1-boshlovchi: Ona tiliga e’tibor va ehtirom bilan qaramoq, uning har bir so‘z qatlariga yashiringan ma’no jilolari-yu mazmun teranliklarini idrok etib, ulardan huzurlanmoq.
2-boshlovchi: Bu muqaddas xilqatda tin olgan ajdodlar ruhini his qilmoq va bu xilqatni fidoyilik bilan qo‘rimoqqa hamisha hozir bo‘lmoq Vatan farzandining oliy burchidir.
1-boshlovchi: 1989- yil 21-oktabr
2-boshlovchi: Mustaqillikka ilk qadam- o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berildi.
TIL TO‘G‘RISIDAGI MODDALAR
1-boshlovchi: Buyuk ajdodlarimiz tilning rivojiga katta hissa qo‘shib bu tilda o‘lmas asarlar yaratganlar. O‘zbek tili XI asrdan mustaqil til sifatida shakllana boshlagan. XIV asrda umumxalq o‘zbek adabiy tili vujudga keldi.
2-boshlovchi: Alisher Navoiy Hazratlarini o‘zbek adabiy tilining asoschisi desak hech adashmaymiz. U “Muhokamat-ul lug‘atayn” asarida turkiy til forsiy tildan kam emasligini, turkiy tilning ham imkoniyatlari keng ekanligini ta’kidlagan. (Sahnaga Navoiy siymosi chiqib keladi).
(Parda ortidan) Alisher Navoiy umri mobaynida xalq g‘ami bilan yashadi.Ona tili rivojiga o‘zining hissasini qo‘shdi, uni himoya qildi va madh etdi. O‘z asarlarida bu tilning jozibasi naqadar qudratga ega ekanligini boshqa tillardan kam joyi yo‘qligini, aksincha uning o‘ziga xos jozibasi mavjudligini isbotlab berdi.