Terapevtik kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarda hamshiralik par
5.3. Xoletsistit kasalligi bilan og‘rigan bemorlarda hamshiralik parvarishi Xoletsistit – o‘t pufagining yallig‘lanishi. etiologiyasi. Xole t sistitning kelib chiqishida infeksiyaga, gijja invaziyasiga, o‘t pufagiga me’da osti bezi shirasi tushib qolganida uning ko‘rsatadigan ta’siriga asosiy o‘rin beriladi. Lyambliyalar, garchi o‘t pufagi devorida yallig‘lanish hodisalarini keltirib chiqarmasa-da, o‘t pufagining hara kat funksiyasi buzilishiga olib keladi va shu bilan yallig‘lanish boshlanishiga yo‘l ochadi. Infeksiya enterogen (ichakdan), gematogen va limfogen yo‘llar bilan o‘tadi. Infeksiya bo‘lishi xoletsistit avj olishi uchun hali kifoya qilmaydi, o‘t dimlanib qolgan bo‘lishi ham kerak. O‘t pufagida toshlar bo‘lishi, homiladorlik, semizlik, ich qotib yurishi va boshqa omillar o‘t dimlanib qolishini osonlashtiradi. simptomatikasi. Klinik jihatdan o‘tishiga qarab xoletsistitlar o‘tkir va surunkali xillarga bo‘linadi. O‘tkir xoletsistit to‘satdan boshlanadi. Tipik hollarda o‘ng qovurg‘alar ostida qattiq og‘riqlar boshlanib, o‘ng yelka, o‘mrovga, ba’zan belga o‘tib turadi. Og‘riqlar o‘tkir, chidab bo‘lmas darajada bo‘ladi, ko‘pincha narkotiklar ta’siri bilangina bosiladi. Qorin dam bo‘lib, devori tarang tortib turadi. Jigar kattalashadi, palpatsiya qilib ko‘rilganda bezillab turadi. Sariqlik kamdan kam ko‘riladi. Tana temperaturasi 40° gacha ko‘tariladi. Bemorning umumiy ahvoli ancha o‘zgarib, ishtahasi yo‘qoladi, chanqayveradi, boshi og‘riydi, og‘zi qurib turadi.
O‘tkir xoletsistitning yiringli va gangrenoz formalarida, umuman zaharlanish (intoksikatsiya) belgilari, ayniqsa, ifodalangan bo‘ladi. Qonda chapga surilgan neytrofil leykotsitoz topiladi. Protsessning o‘tishiga qarab o‘tkir xoletsistit bir necha kundan bir necha oygacha cho‘ziladi. Kataral xoletsistit ahyon-ahyonda asoratlar bilan birga davom etadi. Flegmonoz xoletsistit ko‘pincha o‘t pufagi empiyemasiga olib boradi; o‘t pufagi kattalashib ketadi va palpatsiya qilib ko‘rilganida juda bezillab turadi.
O‘tkir xoletsistit tufayli o‘t pufagi istisqosi, xolangit, perixoletsistit, diafragma osti abssessi, tashqi va ichki teshik yaralar paydo bo‘lishi mumkin. Gangrenoz va yiringli xoletsistitning eng dahshatli asorati o‘t pufagining teshilib ketishidir. Bu holda bemorlarning ahvoli birdan juda yomonlashib, qorinda nihoyatda qattiq og‘riqlar paydo bo‘ladi, badan terisi oppoq oqarib, a’zoyi badanni muzdek ter bosadi. Arterial bosim pasayib, puls ipsimon bo‘lib qoladi. O‘t pufagi erkin qorin bo‘shlig‘iga yorilganida va tarqoq peritonit paydo bo‘lganida qorinning birdan qattiq zarar ko‘rishi va shokka xos manzara hammadan ko‘ra ko‘proq ifodalangan bo‘ladi. Bitishmalar bo‘lgan mahallarda cheklangan peritonit yuzaga kelishi mumkin, bu holda simptomlar sustroq ifodalangan bo‘ladi.