ODAM ORGANIZMI O’SISHI VA RIVOJLANISHINING UMUMIY
QONUNIYATLARI VA BOSQICHLARI
Odam organizmi tuxum hujayra urug’lanishidan to o’lgunicha juda murakkab
o’sish va rivojlanish jarayonlarini kechadi. Shu davrda sodir bo’ladigan
morfologik va funksional o’zgarishlar shaxsiy rivojlanish – ontogenezni tashkil
qiladi. Odam ontogenezida to’rtta yirik davr tafovut qilinnadi: ona qornidagi
rivojlanish davri (antenatal rivojlanish), bolalik davri, yetuklik davri, qarili davri
(keyingi uchta davr postnatal rivojlanishni tashkil etadi).
Rivojlanishning turli davrlarida bo’lgan organizmning tuzilishida, faoliyat
ko’rsatishida, o’zgaruvchan muhit sharoitlariga moslashishida, kasalliklarga
duchor bo’lishida juda katta farq bor. Shuning uchun hozirgi vaqtda
ontogenezning turli davrlarini o’rgatadigan maxsus fanlar o’qitiladi.
Organizmning ona qornida rivojlanish davrini embriologiya o’rganadi. Bola
organizmining
fiziologik
xususiyatlarini
va
kasalliklarni
o’rganish
pediatriyaning vazifasi. Gerontologiya va geriatriya qariyalar fiziologiyasi va
patologiyasi bilan shug’ullanadi.
Ontogenezning eng muhim davri – bolalik davri bo’lib, unga organizmning
tez o’sishi va rivojlanishi xosdir. O’sish juda ko’p metabolik jarayonlar, ya’ni
hujayralar ko’payishi, ularning kattalashishi, shakllanishi, moddalarning
zahiralarda to’planishi natijasidir. Ammo bola organizmining o’sishi va
rivojlanishi faqat hajmning ortishi, ya’ni miqdoriy o’zgarish emas. Uning
natijasida butun bir organizm va a’zolarning faoliyat ko’rsatishida sifat
o’zgarishlar ham kuzatiladi.
O’sish va rivojlanishni bir-biridan ajratib bo’lmaydi. Ammo bu tushunchalar
o’rtasida farq bor. O’sish deganda tashqaridan kiruvchi moddalar hisobiga
organizmda yangi birikmalar hosil bo’lishi natijasida to’qima va a’zolar
hajmining miqdoriy ko’payishi ko’zda tutiladi.
Rivojlanish
–
a’zo va to’qimalarning yetilishi, ular faoliyatining
mukammallashishi, yangi faoliyatlarning paydo bo’lishi – sifat o’zgarishlardir.
O’sish va rivojlanishning bir nechta qonuniyatlari mavjud. Ulardan
asosiylari: 1) o’sish va rivojlanish tezligining notekisligi; 2) ayrim a’zo va
to’qimalar o’sib rivojlanishining bir vaqtda emasligi; 3) o’sish va
rivojlanishning jinsga bog’liqligi; 4) ushbu jarayonlarning genetik va muhit
omillariga bog’liqligi.
Shuni yodda tutish kerakki, ontogenezning turli davrlarida o’sish va
rivojlanish jarayonlarining ko’rsatilgan qonuniyatlarga bo’ysunish darajasida
katta farq bo’lishi mumkin. Masalan, bola murg’ak vaqtida uning o’sishi va
rivojlanishi jinsga deyarli bog’liq emas. O’smirlik davrida esa odamning jinsi bu
jarayonlarga kuchli ta’sir qiladi.
Demak, o’sish va rivojlanish jarayonlari, ularning umumiy qonuniyatlari
ontogenezning turli davrlariga bog’liq holda tahlil qilinishi kerak.
Hozirgi vaqtda ko’pgina rivojlangan mamlakatlarda Jahon sog’liqni saqlash
tashkiloti (VOZ) mutaxassislari ishlab chiqqan postnatal ontogenezni davrlarga
bo’lish sxemasi qabul qilingan (1-jadval).
1-jadval
1
Chaqaloqlik
-
1-10 kun
2
Emizikli
-
10 kundan 1 yoshgacha
3
Erta bolalik
-
1-3 yosh
4
Birinchi bolalik
-
4-7 yosh
5
Ikkinchi bolalik
-
O’g’il bolalarda 8-12 yosh
Qiz bolalarda 12-15 yosh
6
O’smirlik
-
O’g’il bolalarda 13-16 yosh
Qiz bolalarda 12-15 yosh
7
O’spirinlik
-
O’g’il bolalarda 17-21 yosh
Qiz bolalarda 16-20 yosh
8
Yetuklik: I bosqich
-
Erkaklarda 22-35 yosh
Ayollarda 21-35 yosh
II bosqich
Erkaklarda 36-60 yosh
Ayollarda 36-55 yosh
9
Keksalik
-
Erkaklarda 61-74 yosh
Ayollarda 56-74 yosh
10 Qarilik
-
75-90 yosh
11 Umrboqiylik
-
90 yosh va undan ko’p
Jadvaldan ko’rinib turibdiki, ontogenez davrlarining ko’p qismi bolalikka
to’g’ri keladi. Bu tushunarli hol. Chunki “bola” degan so’zning ma’nosi juda
noaniq. Chaqaloq ham bola, yigitcha bo’lib qolgan 13-14 yashar o’smir ham
bola. Bolalik davrida organizm o’sib, rivojlanib, tez o’zgargani uchun u ko’p
bosqichlarga bo’lingan. Shu sababli bola to’g’risida gap yuritilganda, doim u
qaysi yoshda ekanini aytib, aniqlik kiritish kerak.
Bolalikni ko’p bosqichlarga bo’linishining sababi tushunarli. Ammo bu
bosqichlar chegarasini aniqlash nimaga asoslangan, ontogenezni davrlarga
bo’lishda qaysi mezonlarni e’tiborga olish lozim?
XX asrning 60-yillarida qabul qilingan VOZ sxemasidan avval mavjud
bo’lgan sxemalarda individual rivojlanish ijtimoiy omillarga asoslangan holda
davrlarga bo’lingan (2-jadval).
2-jadval
1 Chaqaloqlik
- Tug’ilgandan keyin 4 hafta
2 Emizikli
- 4-haftadan 1 yoshgacha
3 Yasli davri (maktabgacha davrdan
oldingi davr)
- 3 yoshgacha
4 Maktabgacha davr
- 3 yoshdan 6 yoshgacha
5 Boshlang’ich maktab davri
- 6 yoshdan 10 yoshgacha
6 O’rta maktab davri
- 11 yoshdan 14 yoshgacha
7 O’smirlik davri
- 15 yoshdan 18 yoshgacha
Bolalikni davrlarga bo’lish uchun asos qilib olingan mezon – bola tarbiya
oladigan muassasa hisoblanadi. Shu asosda davrlarga ajratish maorif, sog’liqni
saqlash va bolalar bilan shug’ullanadigan boshqa sohalarning amaliy faoliyati
uchun ancha qulay. Ammo o’sish va rivojlanish – murakkab fiziologik jarayon.
Shuning uchun ontogenezni davrlarga bo’lish fiziologik mezonlar asosida
amalga oshirilishi kerak. Ko’pchilik olimlarning fikricha, har qaysi davrdagi
organizm faoliyatida va uning tashqi muhit bilan bo’lgan munosabatlaridagi
o’ziga xoslik asosiy mezon sifatida tanlanishi mumkin.
Bu tamoyilga amal qilinganda, organizmning faoliyat ko’rsatishidagi
xususiyatlar deyarli bir xil bo’lgan vaqt ontogenezning muayyan davrini tashkil
qiladi. Agar shu davr davomida organizmda ma’lum, ammo keskin bo’lmagan
o’zgarishlar ro’y bersa, uni bosqichlarga bo’lish mumkin.
Rivojlanish davrining biridan keyingisiga o’tishi “kritik” yoki “burilish
bosqichi” deyiladi.
Tug’ilish – postnatal ontogenezning birinchi kritik bosqichi. Juda qisqa vaqt
(bir necha minut, soat) davomida bir butun organizm va uning a’zo hamda
tizimlari faoliyatida o’zgarishlar sodir bo’ladi.
Bu davrdagi o’zgarishlarning yuqori jadallikka ega bo’lishi juda muhim.
Chunki ular bola organizmining mutloq yangi sharoitda hayot kechirishiga
moslashishini ta’minlashi kerak. Zarur moddalarning barchasini ona qonidan
tayyor holda olgan homila tug’ilgandan keyin birinchi galda o’zi mustaqil nafas
olishga o’tishi lozim.
Ilk bor nafas olish bilan bir vaqtda, qon aylanish tizimining faoliyati keskin
o’zgaradi: o’pka kapillyarlari ochilib, kichik qon aylanish doirasi faoliyat
ko’rsata boshlaydi. Homila ona qornidagi harorat muvozanatligidan (37
0
C)
harorati ancha past bo’lgan (20-22
0
C) sharoitga o’tadi. Tana harorati
doimiyligini saqlovchi mexanizmlar ancha zo’riqadi. Qisqa qilib aytganda,
chaqaloqlik davrida organizm tizimlarining barchasida sezilarli faoliy
o’zgarishlar kuzatiladi.
Yuqorida keltirilgan 1-jadvalda chaqaloqlik davriga 10 kun, ikkinchi
jadvalda esa 4 hafta ajratilgan. Buning sababi – davrlarni ajratishda asos qilib
olingan mazonlardagi farq. Сhaqaloqlik davrini 10 kun bilan chegaralagan
tadqiqotchilar asosiy mezon sifatida bolaning ovqatlanishidagi xususiyatni –
og’iz sutini olishgan. Bu – jiddiy asos. Chunki og’iz suti odiiy ona sutidan bola
organizmiga zarur bo’lgan moddalar miqdorining ko’pligi bilan ajralib turadi.
Masalan, og’iz sutida oqsillar, mineral tuzlar, himoya omillarining
(immunoglobulin A va boshq.) miqdori 2-3 marta yuqori. Chaqaloq o’z
hayotining birinchi 24 soati davomida og’iz suti bilan 10 g dan ko’p, keyin esa
kuniga 3 g dan immunoglobulin A oladi. Og’iz sutini barvaqt emgan chaqaloq
tez rivojlanadi, yuqumli kasalliklarga chidamliligi ortadi.
Ammo 10 kun davomida bola organizmining yangi sharoitga moslashishi
tugamaydi. Tashqi muhit sharoitlariga, yangi vaziyatga moslashish darajasi
ontogenezning davrlarga bo’linishiga asosiy mezon qilib olinsa, chaqaloqlik
davri ancha uzayib, 30 kunni tashkil qiladi (2-jadvalga qaralsin).
Xalq tajribasi ham chaqaloqlik davri 10 kundan ko’pga cho’zilishini
ko’rsatadi. O’zbek oilalarida 40 kun davomida (chillasi chuiqquncha) bolaga
alohida e’tibor berilishi, uni avaylab, asralishi bejiz emas.
Chaqaloqlik davri haqida gap yuritilar ekan, ilmiy adabiyotlarda “impriting”
deb atalgan nomga to’xtalmasa bo’lmaydi. Bu so’zning ma’nosi “taassurotda
qolish” demakdir. Masalan, yangi tug’ilgan qo’zichoq onasini ko’rmasa, uni
so’rg’ichdan boqqan odamni onasi o’rnida ko’radi. Inkubatorda tuxumdan
chiqqan jo’jalar jonsiz harakat qiluvchi jismlarni ona-tovuq o’rnida ko’radi.
Chaqaloqlarda ham impritingning o’ziga xos tomoni bor. U ko’zlarini ochib
ko’rgan narsalar taassuroti ostida bir umr qoladi. Shuning uchun tug’ilgandan
keyin ko’p vaqt o’tmasdan chaqaloq onasini ko’rishi, qo’yniga kirishi kerak,
og’iz suti yig’ilib qolmasdan, to’yib emishi zarur.
Chaqaloqqa sut ilk bor so’rg’ich orqali berilsa, u keyin so’rg’ichni ona
ko’kragidan afzal ko’radi, hatto onasini emmay qo’yishi mumkin.
Chaqaloqda hayotining birinchi kunlaridanoq onasining hidiga, tovushiga
shartli reflekslar paydo bo’ladi. Bularning hammasi bolani onasi bilan
bog’lovchi muhim omillardir.
Ontogenezning chaqaloqlikdan keyingi davrini ajratishda ham bolaning
ovqatlanishidagi xususiyat asos qilib olingan. Bu davr davomida (kamida 5-6
oy) bola faqat ona sutini iste’mol qiladi. Emizikli davrida uchta burilish
bosqichini kuzatish mumkin. Bola 2,5-3 oylik bo’lganida boshini vertikal
holatda ushlash qobiliyatiga ega bo’ladi. Ayni vaqtda qo’llari “yechiladi” –
bukuvchi muskullar tonusi pasayib, bola qo’llarining harakatlari yengillashadi.
Bu birinchi antigravitatsion (yerning tortish kuchiga qarshi) reaksiya va boshqa
o’zgarishlar emizikli davrining birinchi burilish bosqichidir.
Ikkinchi bosqich bola 5-6 oylik bo’lganida kuzatiladi. Unga bolada ikkinchi
antigravitatsion reaksiya shakllanishi – o’tirish qobiliyatining paydo bo’lishi va
tishi chiqa boshlashi xos. 11-12 oylik bolada kuzatiladigan uchinchi bosqichda
uchinchi antigravitatsion reaksiya – tik turib, yurishni ko’ramiz. Bu vaqtga kelib
bola asta-sekin aralash ovqat iste’mol qilishga o’tadi.
Tik turishni o’zlashtirish bola hayotida juda muhim burilish hisoblanadi.
Endi ko’krakdan ajratilgan bola xilma-xil taomlar bilan tanishadi, natijada hazm
tizimi faoliyati o’zgaradi. Yangi ovqatlardan tashqari, yurib ketgan bola turli
sharoit va narsalarni ko’radi. U muloqotda bo’ladigan shaxslar doirasi
kengayadi. Bu o’zgarishlar bolaning ma’naviy rivojlanishiga asos va sabab
bo’ladi.
Emiziklidan keyingi erta bolalik davrida (yasli yoki maktabgacha davrdan
oldingi davr) jadal ma’naviy rivojlanish bilan bir vaqtda tayanch-harakat
tizimining faoliyati mukammallashadi. Bola fazoda tez harakatlar qila boshlaydi.
Ammo bu harakatlar hali uning yaxshi yurishi, yugurishini bildirmaydi. Uning
oyoqlari boldir va tizza bo’g’imlarida yetarli darajada bukilmaydi, yugurishga
xos “parvoz” – yerdan uzilish ham yo’q. Bu davrda, oldingi davrlardagi kabi
moddalar almashinuvida, a’zo va tizimlar faoliyatida sezilarli o’zgarishlar ro’y
beradi. Ularni tegishli boblarda ko’rib o’tamiz.
Birinchi bolalik davri (maktabgacha davr) bolaning ma’naviy rivojlanishida,
shaxs sifatida shakllanishida juda muhim dam. Uch yoshdan boshlab bolada “bu
nima?” – degan savol paydo bo’ladi. Demak, u atrof-muhit hodisalarini faol
holda anglashga kirishadi. Avvalgi davrda boshlangan nutqning rivojlanishi bu
davrda davom etadi. Endi bola nutqida kelishik, fe’l, olmosh, sonlarni to’g’ri
ishlata boshlaydi. Turli o’yinlarni o’ynash skelet muskullari zimmasiga
tushadigan ish miqdorini keskin oshiradi. Ikkinchi tomondan, o’yinlar ma’naviy
rivojlanishning muhim omili hisoblanadi.
Bu davrning oxiriga borib bolaning sut tishlari tushib, o’rniga doimiy tishlar
chiqadi. Uning yurishi ham, yugurishi ham kattalarnikiga o’xshaydi.
Yugurganda oyoqlar bir zumga bo’lsada yerdan uziladi.
Ontogenezning ikkinchi bolalik davri bolalar hayotida juda muhim
o’zgarishlar bilan boshlanadi – ular maktabga boradilar. Bu davrga ma’naviy
rivojlanishning murakkab shakli – tashqi muhit to’grisida tushunchalar paydo
bo’lishi xos. Bunda bolaning bilimlari muntazam va tartibli bo’la boshlaydi.
Chaqaloqlik, emizikli, erta va birinchi bolalik davrlarida o’g’il va qiz
bolalarning o’sishi va rivojlanishida deyarli farq bo’lmaydi. Shu sababdan ba’zi
olimlar bu davrlarni “jinssiz rivojlanish davrlari” deyishadi. Ikkinchi bolalik
davridan boshlab jinsiy farq sezila boshlanadi: qizlarning o’sishi va rivojlanishi
tezroq, shaxs sifatida shakllanishi ertaroq kuzatiladi. Shuning uchun ham
qizlarga qaraganda o’g’il bolalarda bu davr bir yil ko’proq davom etadi. Bu
davrning oxirida (qizlar 11, o’g’il bolalar 12 yoshga to’lganida) balog’atga
yetishning birinchi belgilari paydo bo’ladi.
12-13 yoshdan keyin individual rivojlanishning yangi – balog’atga yetish
davri boshlanadi. Bu davr davomida organizmda jo’shqin morfologik va
fiziologik o’zgarishlar sodir bo’ladi. O’smirlik davrini ikkinchi o’sish davri ham
deyishadi, chunki organizmning bo’yiga o’sishi yanada jadallashadi.
O’smirlarga emotsional beqarorlik xos bo’lib, ularning ish qobiliyati past
bo’ladi. Shu sababdan ular tez charchab qoladilar. Bu o’zgarishlarning hammasi
gipotalamo-gipofizar tizim faollashib, jinsiy bezlarni rag’batlantirishi, jinsiy
gormonlarning qondagi miqdori ortishining natijasidir. Organizm gormonal
holatining o’zgarishi jinsiy a’zolarning o’sishi, ikkilamchi jinsiy belgilarning
shakllanishi, bolalarning tashqi qiyofasi o’zgarishi, balog’atga yetishlarga olib
keladi. Balog’atga yetgan yigit-qizlar, o’spirinlar pediatr nazoratidan chiqib
ketidilar.
20-21 yoshda tugaydigan o’spirinlik davrida inson shaxs sifatida asosan
shakllanib bo’ladi. O’z-o’zini anglash, hissiyotlak kamolotga yetadi. Bu vaqtga
kelib organizmning bo’yiga o’sishi to’xtaydi.
O’spirinlikdan keyingi yetuklik davri ikki bosqichga bo’linadi. Erkak va
ayollarda 35 yoshgacha davom etadigan birinchi bosqichda odamning bola
ko’rish qobiliyati eng yuqori darajaga yetadi. Nafaqaga chiqish bilan (ayollar 55
yoshga, erkaklr 60 yoshga to’lganida) tugaydigan ikkinchi bosqichda bu
qobiliyat pasayib boradi.
Yetuklik davrida organizmning vegetativ, somatik faoliyatlari, ma’naviy
imkoniyatlari yuqori darajada bo’lib, uzoq vaqt barqarorlikni saqlaydi. Ancha
turg’un bo’lgan yetuklik davri tugaganidan keyin individual rivojlanishning
oxirgi bosqichi – involyutsion (orqaga qaytish) davr boshlanadi. Insonning
kuch-qudrati, zakovati asta-sekin kamayadi, bola ko’rish qobiliyati tugaydi, u
keksayib qoladi.
90 yil va undan ko’p yashaganlar umrboqiylar guruhini tashkil qiladi.
Shuni aytib o’tish kerakki, yetuklik davri bilan keksalik davri o’rtasidagi,
keksalik davri bilan qarilik o’rtasidagi chegara juda noaniq. Bu davrlarda
odamning xronologik (pasportdagi) yoshi bilan biologik yoshi o’rtasida
kuzatilishi mumkin bo’lgan individual farqning chegarasi ancha keng bo’ladi.
Postnatal ontogenezning davrlarini ko’rib chiqdik. Keltirilgan ma’lumotlar
bu masalada olimlar bir fikrda emasligini, ontogenezni davrlarga bo’lishda
qo’llaniladigan mezonlarni tanlashda aniq tamoyil yo’qligini ko’rsatadi.
O’sish va rivojlanishning genetik va muhit omillari bilan bog’liqligi
ontogenez qonuniyatlaridan biridir. Bor ma’lumotlar organizmning funksional
belgilariga genetik omillar morfologik belgilariga nisbatan kamroq, muhit
omillari esa ko’proq ta’sir qilishini ko’rsatadi. Ontogenezning ma’lum
davrlarida muhit omillarining faoliyatlar shakllanishiga ta’siridagi ustuvorlik
katta ahamiyatga ega. Ibtidoiy tarzda hayot kechiradigan qabilalarda balog’atga
yetish oldida turgan bolalar maxsus ta’lim-tarbiya tadbirlarini o’zlashtirishi
zarur bo’lgan. O’g’il bolalar maxsus mashqlar qilib, qabila sirlaridan habardor
bo’lganlar. Qizlar ham ro’zg’or tutish va kelajakda ona bo’lishga
tayyorlanganlar. Rivojlanishi genetik omillarga mustahkam bog’langan shaxslar
ijtimoiy rejalarni yaxshi o’zlashtirmaganlar va odamzod uchun tabiiy tanlash
ahamiyatli bo’lgan davrlarda populyatsiyadan chiqarib tashlanganlar. Hayotning
ijtimoiy va muhit sharoitlariga yaxshi moslashgan odamlar turni davom
ettirganlar.
Dostları ilə paylaş: |