Amudaryo tumani hokimiyatning byudjet sarflari Amudaryo tumani mahalliy budjetining daromadlari 77 502,418 mln.so‘m, xarajatlari 242 932,688 mln.so‘m miqdorda, respublika budjetidan tuman mahalliy budjetiga ajratiladigan transfertlar 165 430,270 mln.so‘m miqdorida tasdiqlanganligi ma’lumot va ijro uchun qabul qilinsin. Tuman mahalliy budjeti daromadlarining 2022-yilgi prognoz ko'rsatkichlari, budjet mablag'lari xarajatlari ko'rsatkichlari 1-7-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin. Tuman hokimligi (R.Salayev), tuman Davlat soliq inspeksiyasi (A.Seitov) va Moliya bo'limi (U.Bekniyazov) tuman mahalliy budjetining daromadlar qismining soliq turlari bo'yicha belgilangan rejalarining oshirib bajarilishini ta'minlasinlar. Tuman Moliya bo'limi (U.Bekniyazov)ga: 2023-yilda mahalliy budjet xarajatlarini maqbullashtirish natijasida shakllanadigan manbalar hisobidan tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun ajratiladigan mablag'lar bo'yicha zarur tuzatishlar kiritib borish; budjetdan mablag' oluvchilarning budjetdan mablag' bilan ta'minlash asoslari mavjudligini muntazam tahlil qilib borish, ajratilgan budjet mablag'larining natijadorligiga erishilmayotgan budjet muassasalarini qisqatirish yuzasidan tuman hokimligiga takliflar kiritib boorish tuman g'aznachilik bo'linmasi (H.Adambayev) bilan birgalikda budjet mablag'laridan maqsadli foydalanish va ularning asossiz sarflanishi ustidan qat'iy nazorat o'rnatish; Xalq deputatlari tuman Kengashiga mahalliy budjetning ijrosi to'g'risida har chorakda axborot berib borish topshirilsin. Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari R.Salayev tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda budjet daromadlarining tasdiqlangan ko'rsatkichlari bajarilishini ta'minlasin. Hududlarning soliq solish bazasi kengaytirilishi va moliyaviy salohiyati mustahkamlanishi yuzasidan zaruriy chora-tadbirlar ko'rsin, budjet mablag'laridan maqsadli foydalanishi ustidan qat'iy nazorat o'rnatsin. Tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari (F.Eshimbetova) mazkur qarorning rasmiy e'lon qilinishi va hokimlik veb-saytiga joylashtirilishini, “Taraqqiyot ko'zgusi” gazetasi tahririyati (G'.Eshniyazov) ushbu qaror matnining “Taraqqiyot ko'zgusi” gazetasida e'lon qilinishini ta'minlasin. Qaror rasmiy e'lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Mahalliy byudjetlar tizimi butun mamlakat miqyosida keng ko‘lamli ijtimoiy tadbirlarni amalga oshiruvchi davlatning moliyaviy dastagi hisoblanadi. Mahalliy byudjetlar orqali hududlarning daromadlari tarmoqlararo, hududlararo hamda ijtimoiy qatlamlararo qayta taqsimlanadi. Mazkur taqsimotning oqilona tashkil etilishi, samarali faoliyati qat’iy byudjet intizomiga rioya etilishiga bog‘liqdir. Mahalliy byudjetlar umumdavlat miqyosidagi iqtisodiy va ijtimoiy vazifalarini amalga oshirishda, birinchi navbatda, davlat mablag‘larini taqsimlash va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Ular mahalliy hokimiyatlarning faoliyat ko‘rsatishlarida asosiy moliyaviy manba bo‘lib, davlatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatini joylarda amalga oshirishda asosiy rolni o‘ynaydi. Mahalliy byudjetlar tizimi mahalliy talab-ehtiyojlarni to‘laroq, qondirishni hamda davlatning markazlashgan tartibda amalga oshiradigan tadbirlarning bajarilishi bilan chambarchas bog‘langan holda ijro etishga imkon yaratib beradi. Respublika va mahalliy byudjetlari o‘rtasidagi munosabatlarni, bog‘liqligini yanada takomillashtirish, shubhasiz regionlarni iqtisodiy rivojlantirish, ular o‘rtasidagi iqtisodiy nomutanosiblikka mumkin qadar barham berishdan iborat. Bundan tashqari, mahalliy byudjetlarga tushumlarning yangi manbalarini qidirib topish, soliq undirishning progressiv tizimini joriy qilish va mavjud soliq tushumlari asosini takomillashtirish sohasida bir qancha ishlar amalga oshirilgan bo‘lsada bu ishlarning haqiqiy holati hali to‘liq o‘rganilmagan. Shu sababli mahalliy byudjetlar moliyaviy barorligini ta’minlash, samarali shakllantirish masalalarini o‘rganish va tahlil qilish zarurdir. Mahalliy byudjetlar tarkibida byudjet dotatsiyasi va subventsiyalari ulushini kamaytirishda mamlakatimiz hududlarining iqtisodiy rivojlanish darajasi turlicha ekanligini ularning moliyaviy ta’minlanish ko‘rsatkichlarida ko‘rishimiz mumkin. Shunga muvofiq ravishda hududlar miqyosida daromadlarning soliq bazasi va xarajatlarning umumiy miqdori ham farq qiladi. Ayni chog‘da, mamlakatning o‘z byudjetini shakllantirish huquqiga ega har bir ma’muriy hududi, daromadlar bazasi hajmidan qat’iy nazar, o‘sha hududda yashovchi aholini davlat tomonidan kafolatlangan muayyan ijtimoiy-madaniy xizmatlar bilan ta’minlashi shart. Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida mahalliy moliya tizimi hamda mahalliy byudjetlar barqarorligini ta’minlash va byudjet siyosatini to‘g‘ri tashkil etish nechog‘li zarurligini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Diyorimizda tub islohotlar yanada chuqurlashayotgan hozirgi vaqtda ijtimoiy hayotimizning barcha sohalarida bo‘lgani kabi moliya va byudjet sohasida ham chuqur o‘zgarishlarni amalga oshirish davr talabidir. Iqtisodiyotda bozor munosabatlari tobora rivojlanayotgan bir paytda davlat doimiy vazifalarini bajarishi uchun markazlashgan moliyaviy mablag‘larga ega bo‘lishi zaruriyati yanada kuchayadi. Ayniqsa, O‘zbekiston demokratik fuqarolik jamiyati qurishni va bozor iqtisodiyoti rivojlangan davlatlar qatoriga kirishni o‘z oldiga vazifa qilib qo‘ygan vaziyatda markazlashgan pul fondlarini shakllantirish beqiyos o‘rin tutadi. Mahalliy davlat boshqaruv organlari demokratik davlat tuzilishining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Ular zimmalaridagi vazifalarini bajarishlari uchun muayyan mulkka va moliya-byudjet huquqiga ega bo‘lishlari shart. Mahalliy hokimiyat idoralari, hokimlar, xalq deputatlari kengashlari o‘z vakolatlari doirasida hududlarning moliya faoliyatini amalga oshiradilar. Bizning fikrimizcha, mahalliy byudjet mamlakat milliy xo‘jaligini moliyaviy jihatdan tartibga solish, byudjet daromadlarini rejalashtirish va byudjetdan moliyalashtirish jarayonlarini samarali tashkil etishda dolzarb vazifani bajaradi. Qonunchiligimizda ta’kidlanishicha, mahalliy byudjet davlat byudjetining tegishli viloyat, tuman, shahar pul mablag‘lari jamg‘armasini tashkil etuvchi bir qismi bo‘lib, unda daromadlar manbalari va ulardan tushumlar miqdori, shuningdek, moliya yili mobaynida aniq maqsadlar uchun ajratiladigan mablag‘lar sarfi yo‘nalishlari va miqdori nazarda tutiladi. Mahalliy byudjetlar hududiy davlat boshqaruv organlari moliyaviy tizimining birlamchi tarkibiy qismi sanaladi. Shu bilan bir qatorda, ular mahalliy organlarni o‘z oldilarida turgan iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy funktsiyalarni amalga oshirishlari uchun moliyaviy resurslar bilan ta’minlab turadi. Hududiy boshqaruv organlari faoliyatining asosiy moliyaviy negizini mahalliy byudjetlar tashkil etadi. Zimmalaridagi vazifalar muvaffaqiyatli bajarilishi ko‘p jihatdan ularning moliyaviy mablag‘larga egaligiga bog‘liq. Hududlarning ijtimoiyiqtisodiy rivojlanishi mahalliy byudjetlar orqali moliyaviy mablag‘lar bilan ta’minlab boriladi. Demak, mahalliy byudjet daromadlari hamda xarajatlarini muvofiqlashtirish respublika va uning hududlari rivojida muhim ahamiyat kasb etadi. Mahalliy byudjet davlat byudjeti iqtisodiy kategoriyasining tarkibiy qismi sirasiga kiradi. Iqtisodiy ma’noda u hududiy boshqaruv organlari o‘z vazifa va funktsiyalarini ado etishlarini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan davlatning markazlashtirilgan pul mablag‘lari fondidir. Huquqiy nuqtai nazardan esa, mahalliy byudjet mahalliy boshqaruv organlarining vazifa va funksiyalarini moliyaviy ta’minlashga mo‘ljallangan pul mablag‘lari jamg‘armasini tashkil etish va sarflashning qonunan belgilangan shaklidir. Byudjet huquqiy akt maqomiga ega bo‘lib, vakolatli hokimiyat organi tomonidan qabul qilinadi va qonuniy kuchga ega bo‘ladi. Fikrlarimizni umumlashtirib, mahalliy byudjetlar daromadlari va xarajatlari rejasi, uning ijrosi hamda byudjetlararo munosabatlar bugungi kunda hududlarimizda mavjud muammolarning bosh sababi desak, xato bo‘lmaydi. Umuman olganda, byudjetlararo munosabatlar mamlakatimizning respublika byudjeti, Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika byudjeti, viloyatlarning viloyat byudjetlari, Toshkent shahrining shahar byudjeti, tumanlar, shaharlar byudjetlari, shuningdek, davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari o‘rtasidagi byudjet kodeksi bilan tegishli byudjetlarga biriktirilgan xarajatlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan tegishli byudjetlarni moliyaviy resurslar bilan ta’minlashga doir munosabatlardir. Hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida yagona iqtisodiy hududni yaratish, yagona eng kam ijtimoiy xizmat standartlarini moliyaviy ta’minlash, fuqarolarga teng ijtimoiy himoya va ijtimoiy huquqlar kafolatlanishini, ya’ni mamlakatning barcha hududlarida iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish uchun qulay sharoitlar yaratilishini ta’minlash byudjetlararo munosabatlarning asosiy maqsadlaridir. Yurtimizda byudjetlararo munosabatlar doirasida davlat byudjetini shakllantirish, ko‘rib chiqish, tasdiqlash hamda ijro etish jarayonida davlat va mahalliy hokimiyat organlari o‘rtasida hokimiyat organlarining byudjet vakolatlari, huquqlari, majburiyatlari va mas’uliyatlari bo‘yicha munosabatlari tartibga solinadi. O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjeti tarkibiga kiruvchi Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti hamda mahalliy byudjetlar daromadlar va xarajatlar bo‘yicha muvozanatlashgan (balanslashgan) bo‘lishi shart. Rejali xarajatlarning uning daromadlaridan ortishi (defitsit) faqat respublika byudjeti parametrlarida ko‘zda tutilishi mumkin. Mahalliy byudjetlarning iqtisodiy faoliyat yuritishlari o‘z daromad manbalari mavjudligi bilan xarakterlanadi. Ular o‘z hududlarida turli yo‘nalishdagi vazifalarni bajarishlari uchun yetarli miqdorda moliyaviy mablag‘ga ega bo‘lishlari zarur. Qilingan xulosalar asosida mahalliy byudjet daromadlarini oshirish, byudjet mustaqilligiga erishish va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga yechim topish maqsadida quyidagi taklif va tavsiyalarni berish mumkin: Birinchidan, mahalliy byudjet doirasida mahalliy soliq va yig‘imlarni to‘liq shaklda va ushbu ko‘rsatkichlarni keyingi yillarda ham o‘zgarishsiz qoldirish, ya’ni yuqori byudjet belgilagan shartlar asosida o‘zaro taqsimlamaslik. Amalda yirik soliq tushumlarining tuman mahalliy byudjetidagi ulushi yuqori byudjetdan belgilanadi. Bunda mahalliy byudjetga keyingi yillardagi tushumlarni belgilash imkoni bo‘lmaydi. Chunki bu ko‘rsatkich vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishi mumkin. Masalan, tumanda ishlab chiqarish korxonalari va ishlab chiqarish hajmi ko‘payib, ular to‘lagan soliqlar salmog‘i ham ortsa, kelasi yilda ajratma soliq bazasi kengaygani hisobiga kamaytiriladi. Bunday vaziyatda tuman iqtisodiy o‘sishga erisholmaydi. Ikkinchidan, ma’lum bir soliq to‘lovchining muayyan solig‘ini emas, balki barcha soliqlarini tuman ixtiyorida qoldirish. Amalda ishlab chiqarish korxonasi to‘lagan soliqlarning ayrimlari tuman mahalliy byudjetiga, ayrimlari yuqori byudjetga tushadi. Bu kelgusida tumanning iqtisodiy ahvolini yaxshilab, mahalliy byudjetga tushumlarni ko‘paytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash, shuningdek, moliyaviy yechimini kutayotgan xarajatlarni moliyalashtirish uchun zamin yaratadi. Uchinchidan, soliqlar va yig‘imlar tushumini tuman, shahar va respublika o‘rtasida taqsimlaganda soliq turiga emas, soliq to‘lovchisiga qarab bo‘lish. Amalda bir korxona tomonidan to‘lanadigan soliq to‘lovi tushumi tuman, shahar (viloyat) va respublika o‘rtasida taqsimlanadi. Bu ishlar tuman soliq inspektsiyalari tomonidan amalga oshiriladi. Oqibatda barcha soliq to‘lovlari to‘liq to‘lanishini nazoratga olishda qiyinchiliklarga duch kelinmoqda. Agar umum tartibdagi yirik soliq to‘lovchilar respublika byudjetiga to‘liq qamrab olinsa, foydadan xoli bo‘lmasdi. Chunki ularning yuridik manzillari bir joyda, ishlab chiqarish korxonalari esa turli hududlarda bo‘ladi.