Terapevtik kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarda hamshiralik par
Davolash. Parvarish. Gipertoniya kasalligining1-bosqichida asosan medikamentoz bo‘lmagan davolanish qo‘llaniladi, ya’ni mehnat va dam olish uchun yaxshi sharoit yaratish, davolash gimnastikasi, parhez va boshqalar. Faqat effekt bo‘lmagan holda dori vositalari buyuriladi. 2–3-bosqichlarda davolanishda dori vositalari muhim rol o‘ynaydi.
Gipertoniya kasalligini davolashda quyidagi dori vositalari qo‘llaniladi: diuretiklar, betta-adrenoblokatorlar, alfa-blokatorlar, kalsiy antogonistlari, angiotenzinga aylantiruvchi ferment ingibitori, angiotenzinga aylantiruvchi ferment ingibitori reseptorlarining blokatori.
Gipertoniya kasalligining I-bosqichida asablarga zo‘r keladigan ish, shuningdek tungi mahallarda ishlash kasallarga to‘g‘ri kelmaydi. Organizmni chiniqtirish, ertalab gimnastika qilib turishni tavsiya etish zarur. Chekish va spirtli ichimliklar ichish taqiqlanadi. Parhezning katta ahamiyati bor. Tomirlar tonusi va nerv tizimi kuchayishiga sabab bo‘ladigan ovqat, jumladan sergo‘sht, yog‘li sho‘rvalar, qovurilgan go‘sht, o‘tkir taomlar, achchiq kofe istisno qilinishi kerak. Ovqat ratsionidagi osh tuzi miqdorini cheklab qo‘yish o‘rinlidir, bu arterial bosim pasayishiga yordam beradi. Bemorlarga ovqat kaloriyasini kamaytirish tavsiya etiladi. Bemorlarga I bosqichda sedativ (tinchlantiruvchi) va uyqu yomon bo‘lganda uxlatuvchi dori vositalari buyuriladi.
Gipertoniya kasalligining II–III bosqichida bemorlarni davolashda dori vositalari muhim o‘rin tutadi. Bemorga arterial bosimning turg‘un va uzoq vaqtga kamayib turishi, uning ahvolini va qon-tomir asoratlarini oldini olishi mumkinligini tushuntirish lozim. Bemorga arterial bosimni uy sharoitida o‘lchashni o‘rgatish davolanishni kuzatishda muhim rol o‘ynaydi. Parhezga rioya qilgan holda ovqatlanish lozim.
Gipertonik kriz vaqtida, eng avvalo, bemorga jismoniy va ruhiy tinchlikni ta’minlash kerak (o‘rniga yotqizib, tinch qo‘yish). Xonada ravshan yorug‘lik bo‘lmasligi kerak. Bemor oyoqlariga xantal yoki
isitgichlar qo‘yiladi, boshiga esa sovuq suvga ho‘llangan sochiq qo‘yib turiladi.
Nitroglitserin tabletkasi til ostiga beriladi (nitroglitserin periferik tomirlarni kengaytiradi, arterial bosimni kamaytiradi, yurak sohasidagi og‘riqni qoldiradi). Yoqa sohasiga ham xantal qo‘yish mumkin. Valeriana damlamasi 30 tomchi ichishga beriladi. Sifokor chaqiriladi. Mushak orasiga 20 ml gacha 25% li magniy sulfat eritmasi yoki venaga 1 ml 1% li dibazol eritmasi yuboriladi.
Gipertonik krizda ko‘pincha chakka suyaklarining so‘rg‘ichsimon oziqlariga zuluklar solinadi. Bitta zuluk 10 ml qon so‘radi, zuluk ko‘chib tushgandan so‘ng taxminan 30 ml qon oqadi (u qon o‘zanidan qonni chiqaribgina qolmay, balki qonga maxsus modda – qon ivish jarayonini pasaytiradigan girudin ajratadi). 5–6 ta zuluk solish maqsadga muvofiq. Zuluklar og‘riqni kamaytiradigan, chalg‘ituvchi ta’sirga ega bo‘lib, bosh og‘riganda yaxshi yordam beradi. Hamshira zuluk solish qoidalarini bilishi kerak. Zuluklar dorixonalarda suvli bankada saqlanadi. Zuluk solishdan oldin u qo‘yiladigan joyni iliq suv bilan sovunlab yuviladi. Og‘iz tomoni bilan teriga qo‘yilgan zuluk qonni so‘ra boshlaydi va so‘rib bo‘lgandan so‘ng o‘zi ko‘chib tushib, o‘rniga qonab turadigan kichik jarohat qoladi. Jarohatga steril bog‘lam qo‘yish zarur. Gipertonik kriz og‘ir kechganda pentamin 0,5–1,0 ml 5% li eritmasi muskul orasiga yoki 20 ml izotonik eritma bilan venaga (juda sekinlik bilan 7–10 minut davomida ) yoki benzogeksoniyning 1 ml 2,5% li eritmasidan muskul orasiga buyuriladi. Arterial bosim teztez o‘lchab turiladi, chunki bosim birdaniga tushib ketishi mumkin. Shuning uchun bu dori vositalaridan keyin bemorlar 2 soat davomida yotadilar va har 15–20 minutda arterial bosim o‘lchanadi.