Biologik xususiyatlari. Kunjut qisqa kun o‘simlik bo‘lib, yorug‘sevar hisoblanadi. Urug‘i 15-160 C da unib chiqadi,-10 C sovuqda nobud bo‘ladi. Eng yaxshi temperatura 25-270 C , 150 C dan harorat past bo‘lsa o‘sishdan to‘xtaydi. Kunjutning o‘suv dari 80-120 kun davom etadi.
Kunjut qora tuproq, bo‘z tuproq, yengil qumoq tuproqli yerlarda va qumloq tuproqli yerlarda o‘sadi, sho‘r va og‘ir tuproqlarda kunjut yaxshi o‘smaydi. Kunjutning keng tarqalgan navlaridan Tashkentskiy-122, Saraxskiy-470 va boshqalar ekiladi.
Kunjut kuzgi don ekinlar, don-dukkakli ekinlar, makkajo‘xoridan keyin ekiladi. Tuproqga ishlov berish bahorgi ekinlarga qanday ishlov berilsa, shunday bajariladi. Kunjut bir bor ekilgan yerga 6-7 yildan keyin qayta ekiladi, chunki kasallik va zararkunandalar bilan ko‘p shikastlanadi. Kunjut aprelning oxiri, mayning o‘rtalarigacha ekiladi. Ekish usuli -keng qatorlab, qator orasi 45-60 sm. Ekish chuqurligi 3-5 sm, ekish meyori 1,5-2,0 mln.dona (5-6 kg) tashkil etadi. Ekishdan so‘ng yer bostiriladi. Maysalari ko‘ringach, qator oralari ishlanadi. Sug‘oriladigan maydonlarda vegetatsiya davrida 2-3 marta sug‘oriladi.
O‘g‘itlash. O‘g‘itlash meyori tuproq unimdorligiga, rejalashtirilgan hosilga, ekish usuliga, urug‘ sifatiga qarab belgilanadi. Organik o‘g‘itlar gektariga 20-30 t, mineral o‘g‘itlar esa azot-50-100 kg, fosfor-100-150 kg, kaliy-50-70 kg miqdorida beriladi.
Kunjutni 70% mevasi yetilganda o‘riladi va mevasi chatnaganda qoqib urug‘i ajratiladi. Kunjutni to‘la pishish davrigacha qoldirish mumkin emas, chunki yetilgan mevalar chatnab urug‘i to‘kiladi. Saqlanadigan urug‘likda namlik 9% dan ko‘p bo‘lmasligi lozim.
Yeryong‘oq Xalq xo‘jaligidagi ahamiyati. Yeryong‘oq qimmatli moyli ekin hisoblanadi. Urug‘ining tarkibida 45-66% gacha yog‘, 23- 38% oqsil bo‘ladi. Yeryong‘oq yog‘i konserva, margarin tayyorlash uchun, sovun tayyorlash sanoatida va tibbiyotda ishlatiladi. Moyi olingandan keyin tayyorlanadigan massada 45% oqsil va 8% yog‘ bo‘ladi uni xolva, tort va boshqa qandolat mahsulotlari tayyorlashda ishlatiladi. Dukkagi tabiiy holda ham ishlatiladi. Poyasi hayvonlar uchun ozuqa. Quruq poyasi va bargining tarkibida 11-19% oqsil bo‘ladi. Shulxasidan (dukkagini po‘sti) izolatsion materiallar tayyorlashda va yoqilg‘i sifatida ishlatiladi.
Yeryong‘oqning vatani -Janubiy Amerikadir. Avval Fillipin orollariga, keyinchalik Yaponiya, Xitoy, Hindistonga keltirilgan. Yevropaga XVI asrda Xitoydan keltirilgan, shuning uchun ham uni Xitoy yong‘og‘i deb atashgan. Dunyo bo‘yicha ekin maydoni 21,78 mln. ga yerni tashkil etadi. Asosiy ekin maydonlari Indoneziya, Hindiston va Xitoyda joylashgan. Bizning mamlakatimizda XIX asrning boshlarida ekila boshlangan. O‘rta Osiyoda keng tarqalgan. O‘zbekistonda kam ekiladi va uning ekin maydoni 5,6 ming gektarni tashkil etadi. Hosildorligi 15-18 tsga. Sug‘orib ekiladigan yerlarda 35-40 s ga ni tashkil etadi.