Tuxumdonning xavfsiz o‘smalari. Tuxumdon o‘smalari ayolning turli yosh davrlarida uchrab ginekologik kasalliklarning 6–8 %ni tashkil etadi. Bu kasallik juda xavfli, chunki asta-sekin o‘sib, hech qanday belgi bermaydi. Asoratlar qo‘shilgandan keyin belgilar paydo bo‘ladi, afsuski bu paytda davolashning foydasi bo‘lmaydi. Ko‘pincha tuxumdon o‘smalari 20 dan 40 yoshgacha uchraydi, 20– 25% hollarda xavfli o‘smalarga aylanadi.
Tasnifi. Tuxumdonning chin o‘smasi – «kistoma», retentsion yoki shishsimon o‘smalari – «kista» deb yuritiladi. Retentsion kistalar sekret tutilib qolishi bo‘lib, bu o‘smasimon kistalar bezlarining ishlab chiqargan sekretlari to‘planib qolishi natijasida paydo bo‘ladi va kistalarning 34% ini tashkil etadi. Follikulyar kista (75%), sariq tana kistasi (5%), tuboovarial, paraovarial, intraligamentar kistalar (10%)ni tashkil etadi. Tuxumdonda endometrioz kistalar ham uchraydi. Follikulyar kistalar ko‘pincha mioma bo‘lganda, lyutein
12-rasm. Tuxumdon kistomasi oyoqchalarining buralib qolishi. kistalar esa elbo‘g‘oz va xorionepiteliomada uchraydi. Follikulalar yorilmay qolib, sariq so‘nmasdan rivojlanadi. ya’ni hayz siklining izdan chiqishi kuzatiladi. Bu kistalar yumaloq shaklli, diametri 6–8 sm dan oshmaydi va ko‘pincha klinik belgilarsiz kechadi. Kistalar oyoqchalari buralishi tufayli kamdan kam hollarda o‘tkir qorin belgilari kuzatiladi. Retension kistalar odatda konservativ usulda davolanadi (yallig‘lanish jarayoniga qarshi preparatlar, immunokorrektorlar).
Blastomatoz kistomalar chin o‘smalar bo‘lib, tuxumdon o‘smalarning 66% ini tashkil qiladi. To‘qimalar proliferatsiyasi, bo‘shliqlarning suyuqlik bilan to‘lishi tufayli o‘smalar o‘sishi kuzatiladi. Turli-tuman to‘qimalardan o‘sishi bo‘yicha – epitelial, biriktiruvchi to‘qimadan tuzilgan, teratoid va gormonal tuxumdon o‘smalariga bo‘linadi. Chin o‘smalar, o‘z navbatida, xavfsiz va xavfli o‘smalarga bo‘linadi. Xavfsiz o‘smalar tuxumdon tashqarisiga chiqmay o‘sib boradi. Oddiy seroz kistomalar eng ko‘p uchraydigan tuxumdon o‘smalaridan biri hisoblanadi. Uning hajmi 8 sm dan 30–40 sm gacha kattalashishi, hatto butun qorin bo‘shlig‘ini egallashi mumkin. Kistoma odatda bir kamerali, po‘stlog‘i yupqa, tekis, shar shaklida, elastik konsistensiyali bo‘ladi. Uning bo‘shlig‘ida seroz suyuqligi yig‘iladi. O‘sma ko‘pincha bir tomonda – chap yoki o‘ng tomonda joylashadi va qorin ichida harakatchan bo‘ladi, chunki uning tuxumdon boylamlari va bachadon naylaridan iborat anatomik «oyoqchasi» bor. Kistoma o‘sgan sari bu boylamlar cho‘ziladi, bir-biriga yaqinlashib o‘smaning oyoqchasini paydo qiladi. Ayol yumush qilganda, egilganda, yonboshi bilan yotganda o‘sma chapdan o‘ngga yoki o‘ngdan chapga siljib turadi va ko‘pincha 180–360 gradusga aylanib qolishi mumkin. Bemor bunda qorin pastida bexosdan qattiq og‘riq sezadi, ko‘ngil aynishi, qayt qilishi mumkin, tomir urishi tezlashib, qorin pastida ShyotkinBlyumberg belgisi paydo bo‘ladi. Bu holat «o‘tkir qorin» deb aytiladi. Bunday holda bemor tezda ginekologiya bo‘limiga yotqizilib, darhol operatsiya qilinishi kerak. Tuxumdon fibromasi shu a’zoning biriktiruvchi to‘qimasidan kelib chiqqan o‘sma deb qabul qilingan. Tuxumdon fibromasi kam (7–5%), ko‘pincha bachadon miomasi bilan birga uchraydi.
Teratomalarning eng tipik shakllari dermoidlardir. Dermoidlar xavfsiz o‘smalardan bo‘lib, jami tuxumdon o‘smalarining taxminan 10% ni tashkil etadi. Ularning tuzilishida, odatda, uchala embrional qavat qatnashadi. Dermoidlar sharsimon silliq o‘smalardan iborat bo‘lib, sekin o‘sadi, harakati chegaralangan va ko‘pincha bachadon bilan qovuq o‘rtasidagi bo‘shliqdan joy oladi. Dermoid kista kesilganda suyuqlik to‘la xaltachaga o‘xshaydi. Bu suyuqlik, uy haroratida qotib yog‘simon massa hosil qiladi. Ko‘pincha yog‘simon massa tarkibida inson embrional taraqqiyotining birlamchi davridagi elementlar – soch, tish, tirnoq va shunga o‘xshash elementlar topiladi.