Terapevtik kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarda hamshiralik par
Profilaktikasi. Bemorlar dispanser kuzatuvi ostida turishi kerak. Korxonalardagi profilaktoriy-sanatoriylar bu kasallikning profilaktikasida kattagina yordam beradi. Bu yerda bemorlar yaxshi dam oladi, uxlaydi, parhez ovqatlar bilan ta’minlanadi, fizioterapevtik muolajalar o‘tkaziladi. Gipertoniya kasalligini birlamchi va ikkilamchi profilaktikasi ajratiladi.
Birlamchi profilaktikada gipertoniya kasalligini keltirib chiqaruvchi faktorlarga ta’sir qilinadi: osh tuzi miqdorini
59
kamaytirish, kaliy, kalsiyga boy bo‘lgan ovqatlarni qabul qilish. Semizlikda tana vaznini kamaytirish. Kamharakatlilikni oldini olish. Zararli odatlarni yo‘qotish. Ruhiy emotsional zo‘riqishlar ta’sirini kamaytirish. Buyrak, qon-tomir, ichki sekretsiya bezlari kasalliklarini davolash. Jismoniy zo‘riqishlar, bioritmning buzilishini oldini olish.
Ikkilamchi profilaktika gipotenziv dori vositalarini individual dozada qabul qilish va ular yordamida arterial bosimni normada yoki normaga yaqin darajada ushlab turish.
4. Ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarda hamshiralik parvarishi
Ovqat hazm qilish a’zolarining tuzilishi va vazifalari. Ovqat hazm qilish a’zolariga og‘iz bo‘shlig‘i, halqum, qizilo‘ngach, me’da, ingichka ichak, jigar, o‘t pufagi, me’da osti bezi va yo‘g‘on ichak kiradi. Ovqat hazm qilish – bu murakkab jarayon bo‘lib, ovqat mexanik va kimyoviy ishlov berilib, oziq mahsulotlarining so‘rilishi, hazm bo‘lmagan ovqat mahsulotlarini chiqarib yuborish bilan xarakterlanadi. Ovqat og‘iz bo‘shlig‘ida maydalanib, halqum orqali qizilo‘ngachga tushadi. Qizilo‘ngach uzunligi 25 sm ga yetadi. Qizilo‘ngach ichki tomondan shilliq parda, tashqi tomondan seroz parda bilan o‘ralgan muskul naydan iborat. Qizilo‘ngach devorida to‘rtta fiziologik to‘rtlik bo‘lib, unda dag‘al ovqatlar ushlanib qoladi (bo‘yin, ko‘krak, diafragma, kardiyada). Ovqat qizilo‘ngachdan me’daga tushadi.
Me’da qorin bo‘shlig‘ida joylashgan. Me’da yuqoridan va chapdan diafragmaga taqalib turadi. U kardial qism (kardia), me’da gumbazi (tubi), tanasi, pilorik bo‘limdan tashkil topgan. Me’da devori 4 qavatdan: shilliq, shilliq osti, muskul va tashqi seroz qavatdan iborat. Me’daning asosiy funksiyalari sekretor va motor funksiyalaridir. Me’daning shilliq pardasida hazm shirasini ishlab chiqaruvchi millionga yaqin bezlar joylashgan. Me’da shirasi tarkibida pepsin, xlorid kislota va shilimshiq bo‘ladi. Bir kecha-kunduzda bir yoki ikki litr miqdorida me’da shirasi ishlab chiqariladi. Me’da bezlari faoliyatiga nerv impulslari ta’sir qiladi. Asabiy zo‘riqishlar shira ishlab chiqarishni kuchaytiradi. Ovqat me’dada bir necha soat saqlanadi. Me’daning motor funksiyasi muskullarning qisqarishi bilan bajariladi Maydalangan ovqat bo‘lak-bo‘lak bo‘lib o‘n ikki barmoq ichakka o‘tkaziladi.
O‘n ikki barmoq ichakka me’da osti bezidan pankreatin va o‘t pufagidan o‘t suyuqligi kelib tushadi. Me’da osti bezi ishlab chiqargan pankreatin moddasi ovqatni uglevodli qismini, o‘t suyuqligi esa yog‘larning parchalanishiga olib keladi. Ingichka ichakda vorsinkalar (so‘rg‘ichlar) joylashgan bo‘lib, parchalangan ovqat mahsulotlarining qonga so‘rilishini ta’minlaydi. Ingichka ichakda aminokislotalar bilan monosaxaridlar to‘g‘ridan to‘g‘ri qonga so‘riladi, yog‘ kislotalari qopqa vena orqali jigarga, neytral yog‘lar esa limfa yo‘llariga tushadi. Ingichka ichakda vitaminlar ham so‘riladi, ovqatning qonga so‘rilmagan qismi yo‘g‘on ichakka o‘tadi va ichak tayoqchalari yordamida yog‘ kletchatkalariga parchalanib so‘riladi. Qolgan ortiqcha moddalar najas bo‘lib tashqariga chiqib ketadi.