Bundan bir necha o‘n yil oldin “flesh” xotira to‘g‘risida faqatgina tajribali kompyuter foydalanuvchilari bilishardi. Chunki u paytlarda flesh xotira modullari shaxsiy kompyuterlarda, asosan, PCI shinali 486 prosessorli kompyuterlarda ilk bora ishlatila boshlangan edi.
Ammo bugunga kelib bunday xotira modullari nafaqat kompyuter texnikalarida balki mobil aloqa telefonlarida (telefon raqamlarini saqlab qolish, so‘zlashuv vaqtini hisoblash va boshqa funksiyalarni bajarishda), raqamli diktofonlarda (ovozni saqlash va qayta eshitish), mp3-pleyerlarida (musiqiy formatdagi fayllarni saqlash va qayta eshitish), aloqa kommunikasiya raqamli modemlarida, raqamli fotokameralarda (fotosuratlarni saqlab qolish va ko‘rish), video kameralarda (video formatdagi axborotlarni saqlash, ko‘rish va eshitish) axborotni samarali saqlash va uzatishda qo‘llanilmoqda. Ularning qo‘llanish sohasi kun sayin yanada kengayib bormoqda.
Flesh-xotira o‘zi nima? Flesh-xotira (inglizcha flash-memory) — bu yarim o‘tkazgichlar (integral mikrosxemalar) asosida yaratilgan, axborotning saqlanishi uchun qo‘shimcha energiya talab qilmaydigan (energiya faqat axborotni yozishda ishlatiladi), ma’lum bir o‘lchamdagi axborotni dasturiy yozish sikli cheklangan, axborotni dasturiy qayta o‘qib olish sikli cheklanmagan, axborotni dasturiy yo‘llar bilan uzatish uchun mo‘ljallangan ixcham o‘lchamdagi zamonaviy xotira qurilmasi hisoblanadi.
Flesh xotira modullari formati xilma-xil va ma’lum bir o‘lchamga ega bo‘lgan axborotlarni dasturiy yo‘l bilan yozib saqlash va qayta o‘qish imkonini beradi. Flesh xotira modullariga axborotni qayta-qayta yozish sikllari soni cheklangan (odatda 10 ming siklgacha) bo‘ladi. Flesh-xotira modullari boshqa axborot yozib saqlash qurilmalarga nisbatan axborotni qayta-qayta yozishlar soni chegaralangan bo‘lishiga qaramasdan, oddiy disketa yoki CD-R, CD-RW disklariga nisbatan chidamliligi, ishonchliligi va ixchamligi bilan ajralib turadi.