Eski turkiy til terminologiyasidagi o‘z va o‘zlashma qatlam, tub va derivativ terminlar.
O‘zbek terminologiyasi tizimida tub terminlar singari derivativ terminlarning ham roli salmoqlidir. Tub terminlar o‘zbek terminologiyasining barcha shakllanish va rivojlanish bosqichlarida ko‘zga tashlanadi. Xususan: el, yurt, yoy, o‘q, to‘p, to‘ra, tamg‘a, til, qin, boy, kung “joriya, kanizak”, qul, yov, qorin, jag‘, o‘pka, ko‘z, oy, kun kabi tub terminlar deyarli barcha terminologik sistemalar uchun xosdir. Yasama terminlar, shubhasiz, o‘zbek terminlogiyasining ulkan qismini tashkil etadi. Yasama terminlar morfologik, sintaktik va semantik yo‘l bilan hosil qilinishi jihatidan umumleksikadan farqlanmaydi. Affiksatsiya termin yasashning eng mahsuldor usuli bo‘lib, bu usul o‘zbek terminlogiyasi qaror topishining biz bilgan yuqoridagi bosqichlarida yetakchilik qilgan. So‘z yasalishi o‘zbek tilshunosligida chuqur va atroflicha tadqiq etilgan masalalardan hisoblanadi. Mazkur muammoga oid bir qancha dissertatsiyalar himoya qilingan, talaygina monografiya hamdamaqolalar chop etilgan. Termin yasalishi ham o‘zbek tilshunoslari diqqat markazidan o‘rin olgan sohalardan sanaladi. Termin yasalishida morfologik, sintaktik hamda semantik usullar o‘ta mahsuldor va faol bo‘lib, bularning ko‘magida terminologik tarkib muttasil boyib, taraqqiy etmoqda.
21. Qoraxoniylar davri yozma manbalari leksikasidagi terminlar tizimi. Qoraxoniylar hukmronligi davrida fotih arablar hamda salkam yuz yil taxt tepasida turgan somoniylar vaqtida qaddi dol holatiga tushib qolgan turkiy tilning qomati ma’lum darajada rostlandi, unda bir qator badiiy, didaktik, diniy, tarixiy asarlar yaratildi. Bizning kunimizga yetib kelgan obidalar matnidan eski turkiy til so‘z boyligining o‘ta rang-barang, miqdor jihatdan salmoqli, asosan, o‘z qatlamdan iborat bo‘lganligini ilg‘ash qiyinchilik tug‘dirmaydi. Ayni chog‘da eski turkiy til so‘z boyligining rivojlanishda arab, fors-tojik tillarining ham sezilarli ta’siri bo‘lganligini inkor etish mumkin emas, albatta. Eski turkiy til leksikasining o‘ziga xos jihatlari o‘sha davrlarda tuzilgan leksikografik manbalarda ravshan aksini topgan. Boy madaniy merosga ega bo‘lgan turkiy xalqlar, jumladan, o‘zbek xalqining tarixida Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asari alohidaahamiyatga molik. “Devon” o‘z davridagi turkiy qabilalarning so‘z boyligi, lug‘atini izohlashga, so‘zlarning ma’no va ma’no nozikliklarini ochib berishga, turli qabila tillari o‘rtasidagi xarakterli fonetik va morfologik farqlarni ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Eski turkiy va eski o‘zbek adabiy tili so‘z boyligini o‘zida mujassam etgan leksigrafik manbalar sirasiga avvalgi mavzuda ta’kidlaganidek, arab tilida yaratilgan bir qator risolalarni kiritish o‘zini oqlaydi. Zotan, “Kitob ulidrok”, “Tarjumon”, “At-tuhfa”, “Kitob–ul-bulg‘ot”, “Al-qavonin” singari filologik risolalar asosan turk tilini o‘rgatish uchun mo‘ljallangan qo‘llanma vazifasini o‘tagan bo‘lsa-da, biroq bu asarlarda turkiy tillarning so‘z boyligi, ularning strukturasi, tematik guruhlariga oid qimmatli ma’lumotlar aksini topgan.