Kouz teoremasi Tashqi ta’sirlarni hal qilishda xususiy bozor qanchalik samarali? Mashhur natija, iqtisodchi Ronald Kouz nomi bilan ataluvchi Kouz teoremasi, uning ba'zi hollarda juda samarali boʻlishi mumkinligini aytadi. Kouz teoremasiga koʻra, agar xususiy partiyalar hech qanday xarajatsiz resurslarni taqsimlash ustida savdolashishi mumkin boʻlsa, unda xususiy bozor har doim tashqi ta’sir muammosini hal qiladi va resurslarini samarali taqsimlaydi.
Kouz teoremasi qanday ishlashini koʻrish uchun, bir misolni koʻrib chiqaylik. Dikning Spot nomli iti bor deylik. Spot huradi va Dikning qoʻshnisi Jeynni bezovta qiladi. Dik itga egalik qilishdan manfaatdor, lekin it Jeynga salbiy tashqi ta'sir koʻrsatadi. Dik Spotni umumiy itlar joyiga yuborishga majbur qilinishi kerakmi, yoki Jeyn Spotning hurishi sabab uyqusiz tunlardan qiynalishi kerakmi?
Avvaliga qaysi natija ijtimoiy samarali ekanligini koʻrib chiqaylik. Ikki muqobil variantni hisobga olib, ijtimoiy planner, Dikning itdan oladigan foydasini Jeynga it hurishidan ketadigan xarajatni solishtiradi. Foyda xarajatlardan koʻproq boʻlsa, Dik itni olib qolishi va Jeynning it hurishiga chidab yashashi samarali boʻladi. Lekin agar xarajat foydadan yuqori boʻlsa, unda Dik itdan xalos boʻlishi kerak.
Kouz teoremasiga koʻra, xususiy bozor samarali natijani oʻzi
topadi. Qanday? Jeyn shunchaki itdan qutilish uchun Dikga toʻlash taklifini qilishi mumkin. Jeyn taklifidagi pul miqdori itni tutib turish manfaatidan yuqori boʻlsa, Dik shartnomani qabul qiladi.
Narx ustida savdolashish orqali, Dik va Jeyn har doim samarali natijaga erishishi mumkin. Misol uchun, Dik itdan 500 soʻmlik foyda oladi va Jeyn it hurishidan 800 soʻmlik xarajat sarflaydi deb tasavvur qilaylik. Bu holatda, Jeyn itdan qutilish uchun Dikga 600 soʻm taklif qilishi mumkinva Dik buni mamnuniyat bilan qabul qiladi. Har ikkala tomonham oldinga qaraganda yaxshiroq va samarali natijaga erishildi.
Albatta Dik qabul qiladigan har qanday narxni Jeyn taklif qilishga tayyor boʻlmasligi mumkin. Misol uchun, Dik itdan 1000 soʻmlik foyda oladi va Jeyn it hurishidan 800 soʻmlik xarajat sarflaydi, deb tasavvur qilaylik. Bu holatda, Jeyn 800 soʻmdan yuqori miqdorda hech qanday taklif qilmaydi, Dik esa 1000 soʻmdan kam har qanday taklifni rad etadi. Shuning uchun, Dik itni olib qoladi. Shunday boʻlsada, xarajat va foydani hisobga olsak, bu natija samarali hisoblanadi.
Hozircha, biz Dik huradigan it saqlash uchun qonuniy huquqia ega deb tasavvur qildik. Boshqa soʻzlar bilan aytganda, biz Jeyn Dikni ixtiyoriy ravishda itdan voz kechishga undash uchun yetarlicha toʻlamasa, Dik Spotni olib qoladi deb tasavvur qildik. Lekin, agar Jeyn tinchlik uchun haqli boʻlsa, natija qanday qilib har xil boʻladi?
Kouz teoremasiga koʻra, huquqlarning boshlangʻich taqsimoti bozorning samarali natija erishish qobiliyati uchun muhim emas. Misol uchun, Jeyn qonuniy Dikni itdan qutilishga majbur qilishi mumkin deylik. Bu huquqga ega boʻlish Jeyn foydasiga ishlasa-da,u ehtimol, natijani oʻzgartirmaydi. Bu holda, Dik itni saqlashga ruxsat berish uchun Jeynga toʻlov taklif qilishi mumkin. Dik uchun itning foydasi Jeyn uchun it hurishi xarajatidan ortiq boʻlsa, u holda Dik va Jeyn Dik itni saqlashi uchun savdolashishga kirishishadi.
Huquqlarning dastlabki taqsimlanishidan qat'iy nazar, Dik va Jeyn samarali natijaga erishishsa-da, huquqlar taqsimlanishi oʻrinsiz emas: Bu iqtisodiy farovonlik taqsimlanishini aniqlaydi. Dikning huradigan itga yoki Jeynning tinchlik huquqiga ega yoki ega emasligi oxirida savdolashishdan kim kimga toʻlashi kerakligi aniqlanadi. Lekin har ikki holda ham, ikki tomon bir-biri bilan savdolashishi va tashqi ta’sir muammosini hal qilishi mumkin. Foyda xarajatlardan yuqori boʻlsagina Dik it saqlay oladi.
Xulosa uchun: Kouz teoremasi xususiy iqtisodiy aktyorlar oʻzaro tashqi ta’sir muammosini hal qilishi mumkin deydi. Huquqlarning dastlabki taqsimlanishidan qat'iy nazar, manfaatdor tomonlar savdolashib har doim har bir kishi uchun yaxshi va samarali natijaga erishishi mumkin.