Fors tilining tarixiy tarqqiyoti
Fors tili o‘zining uzoq davrli tarixi davomida uch taraqqiyot bosqichini o‘tagan. Bular fors tilining qadimgi, o‘rta va yangi davr taraqqiyot bosqichlaridir.
Fors tilining qadimgi davr taraqqiyoti bosqichi eramizgacha bo‘lgan VI–III asrlarni o‘z ichiga olib, Ahamoniylar davlatining davlat tili bo‘lgan. Mixxar asosida yozilgan. Bu davrdagi fors tilining yozma yodgorliklari juda kam saqlanib qolgan bo‘lib, ular hozirgacha Ahamoniy podshohlarining saroylari peshtoqlariga, qabr toshlariga o‘yib yozilgan yozuvlar shaklida yetib kelgan, xolos.
Bu yozuvlarda podshohlarning taxtga o‘tirishi, ularning qilgan ishlari hamda o‘sha davrning muhim voqealari haqida qimmatli ma’lumotlar bor. Bu yozuv yodgorliklari tilining uslubi bir-biriga juda yaqindir.
Qadimgi fors tili yodgorliklarining qimmati shundaki, bu yodgorliklar bizgacha hech qanday o‘zgarishlarga uchramay, asl holida yetib kelgan. Masalan, Doro I ning (522–486) mashhur Behistun qoya yozuvi bo‘lib, u podshoning g‘alabalari haqida qoyatoshga o‘yib yozilgan. Bu yozuvlarni qoldirishdan maqsad, ahamoniy podsholarning qahramonliklari va g‘alabalari, ular yashagan davrning tarixiy voqealarini tarixda abadiy saqlab qolish edi. Bu yozuvlar asosan 3 tilda: qadimgi fors, elam va vavilon tillarida bajarilar edi.
Qadimgi fors tili o‘zining grammatik qurilishi jihatidan zoroastrizmning muqaddas kitobi "Avesto"ga yaqindir. Qadimgi fors tili yodgorliklarini o‘qib o‘rganish, ularni "Avesto" bilan taqqoslash orqaligina mumkin bo‘ldi. Avesto tili qadimgi fors tilidan qadimiyroq. Avestoning qadimgi qismi Gatning tili, tovush tarkibi va grammatik formalari bilan qadimgi hind tiliga yaqin bo‘lib, ularni bir vaqtda bir til bo‘lgan deb qarash ham mumkin. Qadimgi fors va Avesto tillarida jins (rod)ning grammatik kategoriyalari (m, j, sr), 3 ta son (birlik, ikkilik, ko‘plik) va kelishiklar (qadimgi fors tilida 7 ta, avestoda – 8 ta) bo‘lgan.
Fors tilining o‘rta davr taraqqiyoti bosqichi eramizning III–VI1 asrlarini o‘z ichiga oladi. Bu davrda o‘rta fors tili Eronning sharqiy qismi Forsda rivojlangan edi. Bu davrdagi fors tilining yodgorliklari juda ko‘p va turli-tumandir. Bular sosoniylar hukmdorlarining turli diniy mazmundagi yozuvlari, "Avesto"ning tarjimasi, tanga, muhr va har xil metall buyumlarga o‘yilgan yozuvlardir.
O‘rta davr fors tili sosoniylar davlati va zoroastrizmning rasmiy tili bo‘lib xizmat qilgan. Bu davrdagi fors tilining yozuvi oromiy yozuviga asoslangan bo‘lib, ideogrammalar yordamida, ya’ni oromiy til so‘zlari bilan, o‘rta davr fors so‘zlari belgilar bilan yozilib, forscha o‘qilgan.
O‘rta davr fors tili grammatik qurilishining soddaligi va fonetik jihatdan rivojlanganligi bilan qadimgi fors tilidan farq qiladi.
Manbalarda fors tilining bu davriga oid turli yodgorliklari bilan birga so‘g‘d, sak va xorazm tillariga doir ma’lumotlar bor.
Eronda arab xalifalari hukmronligi davrida (VII–IX asrlarda) davlat va adabiy til arab tili edi.
Shuning uchun ham bu davrda fors tilida yozilgan birorta hujjatning borligi hanuzgacha ma’lum emas. Bu hol forslarning faqat arab yozuvi va arab tilida yozganliklarini ko‘rsatadi. Ma’lumki, arablar hukmronligi davrida Markaziy Osiyolik mashhur olimlar Al-Xorazmiy, Abunasr Farobiy, Abu Ali ibn Sino, Aburayhon Beruniy ham o‘z asarlarini arab tilida yozgan edilar.
Fors tilining yangi davr taraqqiyot bosqichi IX asrdan hozirgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. IX asr boshlariga kelib, Markaziy Osiyo va Xurosonda adabiy til paydo bo‘lib, tojik va forslarning umumiy tili bo‘ldi.
Hozirgi fors va tojik tillari dastlab bir til bo‘lib keyinchalik rivojlanish jarayonida ikki tilga bo‘linib ketgan. Yangi fors tili fors-tojik xalqlarining o‘z mustaqil davlatlarini barpo qilish va o‘z ona tillarida adabiyot yaratish uchun arab xalifaligiga qarshi olib borgan kurashlari natijasida Somoniylar davrida (IX–X asr) vujudga keldi.
Dostları ilə paylaş: |