Terapevtik kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarda hamshiralik par
Klinikasi va kechishi.Surunkali gastritning yuza, atrofik, gipertrofik va polipoz turlari ajratiladi (endoskopik tekshiruv bo‘yicha). Me’da sekretor funksiyasining buzilishi bo‘yicha gipoasid, giperasid, anasid va normasid turlari ajratiladi. Kasallik asta-sekin rivojlanish xususiyatiga ega. Surunkali gastritning har qanday turi uchun quyidagi sindromlar xarakterlidir: og‘riq, dispepsik.
Normal va giperasid gastritda bemorlar to‘sh sohasidagi og‘riqqa, og‘riqlarning ovqat yeyilgandan 2–3 soatdan keyin boshlanishiga, ba’zan tungi og‘riqlar ham paydo bo‘lishiga, zarda qaynashiga, achchiq kekirishga, qayt qilishga shikoyat qiladilar. Kasallik to‘lqinsimon rivojlanadi: qo‘zish davrlari jarayoni so‘nish davrlari bilan almashinib turadi.
Gipoasid gastritda to‘sh osti sohasida og‘riq, og‘irlik sezgisi, palag‘da tuxum yoki havo bilan kekirish, ko‘ngil aynishi, og‘izda yoqimsiz ta’m bo‘lishi, nahorga qusish kuzatiladi. Bemor ahvoli unchalik yaxshi bo‘lmaydi, ishtahasi yomonlashadi, mehnat qobiliyati pasayadi. Gastrit monoton (bir xil) kechadi. Kuzatish natijasida bemor ahvolining yomonlashganligi kuzatilmasa-da, ayni vaqtda «tinch» davrlar ham bo‘lmaydi.
Obyektiv tekshiruvda tilning oqimtir karash bilan qoplanganligini, tana vaznining kamayganligini ko‘rishimiz mumkin. Palpatsiyada to‘sh osti sohasida og‘riq qayd qilinadi.
Endoskopik tekshiruvda me’da shilliq qavatida yallig‘lanish, distrofik o‘zgarishlar aniqlanadi va shilliq pardadan biopsiya olib, morfologik o‘zgarishlarni aniqlash mumkin.
Rentgenologik me’da shilliq qavatining burmalarining yo‘g‘onlashishini ko‘rish mumkin.
laborator tekshiruvi: qonning umumiy tahlilida anemiya alo-
matlarini aniqlash mumkin. Gastritda me’da sekretsiyasini aniqlash uchun me’da shirasi olib tekshiriladi.
Davosi. Davo mehnat va turmush tartibini me’yorga keltirish bilan boshlanadi. Har bir bemor uchun shaxsiy davo tadbirlarini shifokor belgilaydi (bemor ahvolining og‘ir-yengilligiga, kasallikning kechishi, uning klinik turlari, me’da sekretsiyasi holatiga binoan). Hammadan oldin kasallikni keltirib chiqargan sababni imkon boricha bartaraf etish zarur. Parhez ovqatlanishning ahamiyati katta. Surunkali gastrit qo‘zigan paytda bemorga dastlabki kunlarda ovqat yeyishga ruxsat etilmaydi. Parhez tayinlashda ko‘pgina omillarni hisobga olish kerak (yosh xusu siyatlari, bemorning odatlari). Surunkali gastritli bemornimg taxminiy taomnomasi organizmning hayot faoliyati uchun kerak barcha ovqatlanish komponentlari (oqsillar, yog‘lar, uglevodlar, mineral tuzlar) ni o‘z ichiga oladi. Kofe, kakao ichmaslik kerak, chunki bu ichimliklar o‘z tarkibida me’da shilliq pardasiga yomon ta’sir qiladigan moddalar saqlaydi. Qalampir, xantal, sirka ratsiondan chiqariladi. Hazm shirasi sekretsiyasi buzilganida ovqat yaxshi hazm bo‘lmaydi, shuning uchun ko‘p ovqat yeyish bemorning hazm apparatiga yomon ta’sir qiladi. Jismoniy va ruhiy zo‘riqishlardan saqlanish zarur. Bemor ovqatni oz-ozdan, kuniga 5–6 marta ma’lum soatlarda yeyishi lozim. Shifokor ko‘rsatmasiga binoan 1a, 1bparhez stoli tayinlanadi.
Me’daning yallig‘langan shilliq pardasiga ta’sir etishda parhezdan tashqari quyidagi dori moddalari ishlatiladi: me’daning sekretor faoliyatini kamaytirish uchun atropine sulfat, vikalin, pentoksil; me’da shirasi ishlab chiqarishni yaxshilash uchun pankreatin, sof me’da shirasi, betasid, asidin-pepsin, xlorid kislota, vitaminlar (B gruppa, C, PP)); ichakda ovqat hazm bo‘lish jarayonini yaxshilash uchun fermentli dori moddalar (panzinorm, mezim), ichak mikroflorasiga ta’sir etuvchi dori moddalar (enteroseptol, meksaform, intestopan).
Sanatoriy-kurortda davolanish ham g‘oyat muhim. «Chinobod», «Toshkent mineral suvlari» kabi davolash maskanlarida va boshqa joylarda davolanish mumkin. Mineral suv kasallik qo‘ziganda ambulatoriya va shifoxonada davolash davrida ham qo‘llaniladi. Ularni kuniga 2–3 marta, ovqatdan oldin 1/2 stakandan ilitilgan holda ichiladi. Surunkali gastritda ular hazm bezlari faoliyatini yaxshilaydi, me’daning sekretor va motor faoliyatini me’yorga soladi, me’dada yig‘ilib qolgan shilimshiqning erib ketishiga va haydalishiga yordam beradi. Davolash, odatda, kam minerallangan suvlardan boshlanadi, asta-sekin ko‘proq minerallangan suvlarga o‘tiladi. Sekretsiya ajralishi va me’da suyuqligi kislotaliligi oshgan gastritda, odatda borjom, sekretsiyasi pasaygan gast ritda Yesentuki N 17 tayinlanadi.
Fizioterapevtik muolajalar surunkali gastritning qo‘zish davrida keng qo‘llaniladi. Dori elektroforezi, balchiqli applikatsiyalar, ultratovush bilan davolash va boshqalar tayinlanadi.