459
Ключевые слова и выражения
: образ, персонаж, герой, национальный
характер, рассказ, пословица, национальный обычай, национальные
ценности, психология одиночества.
Nabi Jaloliddinning “Umr” hikoyasida jamiyat e’tiborsizligi, nodon, johil,
qoloq, irodasiz, loqayd, o‘z manfaatini ko‘zlaydigan kimsalar tomonidan milliy
qadriyatlarning buzilishi oqibatida yolg‘izlatib qo‘yilgan chol obrazi yoritilgan.
Unda keksa kishining bir kunlik hayoti qalamga olinadi. Kampiri bir yil oldin vafot
etgan; yolg‘iz o‘g‘li boshqa hovlida yashaydi; bitta qizi ajrashgan, kasal, otasi
bilan birga; chol namoz o‘qishni o‘rganolmaganligi uchun masjidga chiqolmaydi.
Eng katta dushmani – vaqt, yolg‘izlikdan zerikadi, o‘limini kutib yashaydi. Mazkur
hikoyada o‘zbek millatiga mansub ayrim kishilar xarakteridagi nuqsonlar
tasvirlangan.
Milliy urf-odatlarimizga ko‘ra ota-ona keksayganda o‘g‘il farzandlardan biri
(odatda kenjasi) bilan birga yashaydi. Boshqa farzandlariga uy qurib, xo‘jaligini
alohida qilsa-da “qadimiy fanda “minorat” [1, 690] deb nomlangan odatga binoan,
kichik (yoki yolg‘iz – A.Q.) o‘g‘il ajralmasdan ota-onasini boqib, ularga qarab
turishi shart bo‘lgan” [2, 83]. “Umr” hikoyasida milliy mentalitetga xos mazkur
odat buzilganligi, yolg‘iz o‘g‘ilning loqaydligi, irodasizligi va kelinning nodonligi,
xudbinligi, o‘z manfaatlarini boshqalarnikidan ustun qo‘yishi natijasida ota obrazi
ruhiy, ma’naviy va jismoniy qiyinchiliklarga duch kelganligi ifodalanadi:
“Yolg‘iz o‘g‘li ham bola-chaqali, qo‘shni mahallaga uy qilib chiqib ketgan.
Chol-kampirning o‘zlariga qolsa, boshqa qilishmasdi-ya, ammo kelin ular bilan
chiqisholmadi. Axiyri chol toliqdi, qadimiy xikmatga amal qilib, ularning qozon-
tovog‘ini boshqa yoqqa ko‘chirdi” [3, 2].
Yuqorida ta’kidlanganidek, yolg‘iz o‘g‘il ota-ona yonida bo‘lmasligi,
shuningdek, kelinning qaynona va qaynota bilan murosa qila olmasligi ham milliy
axloq normalariga mos emas. Ota kelinining xarhashalaridan bezib, ularni boshqa
hovliga chiqarib yuborishi natijasida o‘zi mushkul ahvolga tushib qoladi.
Ertalabdan kechga qadar qiladigan ishi, ovunadigan nabiralari, suhbatlashadigan
odami yo‘q. Baxti yurishmagan, betob qizi bilan dildan suhbat qurolmaydi.
Yolg‘izlik va yurakni ezuvchi sokinlik uni erta sahardan ko‘chaga undaydi.
Ko‘chaga chiqib, biror kishini uchratishni, u bilan suhbatlashni, yolg‘izlik,
jimjitlikdan – “qulog‘ini batangga keltirgan huvillash”dan qutulishni istaydi.
G‘yech bo‘lmaganda, ko‘chadan o‘tgan birorta mashina ovozi ham uning ruhiy
azobiga biroz sokinlik baxsh etadi:
“Ro‘parasidagi asfalt yo‘ldan tezroq mashina o‘tishini kutdi – shu bilan
qulog‘ini batangga keltirgan huvillashga bir oz bo‘lsa-da, putur yetadi-ku. Qaniydi
tezroq o‘ta qolsa...”.
460
O‘zbek millatida jamoaviylik, ko‘pchilikdan ruhiy oziq olish muhim
xarakterlardan hisoblanadi. Biror kishining yolg‘iz yashashiga, ayniqsa,
keksalarning bir o‘zi istiqomat qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Har qanday keksa odam
yolg‘izlikdan
zerikadi, hayotida
ma’no
qolmaydi,
ovunadigan
ishi,
suhbatlashadigan kishisi bo‘lsa, vaqtning qanday o‘tgani bilinmaydi. To‘g‘ri,
hikoyada chol mantiqan yolg‘iz emas. Beva qizi doimo uning yonida yashaydi.
Lekin o‘zbeklarda mavjud bo‘lgan ota va qiz munosabatlari o‘rtasidagi chegara,
qizining baxti ochilmaganligi uchun ma’lum darajada aybdorlik hissi ularning
yaqin suhbatdosh bo‘lishiga monelik qiladi:
“Tez orada qizi ham qaytib kirdi. Qo‘lida yuvilgan bitta piyola bilan otasining
ro‘parasiga kelib o‘tirdi. Chol ivitgan nonini yeb bo‘lib, o‘zicha choyxo‘rlik bilan
band edi. U choynakdan choy quyayotgan qiziga bir qarab qo‘ydiyu, tezda ko‘zini
olib qochdi. Negaligini o‘zi ham bilmasdi – hamisha qizining ko‘ziga ko‘zi
tushishidan saqlanardi”.
Professor Y.Solijonov ta’kidlaganidek, “Nabi Jaloliddin hikoyalarini mutolaa
qilar ekanmiz, ularda qalamga olingan voqelik g‘oyatda tabiiy, ishonarli
yoritilganligiga amin bo‘lamiz” [4, 180]. “Umr” hikoyasidagi tabiiylikdan yana
biri katta qizning ota uyidagi televizorni olib ketishidir:
“Avvallari tushunsa-tushunmasa, oynai jahonni ko‘rib, bir oz ovunardi, vaqt
o‘tkazardi. Endi oynai jahon ham yo‘q – katta qizi obketdi. Bolalari televizor
ko‘ramiz, deb qo‘ymayotganmish, kuyovning esa televizor obergani qurbi
yetmasmish…”.
Turmushga chiqib ketgan qizlarning baxtli, tinch, qiynalmay yashashini
istagan ota-ona, ko‘pincha, ular kelganda biror yegulik yoki oila uchun zarur
harajatlardan berib yuborishi ham keyingi yillarda odatga aylandi. Chunki otaning
“yo‘q” deya olmasligini oldindan bilgan qiz otaning keyingi holini o‘ylamaydi.
Namoz uchun zarur suralarini yodlolmaganligi uchun masjidga ham
bormaydi. Buning orqasidan mahallaning keksalariga ham qo‘shilolmaydi.
Namozxonlarning piching gaplari cholni ulardan uzoqroq yurishga majbur qiladi.
Demak, hikoyadagi cholning yolg‘izlikka mahkum bo‘lishida milliy urf-
odatlarning buzilishi (yolg‘iz o‘g‘ilning alohida yashashi), milliylikdagi nuqsonlar
(qizlarning ota uyidan narsa tashishi), jamiyatning loqaydligi (o‘g‘il, “gazitchi
bola”, qo‘shni yigit, namozxon chollar munosabatlari) kabilarni sabab qilib
ko‘rsatish mumkin. Nabi Jaloliddin milliy qadriyatlarning buzilishi yoki
milliylikdagi nuqsonlar inson hayotini ma’nosiz qilib qo‘yishi mumkinligiga urg‘u
beradi:
“U og‘ziga nos tashladi. Og‘zi quruqshab qolganidan nosning achchig‘iniyam
sezmadi, shekilli, xumor deganlari bosilmadi. «Endi binnasa qilib nomozdi
461
o‘rganmasam bo‘lmaydi, shekilli, – o‘yladi u osmondagi yulduzlarga nazar
tashlarkan, – har tugul umrimga ma’ni kirarmidi. Vaqt ham o‘tardi…”
Nos – achchiq hayot timsoli bo‘lsa, og‘iz quruqshashi – hayotning quruq,
ma’nisizligidan darak beradi. Chol hayotning achchiq tashvishlaridan bo‘lsa ham
bir oz bahra olishni istaydi, lekin tiriklikning “xumori” bosilmaydi. Nima qilishini
bilmay zerikadi. Mazkur personaj adabiyotshunoslikdagi “ortiqcha odam” obraziga
mos keladi. Bu qahramon o‘zbek otalari oldiga qo‘yiladigan vazifalarini bajarib
bo‘lgan, yoshi keksaygan bir inson sifatida gavdalantirilgan. Uning uchun tongdan
tungacha bo‘lgan vaqtini biroz zerikmay o‘tkazishiga nimalardir, kimlardir kerak,
lekin u e’tibordan chetda qolgan. Atrofidagilar uni o‘zlari sezmagan holda
yolg‘izlatib qo‘yishgan. Bir tomondan, A.S.Pushkinning “Yevgeniy Onegin”
she’riy romanidagi Onegin, M.Y.Lermontovning “Zamonamiz qahramoni”
romanidagi Pechyorin obrazlari kabi chol ham o‘z zamoniga sig‘may qolgan
qahramondir. To‘g‘ri, chol aql, ong jihatdan Onegin va Pechyorinlardan farq qilsa-
da, mohiyatan u ham jamiyatdan ajralib qolganligi bilan “ortiqcha odam”dir.
Ikkinchi tomondan, jamiyatda yuksak ideallarsiz, aniq maqsadsiz yashagan
odamning umri ana shunday ma’nisiz bo‘lishi ham ko‘rsatib berilgan.
Nabi Jaloliddin asarda yolg‘izlik psixologiyasini mahorat bilan ochib bergan.
Hayotida ma’no ko‘rinmaydigan, jamiyatga keraksizligini sezib turgan, har bir
kunini azobda o‘tkazayotgan cholning ertangi kundan ham umidi qolmagan. U
o‘limini kutib yashaydi:
“Keyin to‘nini yechib, chiroqni o‘chirdi-da, «yo bismillo» deya joyiga yotdi.
Yotdiyu, kampiri esiga tushdi, shekilli, «hah, kampir-a», deb qo‘ydi ovoz chiqarib.
Ko‘zlari ayvon xarisi ostidan miltillab ko‘rinayotgan yulduzlarga tikildi. “Qachon
chaqirasan endi, kampir, – deya o‘yladi so‘ng. –Tezroq chaqirasanmikin?..
Ertamatangacha o‘lib qolsam-a?” Uning og‘zi g‘alati tabassum uchun ochildi,
shekilli, g‘ira-shira qorong‘ida ham kemshik tishlari xira yaltirab qo‘ydi. Shu payt
bir narsa esiga tushganday keskin qimirlab, bosh tomonidagi boyagi durrani oldi.
Yotgan ko‘yi qo‘llari bilan paypaslab, uni taxladi. «Bismillo» dedi-da, cho‘qqi
soqolini old tomonga qayirib, durra bilan jag‘ini tang‘idi. O‘lib-netib qolsa, qo‘ni-
qo‘shni kirganda jag‘i osilib, xunugi chiqib turmasin”.
Chol o‘z hayotiga qasd qilsa, bu azoblardan ertaroq qutilishi mumkin edi.
Lekin yozuvchi bunday yo‘l tutmaydi. Chunki o‘zbek milliy odati va diniy
tushunchalari bo‘yicha o‘z joniga qasd qilish og‘ir gunoh sanaladi. Shuning uchun
u o‘limni intizor bo‘lib kutishi mumkin, lekin o‘zini o‘ldirmaydi. Masalan,
Ulug‘bek Hamdamning “Isyon va itoat” romanidagi Larisa hola yolg‘izlik azobini
ko‘tarolmay o‘zini yuqori qavatdan pastga tashlaydi. Binobarin, rus milliy odatiga
ko‘ra o‘z joniga qasd qilish gunoh sanalmaydi. Faqat bunday hodisaga bizning
xalqimizdagi juda katta gunoh, degan qarash cholni o‘limdan saqlab qoladi.
462
Har qanday millatda milliylikning ijobiy va salbiy jihatlari, jumladan,
umuminsoniylikka xizmat qila olmaydigan ko‘rinishlari ham mavjud bo‘ladi.
Masalan, Jek Londonning “Hayot qonuni” hikoyasida Amerika tundralarida
yashovchi hindular o‘zini eplolmay qolgan keksalarni vahshiy hayvonlarga yem
qilib tashlab ketadilar. Bu bilan hindularga odamgarchilikdan uzoq, deya baho
berish noto‘g‘ri bo‘ladi. Ularning turmush sharoitidan kelib chiqqan odatlari
shunday shakllangan. Yoki hozirgi rus ota-onalari o‘g‘il-qizlari voyaga yetgach,
turmush qurib, alohida yashashlarini oddiy hol sifatida qabul qiladilar. Lekin
o‘zbek xalqida keksa odamni yolg‘izlatib qo‘yish odat emas. Keksalarga
e’tiborsizlik o‘zbek milliy xarakteriga xos bo‘lmagan xususiyatdir.
Nabi Jaloliddin asarlarini o‘rganish jarayonida shu narsa kuzatiladiki, 2001-
2010 yillarda yaratilgan hikoyalarida voqea va xarakterlarning keskinlashuvi ro‘y
bergan. Badiiy adabiyot hayotning in’ikosi ekanligini e’tirof etgan holda ta’kidlash
lozimki, bu o‘zgarish xalqimizning ma’naviy taraqqiyoti bilan bog‘liqdir.
Mustaqilligimizning dastlabki yillarida ko‘plab odamlarda kelajakka ishonch, o‘z
millatidan g‘ururlanish hissi yetarli shakllanmagan edi. Bu ishonchni uyg‘otishga
qilingan harakatlar samarasi ko‘zlangan darajada natija bermadi. Jamiyatda paydo
bo‘lgan ma’naviy bo‘shliqni turli yot g‘oyalar bilan zaharlash uchun chetdan
bosim kuchaydi. Bu holatlarning oldini olish, millatimizning mafkuraviy
immunitetini yuksaltirish maqsadida “yumshoq” gaplardan keskiniga o‘tish zamon
talabi edi. Nabi Jaloliddin ijodidagi evrilishlar mana shu jarayon bilan bog‘liqdir.
Dostları ilə paylaş: |