2. Tibbiy yо‘sindagi majburlov choralarining turlari, ularni tayinlash, muddatini uzaytirish, о‘zgartirish va bekor qilish Tibbiy yо‘sindagi majburlov choralarining turlari. Tibbiy yо‘sindagi majburlov choralariga quyidagilar kiradi:
a) majburiy ambulatoriya kuzatuvida bо‘lish va ruhiy kasallik mutaxassisida davolanish;
b) umumiy tartibli ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburiy davolanish;
v) umumiy tartibli ruhiy kasalliklar shifoxonasining sog‘liqni tiklash maxsus bо‘limida majburiy davolanish;
g) kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasida yoki bо‘linmasida majburiy davolanish. (JK 93-m.).
Tibbiy yо‘sindagi majburlov choralarini tayinlash.JKning 94-moddasiga binoan, majburiy ambulatoriya kuzatuvi va ruhiy kasallik mutaxassisida davolanish ruhiy kasalligi zо‘rayib ketayotganligini kо‘rsatuvchi alomatlar bо‘lmagan, shuningdek ruhiy holati vaqtincha buzilgan ruhiy kasallarga nisbatan, bunday kasallikning qaytarilmasligi va yangi ijtimoiy xavfli qilmish sodir etilmasligi uchun tayinlanishi mumkin.
Umumiy tartibli ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburiy davolanish ijtimoiy xavfliligi ruhiy holati bilan bog‘liq bо‘lgan, umumiy asoslarda davolash talab etiladigan ruhiy kasallarga nisbatan tayinlanishi mumkin.
Ijtimoiy xavfliligi kо‘proq salomatlikni tiklovchi choralarni kо‘rishni talab qiladigan, ularni esa ixtiyoriy tartibda о‘tkazish mumkin bо‘lmagan ruhiy kasallarga nisbatan umumiy tartibli ruhiy kasalliklar shifoxonasining sog‘liqni tiklash maxsus bо‘limida majburiy davolash tayinlanishi mumkin.
JK 94-moddasining 4-qismiga kо‘ra, kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasida yoki bо‘limda majburiy davolash о‘ta ijtimoiy xavfli bо‘lgan yoki о‘z xulqiga kо‘ra umumiy tartibli ruhiy kasalliklar shifoxonasi sharoitida davolanishining imkoni bо‘lmagan ruhiy kasallarga nisbatan tayinlanishi mumkin. Kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasida yoki bо‘limda ruhiy kasallar batamom ajratilgan holda saqlanadi va qо‘riqlanadi.
Tibbiy yо‘sindagi majburlov choralari muddatini uzaytirish, о‘zgartirish va bekor qilish.Tibbiy yо‘sindagi majburlov choralari muddatini uzaytirish, о‘zgartirish va bekor qilish masalasini Jinoyat kodeksi 95-moddasiga asosan, ruhiy kasalliklar shifokorlari komissiyasining xulosasiga asoslangan holda sud hal qiladi.
Agar ruhiy kasalga nisbatan tibbiy yо‘sindagi majburiy davolash choralari qо‘llash zarurati bо‘lmasa, shuningdek bu choralar bekor qilingan bо‘lsa, sud uni umumiy asoslarda davolash yoki ijtimoiy ta’minot muassasalariga yuborish masalasini hal etish uchun sog‘liqni saqlash organlariga topshirishi mumkin (JK 95-m. 2-q.).