Iqtisodiy fan manbalarini avvalo jahon sivilizatsiyasining beshigi bo`lgan qadimgi Sharqdan izlamoq mantiqan to`g`ridir. Iqtisodiy g`oyalarning shakllanishi insoniyatning paydo bo`lishi bilan boshlangan. Ammo, hozirgi paytda qo`lyozmalarda aks ettirilgan g`oyalargina tahlil qilingan. Shu sababli iqtisodiy ta'limotlar tarixi quldorlik jamiyati, aniqrog`i, xususiy mulk paydo bo`lishi bilan boshlanadi, deyish o`rinlidir.
Dastlab quldorlik jamiyati Sharqda sinfiy ajralish boshlangan joylarda, Mesopotamiya (Tigr va Yefrat daryolari oralig`ida) va Misrda eramizdan avvalgi IV ming yillikda yuzaga keladi. Bunga asosiy sabab shuki, bu yerda texnologik inqilob ro`y berdi, metall qurollar ishlatila boshlandi, qishloq xo`jaligida intensiv, ko`p hollarda sug`orma dehqonchilikka o`tildi, shu asosda nisbatan turg`un qo`shimcha mahsulot olish imkoni tug`ilgan. Oqibatda, jamiyatda mehnat taqsimotini rivojlantirishga, ko`pgina hunarmandchilik sohalarining ajralib chiqishiga, sinfiy tabaqalanishga turtki bo`ldi.
Qadimgi Yunonistondagi iqtisodiy ta'limotlar
M.a. II-I ming yilliklar davrida shakllandi. qadimgi Gretsiya (Yunoniston) da ijtimoiy-iqtisodiy hayotning hamma jabhalarida quldorlik bevosita ishlab chiqaruvchilarni ekspluatatsiya qilishning asosiy shakliga aylangan edi.
Ishlab chiqarish asosan quldorlik munosabatlariga asoslanib olib borildi, qul asosiy ishlab chiqaruvchi kuch hisoblangan (Sharq bilan solishtiring). Dastlabki iqtisodiy g`oyalar Gomerning "Iliada" va "Odisseya" poemalarida aks ettirilgan bo`lib, iqtisodiyotning natural xo`jalik konsepsiyasi ilgari surilgan.
Yunon shoiri Gesiod (m.a.VIII-VII asrlar) ning "Mehnat va qonunlar" asarida boylikning kuchi, hokimiyati aks ettirilgan. U dehqonchilikni ulug`laydi, bu sohada qisman qullar mehnati ham ishlatilgan.
U davrda oddiy xalq orasida mehnat ancha qadrlangan. qulchilik ofatining bosib kelayotganligidan xavfsiragan shoir go`yoki ilgari hukm surgan "oltin asr", ijtimoiy jabr va og`ir jismoniy mehnatga ehtiyoj bo`lmagan davrni ham yoritgan.