Key words:
tradition, originality, Alisher Navoi, Khorezm poets, poetry,
rhyme, form and content, words.
Adabiyot an’ana va yangilik hamqadamligida tinmasdan o‘sib, yangi-yangi
g‘oyaviy mazmun, obrazlar, badiiy shakllar hisobiga boyib boradi. “Adabiy an’ana
– o‘tmish adabiyoti to‘plagan ijodiy tajribalar qaymog‘i, davrlar o‘tishi bilan
ahamiyati va dolzarbligini yo‘qotmagan, boqiy qadriyatga aylanib, avloddan
avlodga o‘tib kelayotgan qismi”dir [6,12]. Mumtoz adabiyotda an’anaviylikning
ikki tomonini ajratish mumkin:
Mumtoz adabiyot o‘zidan oldingi davrlar adabiyotida mavjud eng yaxshi
yutuqlarni o‘ziga singdirgan holda ijodiy yondashib, yangiliklar bilan boyitdi:
mavzular doirasi, obrazlar sistemasini kengaytirdi, yangi adabiy shakllarni
iste’molga kiritdi.
Mumtoz adabiyotda ayni bir mavzuda qalam tebratish yoki an’anaviy qolipda
ish yuritish natijasida yakranglik, fikriy, hissiy turg‘unlik, nazmbozlik,
qofiyabozlik, quruq taqlidchilik ko‘rinishlari ham kuzatildi.
Yirik adabiyotshunos I.Haqqulov ta’kidlaganlaridek, “An’anaviylik – Sharq
adabiyotining o‘ziga xos xususiyati va harakat yo‘li. Unda umumiy o‘xshashlik va
takror ham, yangilik va kashfiyot ham bor” [7,6]. O‘zbek mumtoz adabiyotida
an’anaviylikning ijodiy xarakteri shundaki, an’anaviylik bag‘rida kishilik
jamiyatining ilk davrlaridan beri yaratilib kelayotgan, ijodkor qalbi, davr ruhi va
xalqning ma’naviy ehtiyoji prizmasidan o‘tgan “tarhi toza” adabiy hodisalar
mumtoz so‘z san’atkorlari yaratmalarida yangicha ko‘rinish kasb etdi, o‘zining
ikkinchi umrini yashash imkoniga ega bo‘ldi.
O‘z asarlarida hazrat Navoiy nomini cheksiz hurmat va adadsiz ehtirom bilan
tilga olib, uning asarlariga yuksak bir timsol sifatida qaragan, buyuk iste’dod
sohibi zabt etgan cho‘qqilarga tinimsiz intilishda bo‘lgan Nishotiy, Munis, Ogahiy
kabi XVII-XIX asrlarda yetishib chiqqan ijodkorlar ulug‘ ustozning daftarlariga
hamradif bo‘lishga, uning nurli izini, ijodiy an’analarini davom ettirishga va
ma’naviy murabbiyga munosib shogird bo‘lishga imkon qadar harakat qildilar, bu
borada qator muvaffaqiyatlarga erishdilar.
213
Alisher Navoiyning Xorazm shoirlari ijodiga ta’sirini ularning estetik
qarashlari misolida ham ko‘rish mumkin. Alisher Navoiyning go‘zallik, ijod
jarayoni, ilhom va nafosat haqidagi qarashlari, fikrlarini tadqiq etgan
H.Qudratillayev ta’kidlaganidek, “Navoiyning estetik olami keng va rang-barang.
Unda an’anaviy janrlar, badiiy san’atlar, vazn, qofiya va hokazolar xususida
qiziqarli, ibratomiz fikrlar talaygina...ulug‘ shoir faqat she’r va shoirlar haqidagina
emas, balki san’at va san’atkorlar to‘g‘risida ham talay diqqatga molik fikrlar
bayon etgan...” [5, 4]. Ulug‘ shoir «Hayratul abror» asarining o‘n to‘rt va o‘n
beshinchi boblarini so‘z ta’rifiga bag‘ishlagan. Navoiydagi «so‘z» istilohi rang-
barangligi, mazmunan kengligi bilan alohida ajralib turadi. Xorazm shoirlari ham
Navoiy kabi zamondoshlari va salaflari badiiy asarlari haqida fikr yuritganda
umumlashma ifoda sifatida «so‘z»dan foydalanadilar. Ularda «so‘z» aksar paytda
badiiy sayqallangan she’riy asarni ifodalab kelgan. Munis nazm uslubi bilan joh
topgan so‘zning she’rni tushunmaydigan avom oldida yuz poraligi xususida
yozadi:
Shoiri sho‘ridag‘a dilja’mliq qaydin yetar,
Daxli bejodin avom ollidadur yuz pora so‘z [2, 14].
Ogahiy esa faqat haddi a’losiga yetkazib aytilgan so‘z ya’ni badiiy asargina
jahonda boqiy qolib, uning yaratuvchisi ismini xalq qalbiga abadiy muhrlashini,
na-da bunyod qilingan go‘zal, naqshinkor imoratlar va yoki haddin afzun avlod
so‘z kabi mangulikka daxldor bo‘lolmasligini ta’kidlaydi:
Kishi necha imorat qilsa bunyod,
Va yoxud haddin afzun qo‘ysa avlod,
Tutub bo‘lmas birisidin baqo ko‘z,
Qolur boqiy jahon ichra magar so‘z.
So‘zdur bu jahon ahli aro qulzumi jarf,
Pokiza maoni angadur durri shigarf,
Bu bahr topar ko‘ngul aro gunjoyish,
Lekin anga har ko‘ngul bo‘la olmas zarf - [4, 546]
deydi. Komil Xorazmiy ham Navoiy kabi so‘zni badiiy asar ma’nosida
qo‘llab, uni gavharga, qimmatbaho durga qiyoslaydi. Shuning barobarida so‘zda
dard, ma’ni va ta’sir bo‘lishi lozimligi, ayni shular asarni kamolga yetkazib, unga
yuksak parvoz bag‘ishlashi, agar so‘zda ma’ni durlari bo‘lmasa uning husndan,
turli she’riy san’atlar bilan bezatilganidan foyda yo‘qligi haqida yozadi:
Kamol bergusidur so‘zga shuhratu ta’sir,
Bu qushg‘a qilg‘ali parvoz parru bol kamol [1, 8].
So‘z duri noyob erur, oni qilur izhor til,
Husnidin ne foida gar bo‘lmasa durbor til [1, 26].
214
Xorazm shoirlari ustozning o‘zini o‘zi ogohlikka chaqiruvchi “Navoiy so‘z
ayturda farzona bo‘l” tarzidagi ijodkor burchi, badiiy asar salmog‘i, o‘quvchi
oldidagi mas’uliyatni his qilib ijod qilishga undovchi qarashlariga hammaslak
bo‘lib, o‘ziga andisha bilan puxta so‘z aytishni eslatib turganlar. Buni Munisning
quyidagi misralarida ham ko‘rish mumkin:
Andisha birla so‘z deyki nopuxtani,
Tashlarlar el og‘zig‘a olmay xom deb [2, 30].
Yoki Ogahiyda o‘qiymiz:
Bo‘lub karam tafakkur, Ogahiy, qil puxta so‘znikim,
So‘zingg‘a so‘z toparg‘a ochmasun hech bir suxandon lab [4, 68].
Ko‘p yozish mazmun sayozligiga olib kelishi, bu esa she’riyat qadrini
tushirishi mumkinligini ta’kidlagan Munis g‘azallaridan birida o‘z-o‘zini oz, lekin
qimmatli, mazmunli so‘zlar so‘zlashga da’vat etish bilan boshqalarni ham kam
so‘zda ko‘p ma’no anglatishga chaqiradi, nukta ko‘p surmaslikka undaydi:
Munis necha nukta ko‘p surarsen,
Kam bo‘lsa mato’, bo‘lur baholig‘ [2, 280].
Xorazm shoirlari ham Navoiy kabi insonni inson etuvchi, uni hayvonot
olamidan farqlovchi bosh xususiyati o‘zaro muomala va munosabatda “so‘z” – fikr
bildirish, muomalada shirin so‘z bo‘lish deb bildilar va buni o‘z yaratmalarida
shoirona til bilan ifoda etdilar. Ogahiyda:
Mehridek ravshan iborat keldi so‘zning ziynati,
Yaxshidur mubham lug‘atg‘a bo‘lmasa munjar hadis.
Sof tab’ elning so‘zi ko‘proq ko‘ngullarni olur -
Kim, muassir bo‘lg‘usi gar pok esa masdar hadis [4, 79].
Alisher Navoiy she’rning asosida haqiqat yotishi, kishilarni to‘g‘ri yo‘lga
hidoyat etuvchi rost so‘zlar bo‘lishini talab qilgan. Bunda so‘z aytuvchining o‘zi
ham o‘z so‘ziga amal qiluvchi, qalbi toza inson bo‘lishi ham katta ahaamiyat kasb
etgan. Ogahiy ham kibru hasad xatini zamiri lavhidan yuvmasa, kishi har qancha
komil bo‘lsa-da, so‘zi hech kimga ta’sir qilmasligidan ogohlantiradi:
Zamiri lavhidinkim yu(v)masa kibru hasad xattin,
So‘zi ta’sir qilmas Ogahiy har necha komildur [4, 126].
Alisher Navoiyning estetik prinsiplari asosida she’riyatda mazmun va shakl
birligi, ayni chog‘da mazmunning ustunligi, ma’no ifodasida kuchli ehtiros va
e’tiqodning zarurligi, haqiqatni aytish talabi kabi qarashlar yotadi. Navoiy deydiki:
Nazmda ham asl anga ma’nidurur
Bo‘lsin aning surati har ne durur.
Nazmki ham surat erur xush anga
Zimnida maoni dag‘i dilkash anga [3, 61].
215
Ogahiy ham so‘zda shakl va mazmun birligi, kam so‘zda ko‘p ma’no
anglatish, haqiqatni so‘zlash kabi talablardan kelib chiqib ijod etgan:
Ko‘ngul bir bahri zaxxoru ondadur pokiza gavhar so‘z,
Vale shart ulki ma’ni shohidig‘a bo‘lsa zevar so‘z [4, 140].
Komil Xorazmiy g‘azaliyotida ifoda etilgan estetik qarashlar ham Navoiy
qarashlariga hamohang. Navoiy estetik qarashlarida so‘zda ma’no ustunligiga katta
e’tibor bergan, ko‘p o‘rinlarda so‘zni durga, shoirlarni durlar bahri g‘avvoslariga
o‘xshatgan bo‘lsa, Komil ham so‘zni gavhar, iste’dodli shoirlarni nazm
gavharlarini yaratuvchilar deb ta’riflaydi:
So‘zni gavhar demishlar o‘tganlar,
Fazl do‘konini yuritganlar [1, 27].
Xorazm shoirlari “so‘z” deganda nafaqat boshqa qalamkashlar, balki
o‘zlarining ijod namunalarini ham nazarda tutganlar. Buni Komilning quyidagi
baytida yaqqol ko‘ramiz:
Har necha bo‘lsun so‘zung mavzunu nutqing jonfizo
Ahli dunyo ollida yo‘qtur anga qadri baho [1, 26].
Xorazm shoirlari “so‘z”ga munosabatda buyuk Navoiyning an’analarini
rivojlantirdilar, Navoiy kabi zamondoshlari va salaflari badiiy asarlari haqida fikr
yuritganda umumlashma ifoda sifatida «so‘z»dan foydalanadilar. Navoiy
an’analarining izchil davomchilari sifatida o‘z she’rlarida so‘zda ma’no ustunligiga
katta e’tibor berdilar. Xorazm shoirlari ham Navoiy kabi insonni inson etuvchi, uni
hayvonot olamidan farqlovchi bosh xususiyati “so‘z” – fikr bildirish, muomalada
shirin so‘z bo‘lish deb bildilar va buni o‘z yaratmalarida shoirona til bilan ifoda
etdilar.
Dostları ilə paylaş: |