgan odamga nisbatan o‘zimizni boshqacha tutamiz. Bir mavjudotdan boshqasiga etkaziladigan tashqi muhit holati haqidagi ma’lumot, masalan, xavfdan yoki yaqin atrofda ijobiy, biologik muhim omillarning, deylik, ozuqaning mavjudligi haqidagi ogohlantirish muloqot mazmuni bo‘lishi mumkin. Odamda muloqot mazmuni hayvonlarnikiga qaraganda ancha kengroqdir. Odamlar bir-biri bilan dunyo haqidagi bilimlar, orttirilgan tajriba, layoqatlar, malaka va ko‘nikmalarni jamlagan axborot bilan almashadilar. Inson muloqoti ko‘p jismli bo‘lib, ichki mazmuniga ko‘ra turli-tumandir.
Ogʻzaki muloqot soʽzlovchi gapirib turgan lahzadagina mavjud boʻladi, soʽzlash jarayoni tugashi bilan ogʻzaki muloqot ham tugaydi. Lekin muloqot ta’sirida berilgan ma’lumot, axborot tinglovchi ongida uzoq vaqtgacha saqlanishi, uning xulqiga, qalbiga ta’sir etishi tabiiy.
Dostları ilə paylaş: |