5. Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar.
Har qanday hokimiyat, jumladan, demokratik jamiyatlardagi davlat hokimiyati ham hech bir muammolarsiz faoliyat ko‘rsatmaydi. Shu bois, davlat hokimiyatining barcha organlari samarali tashkil etilishining murakkab jihatlari-yu jamiyatdagi mavjud yutuq va dolzarb muammolarni teran tahlil qilish asosida ishlab chiqilgan, bevosita inson huquqlari va erkinliklarini muhofaza etishga qaratilgan — Konstitutsiya, konstitutsiyaviy qonun, joriy qonun, farmon va boshqa huquqiy aktlar ko‘rinishidagi davlat siyosatigina uning xalqchilligi, qonuniyligi va uzoq muddat barqaror rivojlanishini ta’minlay oladi.
Harakatlar strategiyasining “Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish” deb nomlangan beshinchi yo‘nalishi doirasida davlatimiz mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, yon-atrofda xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish, mamlakatimizning xalqaro nufuzini mustahkamlashga oid muhim vazifalarni amalga oshirish nazarda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli sub’ektidir. Uning tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik prinsiplari va xalqaro huquqning umume’tirof etgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanadi.
O‘tgan davr ichida mamlakatimizda qabul qilingan Milliy xavfsizlik konsepsiyasiga asoslanib, Markaziy Osiyo mintaqasida tez sur’atlar bilan o‘zgarib borayotgan ijtimoiy-siyosiy vaziyatni hisobga olgan holda, yuzaga kelayotgan tahdid va xatarlarning har tomonlama chuqur tahlili va Qurolli Kuchlarni barpo etishning mutlaqo yangi prinsiplari negizida armiyamizni isloh qilish bo‘yicha uzoq muddatga mo‘ljallangan Dastur ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda. Ushbu Dasturga muvofiq, chegaraviy mintaqalar, harbiy okruglar tuzildi. Mudofaa vazirligining qism va bo‘linmalarini, chegara qo‘shinlarini, shuningdek, boshqa vazirlik va idoralarning harbiy tuzilmalarini yagona, kuchli tizimga birlashtirgan Qurolli Kuchlarning tarkibi va joylashuvi qayta ko‘rib chiqildi, ularning o‘zaro uyg‘un harakatini ta’minlaydigan va muvofiqlashtiradigan yaxlit tizim shakllantirildi. Ammo hayot bir joyda to‘xtab turmaydi. Shu bois, Harakatlar strategiyasida zamonaviy tahdidlarni chuqur tahlil qilgan holda mazkur yo‘nalishdagi huquqiy asoslarni takomillashtirish vazifasi kun tartibiga qo‘yilmoqda.
Mazkur yo‘nalish doirasida mamlakatimiz konstitutsiyaviy tuzumini, suverenitetini, hududiy yaxlitligini himoya qilishga doir chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarish, kiberxavfsizlik sohasida axborot, normativ-huquqiy asoslar tizimini takomillashtirish, aholini favqulodda vaziyatlardan xabardor qilish tizimini tashkil etish va rivojlantirish, Orol fojiasining oqibatlarini yumshatish, shuningdek, Millatlararo munosabatlar sohasidagi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari konsepsiyasini hamda Diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini ishlab chiqish nazarda tutilmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 25 yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga bayram tabrigida hozirgi vaqtda jahonda va mintaqamizda harbiy-siyosiy vaziyat keskin o‘zgarib, milliy va global xavfsizlik sohasida xatar va tahdidlar tobora kuchayib borayotgan sharoitda bu borada erishgan barcha yutuqlarimizni, shu bilan birga, yo‘l qo‘ygan kamchiliklarimizni chuqur va tanqidiy tahlil qilish asosida milliy armiyamizni yanada rivojlantirish va takomillashtirish borasida belgilab berilgan aniq vazifalarni amalga oshirish masalasiga alohida ahamiyat qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 126-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari O‘zbekiston Respublikasining davlat suverenitetini va hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilish uchun tuziladi.
O‘zbekiston Respublikasining «Mudofaa to‘g‘risida» gi qonunida (yangi tahriri) O‘zbekistonda mudofaani tashkil etishning hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini boshqarishning huquqiy asoslari belgilab berilgan. Qurolli Kuchlar o‘z faoliyatini qonun ustunligi, markazlashgan rahbarlik va yakkaboshchilik, jangovar va safarbarlik borasida doimiy shaylik hamda harbiy intizomga rioya etish asosida quradi va amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari qurilishining tashkiliy tizimini yanada takomillashtirish, qo‘shinlarni tayyorlash borasidagi tadbirlarni rejalashtirishga oid yangicha yondashuvni ishlab chiqish, barcha bo‘g‘indagi professional harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, qo‘shinlarni zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan qayta ta’minlash, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha uzluksiz ishlarni davom ettirish shular jumlasidandir.
Davlat dasturining ushbu beshinchi yo‘nalishida mamlakat mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlash, Qurolli Kuchlar harbiy qudrati va harbiy tayyorgarlik darajasini oshirishga qaratilgan Kompleks chora-tadbirlar dasturini qabul qilish belgilangan bo‘lib, unda:
Mamlakat harbiy xavfsizligini, Qurolli Kuchlar jangovar tayyorgarligi va jangovar qobiliyati holatini, kadrlar tayyorlash tizimini, harbiy xizmatchilarni har tomonlama ta’minlash sohasidagi konseptual hujjatlarni tahlil qilish; yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Milliy xavfsizlik konsepsiyasi va Mudofaa doktrinasi loyihalarini tayyorlash; xizmatni o‘tash tartibini takomillashtirishni, qo‘shinlar ta’minotini, uy-joy va tibbiy ta’minot masalalarini nazarda tutuvchi “Harbiy xizmatni, ichki ishlar organlarida, bojxona organlarida xizmatni o‘tagan shaxslarning hamda ular oila a’zolarining pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun va boshqa qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish nazarda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini mamlakat hududiy daxlsizligini ta’minlash uchun eng zarur bo‘lgan zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika turlari bilan jihozlashning aniq chora-tadbirlar majmuini nazarda tutuvchi alohida dastur qabul qilish ham belgilangan.
Shu bilan birga, Harakatlar strategiyasining beshinchi yo‘nalishida xorijiy hamkorlar bilan siyosiy-diplomatik sohadagi hamkorlikni rivojlantirishga doir “Yo‘l xaritalari” ni ishlab chiqish, O‘zbekistonning xorijiy hamkorlar bilan 2017 yilga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik va moliyaviy-texnik hamkorligini tubdan rivojlantirish va kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Mamlakat Tashqi ishlar vazirligining faoliyatini yanada takomillashtirish, jumladan, mamlakatga investitsiyalarni jalb etish va uning eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha vazifalarini kuchaytirish, O‘zbekistonning chet eldagi muassasalari faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish, xorijiy mamlakatlar bilan hukumatlararo aloqalarning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida «O‘zbekiston Respublikasi diplomatik xizmati to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasininng xalqaro shartnomalari to‘g‘risida»gi (yangi tahriri) qonunlarni, O‘zbekiston Respublikasi konsullik ustavini (yangi tahriri), shuningdek, «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi to‘g‘risida»gi yangi tahrirdagi nizomni qabul qilish nazarda tutilgan.
Prezidentimiz Sh. Mirziyoyev tomonidan ishlab chiqilgan ulkan siyosiy-huquqiy ahamiyatga ega bo‘lgan “Harakatlar strategiyasi” O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lida xalqimiz amalga oshirayotgan islohotlarning sifat jihatidan – yangi va jo‘shqin, ko‘lam jihatidan – keng va qamrovdor, xalqimiz manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha yuksak natijadorligi nuqtai nazaridan esa beqiyos darajada barakali bosqichini boshlab berdi. Bu strategik hujjat yurtimizda yuz berayotgan o‘zgarishlarga tamomila yangicha nigoh bilan qarash, erishilgan muvaffaqiyatlarni yanada chuqurroq anglab yetishning o‘ziga xos yuksak mezoni, demakdir.
Harakatlar strategiyasining amalga oshirilishi mamlakatimizda islohotlar samaradorligini tubdan oshirish, davlat va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlanishini ta’minlash, hayotimizning barcha sohalarini erkinlashtirish, rivojlangan bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, qonun ustuvorligini, xavfsizlik va huquq-tartibotni, davlat chegaralarining daxlsizligini, jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, ona diyorimizning eng rivojlangan davlatlar qatoridan mustahkam o‘rin olishiga xizmat qiladi
O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini muhofaza qilish; axborot xavfsizligini ta’minlash va axborotni himoya qilish tizimini takomillashtirish, axborot sohasidagi tahdidlarga o‘z vaqtida va munosib qarshilik ko‘rsatish; fuqarolik, millatlararo va konfessiyalararo tinchlik hamda totuvlikni mustahkamlash; davlatning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining jangovar qudrati va salohiyatini oshirish; atrof-tabiiy muhit, aholi salomatligi va genofondiga ziyon yetkazadigan ekologik muammolarni oldini olish; favqulodda vaziyatlarni oldini olish va bartaraf etish tizimini takomillashtirish.
Davlat mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, mamlakatning xalqaro munosabatlarning teng huquqli sub’ekti sifatidagi o‘rni va rolini oshirish, rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish, O‘zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirishdir.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro nufuzini mustahkamlash, mamlakatda olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risida jahon hamjamiyatiga xolis axborot yetkazishdir. O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatining normativ-huquqiy bazasini hamda xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini takomillashtiridir.
Dostları ilə paylaş: |