Ishlab chiqarish zahiralarini normalashtirish, korxonaning uzluksiz faoliyat yuritishini ta’minlash maqsadida amalga oshiriladi. Agar ishlab chiqarish zahiralari normativlardan past bo’lsa, ishlab chiqarish jarayonining izdan chiqishi, ishchi kuchi va uskunalarning bekor turib qolishi, korxonaning ishlab chiqarish va iqtisodiy ko’rsatkichlari pasayishiga olib kelishi mumkin. Shu bilan bir paytda, ishlab chiqarish zahiralarining belgilangan norma va normativlardan oshib ketishiga ham yo’l qo’ymaslik kerak, chunki bu mablag’larning “muzlab” qolishiga va natijada korxona va davlatning zarar ko’rishiga olib keladi.
Ishlab chiqarish zahiralari joriy, sug’urta (kafolatli), tayyorlov (texnologik) va mavsumiy turlarga bo’linadi.
Joriy zahira bu, materiallar etkazib berish oralig’ida ishlab chiqarishni moddiy resurslar bilan ta’minlash uchun zarur bo’lgan zahiradir. Joriy zahiralar material etkazib berish davri, oralig’i hamda xom ashyo va boshqa materiallarning sutkalik sarflanishiga to’g’ridan-to’g’ri bog’liq bo’ladi.
Misol. Non kombinati bir sutkada 10 tonna un sarflaydi, tegirmondan esa bir oyda bir marta un qabul qiladi. Ya’ni etkazib berish oralig’i 30 kunni tashkil qiladi. Demak, unning maksimal darajadagi joriy zahirasi 300 (10x30) tonnani, o’rtacha joriy zahirasi 150 (10x30:2) tonnani, un har o’n kunda etkazib berilgandagi minimal joriy zahirasi esa 50 (10x10:2) tonnani tashkil qiladi.
Shu tariqa joriy zahiralar hajmi ko’p jihatdan etkazib berish oralig’iga bog’liq bo’ladi: oraliq qanchalik kichik bo’lsa, zahira shunchalik kam bo’ladi. Bundan kelib chiqqan holda joriy zahira miqdorini quyidagi formula asosida topish mumkin:
Zmax = Mo’r x Tt.ts
Bu erda:
Mo’r – ushbu materialdan o’rtacha sutkalik foydalanish miqdori (T., dona); Tt.ts – etkazib berish oralig’i yoki ta’minot tsikli, kunlar.
Sug’urta (kafolat) zahirasidanta’minotda yuzaga kelishi mumkin bo’lgan uzilishlar yoki ko’zda tutilmagan holatlarda foydalanish mo’ljallanadi. Ko’pincha sug’urta zahirasining miqdori joriy zahira normasining 50% miqdorida belgilanadi hamda quyidagi formula asosida hisoblanadi:
Zstr = Mo’r x (T1 + T2 + T3 + T4)
Bu erda:
T1 – materialni yuklash uchun ketadigan vaqt; T2 – materiallar yo’lda bo’ladigan vaqt;
T3 – materiallarni omborga qabul qilish vaqti;
T4 – materiallarni foydalanishga tayyorlash vaqti.
Sug’urta zahirasi omborda joriy zahira bilan birgalikda saqlanadi hamda undan umuman farq qilmasada, alohida hisobga olinadi va faqat korxona rahbariyatining ruxsati bilangina sarflanadi.