2. Demokratik jamiyatini shakllantirishda siyosiy partiyalarning o‘rni
Huquqiy-demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirishning asosiy prinsiplaridan eng muhimi davlat hokimiyati organlarining umumxalq saylovlari asosida shakllantirilishi hamda fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarida bevosita, yoki o‘zlari tomonidan saylab qo‘yilgan vakillari orqali ishtirok etishi hisoblanadi. Bunda eng avvalo, jamiyat bilan davlat o‘rtasida o‘ziga xos “ko‘prik” vazifasini o‘tovchi va fuqarolik jamiyatining eng muhim institutlaridan biri bo‘lgan – siyosiy partiyalar asosiy rol o‘ynaydi.
Siyosiy partiya – bu qarashlar, manfaatlar va maqsadlar mushtarakligi asosida tuzilgan, davlat hokimiyati organlarini shakllantirishda jamiyat muayyan qismining siyosiy irodasini ro‘yobga chiqarishga intiluvchi hamda o‘z vakillari orqali davlat va jamoat ishlarini idora etishda qatnashuvchi fuqarolarning ko‘ngilli birlashmasidir.[1] Siyosiy partiyalar turli tabaqa va guruhlarning siyosiy irodasini ifodalaydilar va o‘zlarining demokratik yo‘l bilan saylab qo‘yilgan vakillari orqali davlat hokimiyatini tuzishda ishtirok etadilar.
Ekspertlarning fikriga ko‘ra, siyosiy partiya – bu siyosiy ambitsiyaga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan tuzilgan va boshqariladigan hamda umumiy mafkura asosida birlashgan tarmoqdir (networks)[3]. Siyosiy partiyalar eng avvalo, o‘z elektorati manfaatlaridan, siyosiy mafkurasi va pozitsiyasidan kelib chiqib, siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonlariga yetarlicha ta’sir o‘tkazishlari hamda o‘zining vakillari orqali davlatning markaziy va mahalliy ijroiya organlari ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda qatnashishlari lozim.
Dunyo siyosiy tarixidan ayonki, zamonaviy tipdagi siyosiy partiyalar aynan g‘arbda, demokratik boshqaruv tizimiga o‘tgan mamlakatlarda shakllangan. Ularning asosiy vazifalari sifatida davlat boshqaruvida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatini ta’minlash; o‘z elektorati hamda butun jamiyat manfaatlarini ilgari surish; davlat va jamiyat taraqqiyotiga qaratilgan muqobil loyiha (dastur)lar ishlab chiqish kabi ko‘plab funksiyalarni bajarib keladi.
Nemis siyosatshunosi Klaus fon Beyme siyosiy partiyalarning ustuvor funksiyalari sifatida quyidagilarni e’tirof etadi: o‘z maqsadini aniqlash, mafkurasini ishlab chiqish, harakat dasturi va yo‘nalishini belgilash; jamoatchilik manfaatlarini birlashtirish va ilgari surish; fuqarolarni sotsializatsiya va mobilizatsiyasini tashkillashtirish; mamlakat boshqaruv elitasi va hukumat tarkibini shakllantirish.
Aynan shuning uchun ham siyosiy partiyalar ijtimoiy taraqqiyotning turli yo‘llari va strategiyalarini ishlab chiqish orqali sotsiumning integratsiyalashuvini ta’minlab beradi. Agarda g‘arb va sharq davlatlarida siyosiy partiyalarning shakllanishi, rivoji va umuman jamiyat siyosiy tafakkurini qiyosiy tahlil qiladigan bo‘lsak, bir qancha farqli jihatlarga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Bu eng avvalo, o‘sha jamiyat turmush-tarzi, demokratik qadriyatlarga munosabati, mentaliteti, borin-ki, siyosiy tafakkuriga bog‘liqdir. Mazkur jarayon eng avvalo saylov jarayonlarida ko‘zga yoqqol tashlanadi.
Yuqoridagi jadvaldan ham ko‘rinib turibdiki, rivojlangan g‘arb mamlakatlari siyosiy tizimi va saylovoldi kampaniyalarida eng avvalo siyosiy mafkura ustuvorlik qiladi. Ya’ni, partiyaning g‘oyasi, mafkurasi, jamiyat va davlatni yangilash bo‘yicha o‘ziga xos dasturiga katta ahamiyat beriladi. Elektorat ham eng avvalo muqobil dasturlar uchun ovoz beradi. Shuning uchun ko‘pchilik g‘arb davlatlarida proporsional saylov tizimi amal qiladi. Keyingi pozitsiyalarda esa, siyosiy partiya va nomzodning shaxsiy jihatlariga e’tibor qaratiladi.
Aksariyat sharq davlatlari saylov jarayonida esa shaxsning o‘rni hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Nomzodning kimligi, uning ijtimoiy hayotda tutgan o‘rni, mavqei, kerak bo‘lsa xarizmasi saylovchilarni qiziqtiradigan eng birlamchi omillardandir. Mazkur holatda esa, siyosiy mafkura oxirgi pog‘onadan joy oladi. Buni eng avvalo sharq jamiyatlarida paternalistik tafakkurning utuvorligi bilan izohlashimiz mumkin.
Aynan saylovoldi jarayonlari, siyosiy partiyalarning parlamentdagi ishtiroki va ularning doimiy faoliyatidagi raqobati shu indikatorlarga asoslanadi. Siyosiy jarayonlar sub’ekti hisoblangan elektorat, siyosiy partiyalar, davlat va fuqarolik jamiyati institutlari ham mazkur tizim asosida shakllangan va faoliyat olib boradi. Mazkur qiyosiy tahlildan ko‘rinib turibdiki, g‘arb bilan sharq jamiyatlari siyosiy tafakkurida, ijtimoiy-siyosiy tizimida tafovutlar juda ham ko‘p. Bularni ilmiy jihatdan o‘rganish va tahlil qilib borish dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.
Shu o‘rinda, rivojlangan demokratik mamlakatlarda keng tarqalgan muhim institut – siyosiy diskursga ham e’tibor qaratib o‘tish lozim. Aynan jamiyatda bugungi kun uchun dolzarb bo‘lib turgan ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy muammolarni (masalalarni) muhokama qilishda partiyalar o‘rtasida doimiy ravishda olib boriladigan siyosiy diskurslarning ahamiyati katta. Siyosiy diskurs – bu eng avvalo siyosiy partiyalar (shu jumladan fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari) o‘rtasida kommunikativ muloqotni tashkil qilib beradigan siyosiy jarayondir.
Diskurslar o‘z navbatida siyosiy yetakchilar orqali boshqariladigan va tegishli auditoriya uchun qo‘llaniladigan hamda o‘zining maxsus tiliga ega bo‘lgan siyosiy vositadir. Siyosiy diskurs saylov kampaniyasi davrida partiyalar tomonidan mamlakat ichki va tashqi siyosatini muhokama qilishda, jamiyat va davlat hayotiga taalluqli muhim masalalar yuzasidan bahs-munozaraga kirishuvida hamda ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni tahlil qilishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Siyosiy partiyalarning o‘zaro siyosiy diskussiyaga kirishishida ommaviy axborot va kommunikatsiya vositalarining o‘rni katta. Rivojlangan demokratik mamlakatlar tajribasida nafaqat saylovoldi kampaniyasi davrida, balki muntazam ravishda dolzarb ijtimoiy-siyosiy masalalar yuzasidan tele-debatlar, brifing va press-konferensiyalar o‘tkazib kelinadi.
Shundan kelib chiqib, davlat boshqaruvini demokratlashtirish, jamiyatda qonun ustivorligiga erishish va mamlakatda inson huquq va erkinliklarini samarali ta’minlashda siyosiy partiyalarning o‘z nuqtai nazari shakllanishi, davlat va jamiyat taraqqiyotiga qaratilgan muqobil darsturlarni ilgari sura olish qobiliyatiga ega bo‘lishi, saylovlar davomida o‘z siyosiy raqiblari (boshqa siyosiy partiyalar) bilan mazmunli munozaraga kirisha olishi, bir so‘z bilan aytganda, mamlakat siyosiy tizimida ko‘ppartiyaviylik va partiyalararo raqobatni shakllantirish muhim vazifalardan biridir.
Bugungi kunda, O‘zbekistonda to‘tta siyosiy partiya rasman ruyxatdan o‘tgan holda faoliyat olib bormoqda, bular: O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi; “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi (O‘zXDP) – 1991 yilda O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng tashkil qilingan birinchi siyosiy partiya. Mazkur partiyani ko‘p jihatdan sobiq kommunistik partiyaning merosxo‘ri sifatida ham e’tirof etadilar. O‘zXDP 1991 yil 1 noyabrda rasman ro‘yxatga olingan. Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda bugungi kunda partiyaning a’zolari soni 425 minga yaqin. Joylarda partiyaning 11 mingdan ortiq boshlang‘ich partiya tashkilotlari faoliyat olib boradi. O‘zXDP markaziy kengashi raisi – Xotamjon Ketmonov. Partiya ustavida uning asosiy maqsadi – davlat hokimiyatining vakillik organlarida davlat va jamiyat tomonidan manzilli ijtimoiy himoya va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand aholi qatlamlari manfaatlarini himoya qilishdan iborat ekanligi belgilab qo‘yilgan. Partiyaning matbuot organi – “O‘zbekiston ovozi” va “Golos Uzbekistana” gazetalari.
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi – 1995 yil 18 fevralda tashkil topgan. Bugungi kunda 135 ming a’zosi bor. Respublika hududlarida 3 minga yaqin boshlang‘ich partiya tashkilotlariga ega. Partiya siyosiy kengashining raisi – Narimon Umarov. Matbuot organi – “Adolat” ijtimoiy-siyosiy gazetasi. Partiya ustavida belgilangan asosiy maqsadi – huquqiy-demokratik davlat, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan kuchli adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish hamda O‘zbekiston hududida yashayotgan barcha millat va elatlarning umumiy manfaatlariga mos keladigan, fuqarolarning qonun oldida tengligi, birdamligi, konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari ta’minlangan ma’naviy jipslashgan jamiyatni shakllantirishda faol ishtirok etish deya belgilangan.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi – 2008 yil 20 iyunda Milliy tiklanish va Fidokorlar partiyalarining birlashuvi asosida shakllangan. Partiyaning a’zolari soni 190 minga yaqin. “Milliy tiklanish” partiyasi markaziy kengashi raisi – Sarvar Otamuradov. Partiya ustaviga muvofiq asosiy maqsadi – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarida milliy o‘zlikni anglashning o‘sishi, milliy g‘urur, vatanga sadoqat va muhabbat tuyg‘usini shakllantirish hamda mustahkamlash uchun qulay sharoitlar yaratish ekanligi ta’kidlanadi. Siyosiy partiyaning matbuot organi – “Milliy tiklanish” gazetasi.
Dostları ilə paylaş: |