TEMUR TUZUKLARI
Reja:
Amir Temur markazlashgan davlat asoschisi
"TEMUR TUZUKLARI" - Amir Temurning harbiy va siyosiy faoliyatidan maʼlumot beruvchi tarixiy asar.
Milliy davlatchiligimiz tarixining mumtoz namunasi
TEMUR TUZUKLARI" — Amir Temurning harbiy va siyosiy faoliyatidan maʼlumot beruvchi tarixiy asar. "Tuzuki Temur" va "Tuzukoti Temur" nomlari bilan atalgan. Amir Temurning "Tuzuklar" muallifi ekanligini eʼtirof etadigan olimlar koʻpchilikni tashkil etadi. Bular orasida "Temur tuzuklari"ning inglizcha tarjimonlari va noshirlari Devi va Uaytlar, mashxur turk qomusiy olimi Shamsuddin Somiy, qoʻlyozmalarning yirik tadqiqotchisi N.D. Mikluxo Maklaylar ham bor. Boshqa bir guruh olimlarning fikricha, asar 16—17-asrlarda Hindistonda yozilgan.
Asar 2 qismdan iborat. Birinchi qismda Amir Temurning tarjimai holi, ijtimoiy-siyosiy faoliyati, uning Movarounnahrda markaziy hokimiyatni qoʻlga kiritishi, siyosiy tarqoqlikka barham berishi, markazlashgan davlat tuzishi, 27 mamlakatni, shu jumladan, Eron, Afgʻoniston, Ozarbayjon, Gruziya va Hindistonni oʻz tasarrufiga kiritishi, Oltin O'rda hukmdori Toʻxtamish, turk sultoni Boyazid I Yildirimga qarshi harbiy yurishlari, ulkan saltanatini mustahkamlash uchun turli ijtimoiy tabaqalarga nisbatan qanday munosabatda boʻlganligi buyuk sohibqiron tilidan ixcham tarzda bayon etilgan.
Ikkinchi qism mashhur jahongirning farzandlariga atalgan oʻziga xos vasiyat, pandnasihatlari va oʻgitlaridan iborat. Unda davlatni idora etishda kimlarga tayanish, toju taxt egalarining tutumi va vazifalari, vazir va qoʻshin boshliqlarini tanlash, armiyaning tuzilishi va jang olib borish qoidalari, sipohiylarning maoshi, mamlakatni boshqarish tartibi, davlat arboblari va qoʻshin boshliklarining burch va vazifalari, amirlar, vazirlar va boshqa mansabdorlarning toju taxt oldida koʻrsatgan alohida xizmatlarini taqdirlash yoʻsini va boshqa xususida gap boradi.
Asar Amir Temur davridagi oʻzbek davlatchiligi tarixini oʻrganishda asosiy manba boʻlib xizmat qiladi. "Temur tuzuklari" ("Tuzuki Temuriy")ning fanda qayd etilgan ilk nusxasi eski oʻzbek tilda bitilganligi maʼlum. Bu usmoniy turk hokimlaridan biri — Yaman hokimi Jaʼfar Posho (hukmronlik yillari 1607—12) ning kutubxonasidagi turkiy tilda yozilgan asar bilan bogʻliq. "Tuzuki Temuriy"ning suz boshida keltirilishicha, oʻrtaosiyolik Mir Abu Tolib Husayniy alAriziy atTurbatiy Makkai mukarrama va Madinai munavvaraga haj qilgan vaqtida asarni oʻqishga muyassar boʻlgan va 1610-yil Jaʼfar Poshoning topshirigʻi bilan uni fors tiliga oʻgirgan. Bizgacha ana shu forsiy nusxa tosh bosmalar, zamonaviy nashrlar va qoʻlyozmalar shaklida yetib kelgan. Husayniy Turbatiy forscha tarjimani 1637-yil boburiy hukmdor Shoh Jahonga (1628—57) tortiq qilgan. Shoh Jahon tarjima bilan tanishib chiqib, unda ayrim noanikliklar va kamchiliklar topgan hamda yirik olim, Dekan viloyatining qozikaloni Muhammad Ashraf Buxoriyni (vafoti 1652-yil) huzuriga chaqirtirib, mazkur tarjimani moʻʼtabar asarlar, xususan, Sharafuddin Ali Yazdiyning "Zafarnoma"si va shunga oʻxshash muhim manbalarga solishtirib chiqish va shu yoʻl bilan tarjimadagi xato va kamchiliklarni bartaraf qilishni topshirgan. Muhammad Ashraf Buxoriy koʻrsatmaga koʻra, Mir Abu Tolib alHusayniy atTurbatiy nusxasini diqqat bilan tahrir qilgan. Shu zaylda asarning yangi, toʻldirilgan tahriri vujudga keladi va u "Malfuzoti Temuriy" ("Temurning aytganlari") va "Voqeoti Temuriy" ("Temurning boshidan kechirganlari") nomi bilan taniladi. Keyinchalik undan koʻplab nusxalar koʻchirilgani maʼlum.
Maʼlum boʻladiki, Boburiylar saltanatida "Tuzuki Temuriy" asosida ikkita mustaqil asar vujudga kelgan va ularning keyingi asrlarda tarqalishi bilan bogʻliq oʻziga xos tafsilotlar bor.
"Tuzuki Temuriy" nusxasini dastlab Hindistonda yashagan ingliz zobiti mayor Devi 1779-yilda Angliyaga olib kelgan. Soʻngra arab tili professor ingliz mayori Uaytga uni koʻrib chiqish uchun topshirgan. Uayt "Tuzuki Temuriy" ning forscha matnini nashrga tayyorlagan, mayor Devi esa uni inglizchaga oʻgirgan va koʻrsatkich, izohlar bilan taʼminlagan. Asar matni va inglizcha tarjimasi 1783-yilda Aynan shu nashr dunyo mamlakatlariga keng tarkalgan va "Tuzuki Temur" yoki "Tuzukoti Temur" nomi bilan shuxrat topgan. Oksford nashri keyinchalik hech bir oʻzgarishsiz, jahonning koʻplab shaharlarida, mas., 1785-yil Kalkutta, 1868, 1963 va 1992-yillarda Tehron, 1890-yil Bombeyda chop etilgan. Bu nashrlar koʻplab mamlakatlarga, jumladan, Oʻrta Osiyoga ham tarkalgan.
Uayt va Devi nashr etgan forscha matndan taniqli sharqshunos L. Langlening fransuz tiliga oʻgirgan tarjimasi 1787-yil Parijda nashr qilindi.
1892-yil L. Langlening fransuzcha nashridan N. P. Ostroumov rahbarligida Toshkent gimnaziyasining bir guruh talabalari asarni rus tiliga tarjima qiddilar.
1968 va 1992-yillarda I. M. Moʻminov yozgan qisqa soʻz boshi bilan N. P. Ostroumov nashri chop etildi.
"Temur tuzuklari"ning Devi va Uayt nashri aso’ sida chiqarilgan toshbosma va keyingi nashrlaridan biri asosida Alixontoʻra Soguniy 1967-yil Toshkentda "Tuzuki Temuriy"ni oʻzbek tiliga tarjima qilgan va "Guliston" jurnalida tarjimaning faqat 30 foizi eʼlon etilgan. Asar toʻliq chop etilmaganligining sababi va 1989-yil oʻzbek tiliga qilingan yana bir tarjima xususida akademik B. Ahmedov quyidagicha fikr bildirgan: "...Oʻsha vaqtda jamiyatimizdagi mavjud ahvol, aniqrogʻi rasmiy hokimiyat maʼmurlarining oʻtmish tariximizni oʻrganishga boʻlgan yomon munosabati natijasida Alixontoʻra Sogʻuniy tarjimasi toʻla tarzda bosilib chiqmadi. Yana shuni ham qayd etmoq lozimki, tarjimaning bosilgan qismi baʼzi kamchiliklardan ham xoli emas edi. Unda, mas., ayrim jumlalarning tashlab ketilgani aniklangan, asl matndan chetga chiqish hollari mavjud; kishi nomlari, joʻgʻrofiy atamalarda va istilohlarda gʻalatliklar bor. Muhim tarixiy voqealar, tarixiy shaxslar, joʻgʻrofiy va etnik nomlar, turli atamalar va ularning sharhlari erkin talqin etilgan. 1989-yilda Alixontoʻraning oʻsha nashrini "Tuzuki Temur" ning Bombeyda chop etilgan forscha matniga solishtirgan holda oʻzbek tilida yana bir tarjima amalga oshirildi. Uni oʻzbek sharqshunosi Habibulla Karomatov hozirlab, oldin "Sharq yulduzi" jurnalida (Toshkent, 1989, 8son), soʻngra alohida kitob holida (1991) Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida nashr ettirdi".
Mazkur nashrni tayyorlashda Abu Rayqon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida saklanayotgan 1785-yil Kalkutta, 1868-yil Tehron va 1890-yil Bombey nashrlari A. Sogʻuniy tarjimasi bilan solishtirilgan. Tarjima matni forsiy asliyatdan ancha farqlangani bois Bombey nashri asosida qaytadan oʻzbek tiliga oʻgirilgan va ogʻir qatagʻon davrida oʻzbek xalqiga Amir Temur toʻgʻrisidagi haqiqatni yetkazishga intilgan Alixontoʻra Sogʻuniy nomlari hurmat yuzasidan yangi tarjimada 1oʻringa qoʻyilgan. Bu bilan, 1967-yilda boshlangan xayrli ishni nihoyasiga yetkazib, marhum domlaning ruhi poklarini shod etish maqsadi koʻzlangan.
Asarning "Sharq yulduzi" jurnalida chop etilgan tarjimasi asosida 1991-yil Boku va Olmaotada ham "Temur tuzuklari"ning qozoq va ozarbayjon tillaridagi tarjima kitoblari nashr etildi. 1996-yil asarning yangi tarjimasi qayta oʻzbek tilida chop etildi.
1999-yil sharqshunos Hamidulla Karomatov asarni Bombey nashri asosida 1marta bevosita fors tilidan rus tiliga tarjima qildi.
"Tuzuki Temuriy"ning Subhon Baxshi (Dexli, 1855) va Muhammad Fazl ulHaq (Bombey, 1908) taraflaridan amalga oshirilgan urducha tarjimalari ham mavjud.
"Tuzuki Temuriy" sifatida tanilgan aynan Devi va Uayt nashri dunyoning turli burchaklarida qaytaqayta nashr etilgan va ilmiy doirada ishonchga kirgani bois jahonning koʻplab tillariga tarjima qilingan. "Malfuzoti Temuriy", "Voqeoti Temuriy" va boshqa nomlar bilan tanilgan va koʻpincha adashib "Tuzuki Temuriy"ga nisbat beriladigan asar nusxasining yuzaga kelishi toʻgʻrisida arab olimi Mazhar Shihob "Temur" nomli kitobida "Tuzuki Temur"ning yuqorida eslatilgan ingliz va fransuz tilidagi nashrlarining soʻz boshlarini oʻrganish asosida shunday yozgan: "Va nixryat Amir Temur malfuzotlarining Abu Tolib alHusayniy tomonidan qilingan ushbu tarjimasidan fors tiliga oʻgirilgan boshqa 2 nusxasi (Hindistonda Shoh Jahon koʻrsatmasiga binoan, Muhammad Afzal Buxoriy tomonidan tayyorlangan nusxalar nazarda tutilmoqda) topilgunga qadar bu hol shu zaylda davom etdi". Ulardan 1nusxani Hindistonda xizmatda boʻlgan ingliz zobitlaridan biri Degʻliga moʻgʻul — musulmon sultonlari nabiralarining biridan olishga muvaffaq boʻladi. Shu boisdan ham mazkur nusxa Sultoniy nusxa (nusxai Imperoturiya) nomi bilan ataladi. Malfuzotning ikkinchi nusxasi ham Dexlidan topilib, uni ham ingliz generallaridan biri Britaniyaga olib ketadi. Yangi topilib, 1830-yilda Angliyaga olib keltirilgan ikkala nusxaning qimmatli tomoni shunda ediki, bu ikki nusxa Amir Temurning malfuzotlarini toʻlatoʻkis qamragan bulib, ular Sohibqiron hayotini oxirgi yiligacha hikoya qilardi.
1830-yil Charlz Styuart keyin topilgan yangi ikkinchi nusxa Britaniyaga keltirilgach, tanishib chiqib, bir tarjimaning 2 nusxasi ekanligini aniqladi. Bu tarjima muallifi Hindistonda saltanat yuritgan Temuriy sultonlar davlati hokimlaridan biri boʻlgan Shoh Jahon davrida podshoh saroyida xizmatda boʻlgan mansabdor shaxslardan biri Muhammad Afzal alBuxoriy edi. Mutarjimning yozishicha, ushbu tarjimani u 1670-yilda amalga oshirgan. Muhammad Afzal alBuxoriy oʻz tarjimasining muqaddimasida ishorat qilib ketgan yangi (sultoniy) nusxaga kiritilgan aksar qoʻshimchalar, Sharafuddin Ali Yazdiyning "Zafarnoma" asaridan olinganligiga ishonch hosil qilish mumkin.
Shunday qilib, Muhammad Afzal Buxoriy qayta ishlagan va Sharafuddin Ali Yazdiyning "Zafarnoma"si asosida toʻldirilgan "Malfuzoti Temuriy" deb nomlangan yangi asar vujudga keldi va tarqala boshladi. Hozirda uning nusxalari bir qancha mamlakatlar kutubxonalarida saklanmoqda. Sharq qoʻlyozmalari kataloglarining tuzuvchilaridan baʼzilari ham uni "Tuzuki Temuriy" dan farqli oʻlaroq "Malfuzot" ekanligiga ishora qilganlar. Albatta, nomlanishi "Voqeoti Temuriy", "Tanziymoti Temuriy" va boshqa shakllarda ham uchraydi. Undan tashqari keyingi asrlardagi gohida toʻla, gohida noqis nusxalarida xattotlar tomonidan oʻzboshimchalik bilan kiritilgan koʻplab toʻqimalar, birinchi nusxalarda boʻlmagan voqealar tafsilotlari ham uchraydi. Bundan tashqari, zikr etilgan 2 har xil asarni "Tuzuki Temuriy" va "Tuzukoti Temuriy" nomlari bilan bir muqova ichida koʻchirib yozishgan. Shu bois hatto Yevropada va baʼzi bir sharq mamlakatlarida sharq qoʻlyozmalarining chop etilgan kataloglarida ham shunday chalkashlik koʻzga tashlanadi. Bunday kamchilik "Temur tuzuklari"ning 1991 ya 1996-yil nashrlari soʻz boshida ham bor.
"Malfuzoti Temuriy"dan qator tarjimalar amalga oshirildi. 1830-yil Angliyada Charlz Styuart uni ingliz tiliga oʻgirdi. Unda Amir Temur hayotining 39 yoshigacha boʻlgan voqealar aks ettirilgan.
19 a.da Oʻrta Osiyoda "Malfuzoti Temuriy"ning forsiydan eski oʻzbek tiliga qilingan 3 tarjimasi paydo boʻldi. Sharqshunos Stori katalogida keltirilgan maʼlumotga koʻra, ulardan birini 1836-yil Qoʻqon xoni Muhammad Alixonning buyrugʻiga binoan, Xoʻjand qozisi Nabijon Mahdum Xotif amalga oshirgan. Tarjima fors tilidagi noqis nusxadan qilingan va Amir Temurning 39 yoshgacha voqealari keltirilgan. Hozir bu qoʻlyozma Sankt-Peterburgdagi Sharqshunoslik intida saqlanmoqda.
Boshqasi, Xivada Muhammad Yusuf arRojiy tomonidan 1856—57y.lar "Tuzuki Temuriy" nomi bilan tarjima qilingan va yana biri "Qissai Temur" va "Malfuzot" nomlari bilan maʼlum boʻlgan Pahlavon Niyoz Devon tarafidan 1857—58 yil lar Xivada oʻgirilgan asar. Har ikkala nusxa Sankt-Peterburg shahrida M. Ye. SaltikovShchedrin nomidagi Rossiya davlat milliy kutubxonasida saqlanmoqda.
Nabijon Maxdumning kuplab xatolari bor eski oʻzbek tilidagi tarjimasi asosida rus sharqshunosi N. P. Ostroumov Turkiston generalgubernatori baron A. B. Vrevskiy yordamida "Malfuzot"ning turkiy matnini 1891-yil Toshkentda nashr etdi.
N.P. Ostroumov nashri asosida "Malfuzot" rus sharqshunosi Nil Likoshin tarafidan 1894-yil Toshkentda rus tiliga tarjima qilindi. 1934-yil Moskvada rus olimi V.A. Panov tomonidan Ostroumovning mazkur nashri asosida "Malfuzot"ning yangi tarjimasi nashr etildi.
1992-yil Toshkentda tanikli sharqshunos Ashraf Ahmedov N.P.Ostroumov nashriga tayangan holda Sharafuddin Ali Yazdiy "Zafarnoma"sining tanqidiy matnidan foydalanib, "Malfuzot"ning oʻzbek tilidagi zamonaviylashtirilgan erkin tabdilini amalga oshirdi.
Nihoyat, "Malfuzot"ning Oʻrta Osiyoda amalga oshirilgan eski oʻzbek tilidagi tarjimalari asosida, soʻnggi yillarda, Oʻzbekiston olimlaridan H. Bobobekov, H. Boboyev, A. Quronbekov tomonidan "Tuzuki Temuriy" (ikkinchi qayta nashriga "Zafarnoma" deb nom qoʻyilgan) hamda "Qissai Temur" ("Malfuzoti Temuriy") kitoblari chop etildi. Amir Temur shaxsini idrok etish–tarixni idrok etish demakdir. Amir Temurni anglash–o‘zligimizni anglash demakdir. Amir Temurni ulug‘lash–tarix qa’riga chuqur ildiz otgan tomirlarimizga, madaniyatimizga, qudratimizga asoslanib, buyuk kelajagimizni, ishonchimizni mustahkamlash demakdir.
Bu haqda gapirganda, Amir Temurning davlatchilik va diplomatiya, harbiy mahorat, bunyodkorlik salohiyati, ilmu fan, san’at va me’morchilikka oid qarashlari, hayotning ma’no-mazmuni, insonni ulug‘laydigan ezgu ishlar haqida bildirgan fikrlari, dinu diyonat va adolatni joyiga qo‘yish, saltanat ishlarini kengash va tadbir asosida amalga oshirish, har bir masalada uzoqni ko‘zlab, el manfaatini o‘ylab ish tutish bilan bog‘liq ibratli fazilatlarini alohida ta’kidlash o‘rinlidir. Aynan mana shunday masalalar Sohibqiron tafakkurining mahsuli bo‘lgan "Temur tuzuklari" asarida har tomonlama aniq, ishonarli va ta’sirchan tarzda yoritilgan, desak, haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Bugungi murakkab va tahlikali davrda bu kitobni qayta-qayta mutolaa qilish, uning mag‘zini chaqish birinchi galda rahbar, yetakchi bo‘lishdek mas’uliyatli vazifani o‘z zimmasiga olgan odamlar uchun, qolaversa, har qaysi ziyoli inson uchun bag‘oyat foydali ekani haqida ortiqcha gapirib o‘tirishga hojat yo‘q, deb o‘ylayman.
Ishonchim komilki, yoshlarimiz bu kitobni mehr qo‘yib, tushunib, chuqur anglab o‘qisa, ularning qalbida milliy g‘urur tuyg‘usi yuksaladi, o‘zining qanday buyuk zotlarning avlodi ekanini yanada chuqurroq his etib, hayotning har qanday sinov va qiyinchiliklarini yengishga qodir insonlar bo‘lib voyaga yetadi. Shaxsan men Sohibqiron bobomiz bizga meros qilib qoldirgan "Tuzuklar"ni o‘qisam, xuddiki o‘zimga qandaydir katta ruhiy kuch-quvvat topgandek bo‘laman. Har bir satri bir umr el-yurt, saltanat tashvishi bilan yashagan fidoyi inson, ulkan davlat arbobining keng miqyosdagi o‘y-fikrlari, hayot va kurash tajribasi, mushohadasi, ba’zan esa dardli va iztirobli kechinmalari bilan sug‘orilgan bu asarda qanday teran ma’no mujassam ekanini ma’rifatli, zukko kitobxon yaxshi anglaydi, albatta. Men o‘z ish faoliyatimda bu kitobga takror-takror murojaat qilib, undagi hech qachon eskirmaydigan hayot hikmatlarining qanchalik to‘g‘ri ekaniga ko‘p bor ishonch hosil qilganman. Masalan, "Tajribamda ko‘rilgankim, azmi qat’iy, tadbirkor, hushyor, mard va shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz, loqayd kishidan yaxshirokdir", degan fikrlar bugungi kunda ham naqadar dolzarb ekani barchamizga ayon. Yoki u zotning: "Saltanat ishlarining to‘qqiz ulushini mashvarat, tadbir va kengash, qolgan bir ulushini esa qilich bilan bajo keltirish zarur", degan ko‘rsatmalarida hozirgi notinch zamon uchun, XXI asr siyosatdonlari uchun ham har jihatdan ibratli fikrlar borligini ta’kidlash joiz.
Tarixdan ma'lumki, mamlakatimiz qadimdan alloma-yu mutafakkirlar, olim-u fozillar diyori hisoblanadi. Bu hududdan jahon ilm-fani ravnaqiga o'zining munosib hissasini qo'shgan Abu Nasr Forobiy, Muso al-Xorazmiy, Ahmad Farg'oniy, Abu Ali Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy singari qomusiy allomalar, Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Imom Moturudiy, Burhoniddin Marg'inoniy kabi mutafakkirlar, To'maris, Shiroq, Spitamen, Temur Malik, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Bobur Mirzo kabi mard va jasur sarkardalar yetishib chiqdi.
"O'zbekiston boy qazilma va tabiiy resurslarga, qudratli iqtisodiy va insoniy salohiyatga ega. Biroq bizning eng katta boyligimiz - bu xalqimizning ulkan intellektual va ma'naviy salohiyatidir".
Nafaqat Vatanimiz tarixida, balki dunyo ma'naviy-ma'rifiy hayotida o'chmas iz qoldirgan buyuk alloma va mutafakkirlar, sarkarda-yu qahramonlar bilan har qancha faxrlansak arziydi. Xalqimiz tarixning har qanday murakkab sharoitlarida ham o'zining bunyodkorlik, ma'rifatparvarlik qarashlariga sodiq qoldi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ta'kidlaganlaridek: "Tarix xotirasi, xalqning, jonajon o'lkaning, davlatimiz hududining xolis va haqqoniy tarixini tiklash milliy o'zlikni anglashni, ta'bir joiz bo'lsa, milliy iftixorni tiklash va o'stirish jarayonida g'oyat muhim o'rin tutadi" .
So'nggi yillarda markazlashgan Amir Temur saltanati, uning o'zbek davlatchiligi va madaniyatini rivojlantirishdagi o'rni masalalariga oydinlik kiritilib, tarixchi, sharqshunos olimlarimiz ko'plab birinchi manba ahamiyatidagi asarlarni o'zbek tiliga tarjima qilib, nashr ettirdilar.
Davlatimizning siyosati va xalqimiz xohish-irodasiga asoslangan Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 29-dekabrda "Amir Temur tavalludining 660-yilligini nishonlash to'g'risida"gi qarori, 1995-yil 26-dekabrda esa birinchi Prezidentimizning "1996-yilni Amir Temur yili deb e'lon qilish to'g'risida"gi farmonlari qabul qilindi. 1996-yil martida "Temuriylar tarixi" davlat muzeyini tashkil qilish xususida, "Amir Temur" ordenini ta'sis etish to'g'risida farmonlar qabul qilindi.
YUNESKO qarori asosida Amir Temur tavalludining 660-yilligi butun dunyoda keng nishonlandi. 1996-yil aprelida shu tashkilotning Parijdagi bosh qarorgohida "Temuriylar davrida fan, madaniyat va ta'lim ravnaqi" mavzuida ilmiy konferensiya o'tkazilib, Buyuk davlat arbobining tarixdagi o'rniga yuksak baho berildi [5-5].
"Sohibqiron Amir Temur shaxsi uning ajdodlari bo'lmish faqat bizning emas, balki mintaqamizdagi barcha xalqlarning, butun ma'rifiy insoniyatning boyligidir", degan edi birinchi Prezidentimiz.
Amir Temur haqida fikr bildidar ekan birinchi Prezidentimiz yana shunday deydi: "Tengsiz azmu shijoat, mardlik va donishmandlik ramzi bo'lgan bu mumtoz siymo buyuk saltanat barpo etib, davlatchilik borasida o'zidan ham amaliy, ham nazariy meros qoldirdi, ilmu fan, madaniyat, bunyodkorlik, din va ma'naviyat rivojiga keng yo'l ochdi".
Zero, Amir Temurning bunyodkorlik salohiyatidan nafaqat bizning yurtimiz, balki ko'plab boshqa shaharlar ham bahramand bo'ldilar. Har bir shaharda masjidlar, madrasalar, xonaqohlar qurishni, yo'lovchi musofirlar uchun yo'l ustiga rabotlar bino qilishni, daryolar ustiga ko'priklar qurishni buyurganligi haqida ma'lumotlar mavju.
Jumladan, mo'g'ullar tomonidan vayron qilingan Bag'dod, Darband, Baylaqon kabi shaharlarni qayta tikladi. Shuningdek, Amir Temur tomonidan, Tabrizda masjid, Sherozda saroy, Bag'dodda madrasa, Turkistonda Ahmad Yassaviy qabri ustiga maqbara bunyod ettirgan.
O'rta Osiyo xalqlari, xususan, ajdodlarimizning qonun, davlat va siyosatga jiddiy munosabatda bo'lganliklari zamirida insonni ulug'lash, jamiyatning barcha qatlamlarini adolat bilan chulg'ab, chinakam huquq asoslariga tayanadigan davlat yaratishdan iborat maqsad yotar edi. Shuning uchun ham ajdodlarimizga rahnamo bo'lgan buyuk shaxslar davlatchilik borasidagi siyosiy, huquqiy tartiblarini o'rnatuvchi ko'plab asarlar yaratganlar.
Ular orasida Amir Temurning "Tuzuklari"da ifoda etilgan davlat masalalariga oid yo'l-yo'riqlar, qonunlar, tuzuklar alohida ahamiyatga ega. Buyuk davlat arbobining davlatchilik siyosatida, u yaratgan boshqaruv tizimi hamda davlatchilik an'analari mohiyati zaminida muayyan bir jug'rofiy makon va jamiyatning turli imkoniyatlarini mahalliy xalq manfaatlari yo'lida yuzaga chiqaruvchi chinakam tashkilotchilik yotganini ko'ramiz.
O'zbek davlatchiligi tarixining muhim davri - Temur saltanati markazlashgan davlat edi. Saltanat quruvchisining fikricha, davlat birinchi galda, mamlakatdagi barcha ijtimoiy tabaqalarning manfaatlarini himoya qilishi; maslahat, kengash, tadbirkorlik, qonun-qoidalar va adolat bilan qat'iy tartibda boshqarilishi kerak edi.
Shu bois ham Amir Temurning, 27 davlatni birlashtirgan Markazlashgan ulkan saltanati, tabiiyki, qonunlar to'plamlari asosida yaratilgan va unga qat'iy amal qilish yo'lga qo'yilgan bo'lishi kerak edi. Amir Temur turmush tajribalari asosida ishlab chiqqan va uning hukmi bilan qonun darajasiga ko'tarilgan qoidalar majmui bor ediki, ularni to'plam holiga keltirib, o'zidan keyingi vorislariga ham qonunlar tizimi, ham turmush tajribasi va maslahatlar tarzida qo'llanma qilib qoldirishi lozim edi.
Ana shu to'plam tarixiy asarlarda va turli tildagi tarjimalarga mos holda "Temur tuzuklari", "Tuzukot Temuriy", "Temurning aytganlari" va "Voqeoti Temuriy" -"Temurning boshidan kechirganlari", "Qissai Temur", "Malfuzoti Temuriy", "Temur Qissasi", "Zafar yo'li", "Zafarnoma", "Tarjimai hol", "Esdaliklar", "Tanziymot" (yangi qonun-qoidalar, islohot), turkiy chig'atoy tilidan rus tiliga o'girilganda Malfuzot va Tuzukot o'rniga "Dastur ul amal" nomlari bilan mashhurdir.
O'rta Osiyo xalqlari, xususan, ajdodlarimizning qonun, davlat va siyosatga jiddiy munosabatda bo'lganliklari zamirida insonni ulug'lash, jamiyatning barcha qatlamlarini adolat bilan chulg'ab, chinakam huquq asoslariga tayanadigan davlat yaratishdan iborat maqsad yotar edi. Shuning uchun ham ajdodlarimizga rahnamo bo'lgan buyuk shaxs lar davlatchilik borasidagi siyosiy, huquqiy tartiblarini o'rnatuvchi ko'plab asarlar yaratganlar. Ular orasida Amir Temurning "Tuzuklari"da ifoda etilgan davlat masalalariga oid yo'l-yo'riqlar, qonunlar, tuzuklar alohida ahamiyatga ega. Buyuk davlat arbobining davlatchilik siyosatida, u yaratgan boshqaruv tizimi hamda davlatchilik an'analari mohiyati zaminida muayyan bir jug'rofiy makon va jamiyatning turli imkoniyatlarini mahalliy xalq manfaatlari yo'lida yuzaga chiqaruvchi chinakam tashkilotchilik yotganini ko'ramiz.
Konstitutsiyamizning 18-moddasida "O'zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo'lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar qonun oldida tengdirlar. Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qo'yiladi hamda ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo'lishi shart" deya alohida keltirilgan. "Temur tuzuklari"da esa: "Qaysi mamlakatni zabt etgan bo'lsam, o'sha yerning obro'-e'tiborlik kishilarini aziz tutdim; sayyidlari, ulamolari, fuzalo va mashoyixiga ta'zim bajo keltirdim va hurmatladim; o'sha viloyatlarning ulug'larini og'a-inilarimdek, yoshlari va bolalarini bo'lsa, o'z farzandlarimdek ko'rdim. ...Har mamlakatda adolat eshigini ochdim, zulmu sitam yo'lini to'sdim", deya ta'kidlanadi.
Amir Temur davlatining markaziy va mahalliy boshqaruv organlari tuzilishi, ularning o'zaro bog'liqligi, bir-biriga bo'ysunadigan va bo'ysunmaydigan idoralar, ularning siyosatda muvofiqlashtirilishi, davlat, jamiyat va shaxs manfaatlari uyg'unligining ta'minlanishi, ularning yechimlari masalalari bugun ham o'z ahamiyati va mohiyatini saqlab qolgan.
Sohibqiron davlat ishlarini to'ra va tuzukka asoslanib boshqardi. To'ra va tuzukka tayanib, saltanatda o'z martaba va maqomini mustahkam saqlab turdi. "O'z tajribamda ko'rib bildimki, davlat agar dinu tartib asosida qurilmas, to'ra-tuzukka bog'lanmas ekan, unday saltanatning shukuhi, qudrati va tartibi yo'qoladi", deb uqtiriladi "Temur tuzuklari"da.
Amir Temur davridagi "devon", "vazir", "hokim", "g'aznachi" kabi mansab va unvonlar bugun ham davlat boshqaruv tizimida alohida institutlar sifatida shakllantirilgan. Shuningdek, mamlakatning viloyat va tumanlarga bo'linishi ham tarixiy asoslariga ega. Bugungi qonun chiqaruvchi organ - "Qurultoy" siyosiy institutining taraqqiy etgan va rivojlangan shaklidir.
Mehribonlik, xokisorlik, ochiq yuzlilik, qat'iyat, haqiqatgo'ylik kabi fazilatlar Amir Temur yutuqlarining kalitlaridandir. Ezgulik dushmanni ham do'stga aylantirishi haqida u bunday o'git beradi: "Davlatim va saltanatim quyoshi ko'tarilib kelayotgan vaqtda menga iltijo qilib kelgan yaxshi-yomon odamlar, xoh yaxshilik, xoh yomonlik qilgan bo'lsin, saltanat taxtiga o'tirganimdan keyin ularni xayr-ehsonlarim bilan xijolatga qo'ydim... Adolat bilan ish yuritib, jabr-zulmdan uzoqroq bo'lishga intildim".
Sohibqiron sadoqat, qat'iyat va adolatparvarlik kabi fazilatlarni ulug'lagan. Ikkiyuzlamachilik, munofiqlik kabi razil odatlarga nafrat ko'zi bilan qaragan. "Tuzuklar"da bunday hikoya qilinadi: "Tajribamda ko'rdimki, aqlli dushman johilu nodon do'stdan yaxshiroq ekan. Chunonchi, Amir Qazag'anning nabirasi amir Husayn nodon do'stlardan edi". Amir Husayn Amir Temurning muvaffaqiyatlariga egalik qilish uchun o'zini go'yo do'st qilib ko'rsatadi. Shunday bo'lsa-da, Sohibqiron uni ko'p bora kechirib yuboradi.
Shuningdek, "Tuzuklar"da shunday o'qiymiz: "Sulton har narsada adolatparvar bo'lsin, qoshida insofli, adolatli vazirlar tutsin, toki podshoh zulm qilgudek bo'lsa, odil vazir uning chorasini topsin".
Xalqqa doim mehr-muruvvatli bo'lgan bu zot adolat va haqiqat uchun kurashdi, saltanatni ham ana shu mustahkam asosga qurdi: "... g'arazgo'y, nafsi buzuq kimsalarning tuhmati bilan katta va kichik shaharlar aholisidan hech kimni jazolamasinlar. Faqat (birovning) gunohi to'rt kishining guvohlik berishi bilan isbotlansa, gunohiga yarasha jazolasinlar" [5-138]. Ibn Arabshoh "Temur tarixida taqdir ajoyibotlari" asarida bunday ma'lumotni keltiradi: "U hazil-mazax va yolg'onni yoqtirmas, o'yingayu ko'ngilxushlikka maylsiz, garchi o'ziga ozor yetadigan biron narsa bo'lsa ham, sadoqat unga yoqar edi... Jasoratlilarni, dovyurak va mardlarni yoqtirar edi. U xatosiz fikrlovchi, ajoyib farosatli, mislsiz baxtli, ulug'vorligi o'ziga muvofiq, qat'iy azm bilan so'zlovchi, boshiga kulfat tushganida ham haqni so'zlovchi kishi edi".
Xushmuomalalik, sabr-matonatlilik, odillik kabi sifatlarni o'zida mujassam qilgan Sohibqiron boshqa amaldorlardan ham shunday fazilatlarni talab qilgan. Masalan, vazirlik mansabi beriladigan kishi xushmuomala, tinchliksevar, xalqparvar va aql-farosatli bo'lmog'i kerak edi. Amir Temur hasadchi, gina-kek saqlovchi, qora niyatli, g'iybatchi, zulmkor, razil, xulqi buzuq kishilarni nihoyatda yomon ko'rgan, ul arni hatto navkarlikka ham olmagan. Jamiyatda bir qator islohotlar o'tkazib, ko'pgina buzuq odatlarga barham bergan.
Amir Temur o'zining siyosatini amalga oshirishda, davlatni boshqarishda ulamolar, ilm-fan ahllari va yuqoridagi tabaqalar vakillariga qattiq tayangan. Buni o'zining olim-u ulamolar bilan suhbatlaridan birida so'zlagan nutqidan ham ko'rishimiz mumkin: "Fan va dinning mashhur kishilari o'z maslahatlari bilan podsholarga yordam berib kelganlar. Sizlar esa menga nisbatan bunday qilmayapsizlar. Mening maqsadim mamlakatda adolat o'rnatish, tartib va tinchlikni mustahkamlash, fuqaroning turmushini yaxshilash, yurtimizda qurilishni quchaytirish, davlatimizni rivojlantirishdir".
Amir Temurning mardligi, jasorati ayniqsa, bunyodkorlik salohiyati barcha xalq va millatlar tomonidan tan olingan xislatlaridan biridir. Temur saltaniga elchi sifatida tashrif buyurgan Klavixoning esdaliklari haqida Lyusen Keren shunday yozadi: "Yo'l -yo'lakay ular Amir Temurning vatani bo'lmish Kesh shahrini ziyorat qildilar, uning darvozasi peshtoqiga "Qudratimizga shubha qiladigan bo'lsang, biz qurdirgan binolarga boq" degan mag'rur shior bitilgan "Oqsaroy"ni tomosha qildilar.
Xulosa qilib aytganda, biz boy madaniy merosga ega bo'lgan qadimiy xalqmiz. O'z Vatani tarixini bilish har bir o'sib-unib kelayotga yosh avlod vakili uchun suv va havodek zarur. Tarixiy xotira insonni ona yurt xizmatiga qat'iy bel bog'lash, uning sarhadlarini har qanday yovuz kuchlardan, g'animlardan himoyalash, kerak bo'lsa jon fido qilishga chorlaydi. "Temur tuzuklari"da ham hech qachon eskirmaydigan, inson ma'naviyati uchun bugun ham ma'naviy oziq bo'ladigan hikmatli fikrlarning ahamiyati hech qachon yo'qolmaydi. Ushbu asarda keltirilgan fikrlar, mulohazalar, yosh avlod tarbiyasida, uning ma'naviy qiyofasini shakllantirishda, yoshlarimizni jismoniy jihatdan baquvvat, ma'naviy yetuk, o'z Vatanini ko'z qorachig'iday asraydigan, mard va jasur farzandlar sifatida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekanligini unutmasligimiz zarur. Bugungi mustaqil taraqqiyot yo'limiz ham o'ziga xos buyuk davlatchiligimiz tarixi va an'analari bilan uyg'unlashgandir. Poydevori mustahkam imorat asrlar davomida, ming yillar qad rostlab turadi. Ildizi baquvvat, tarixiy xotirasi boqiy xalq hech qachon, hech kimga qaram bo'lmaydi.
Dostları ilə paylaş: |