Timurrrrrrrrrrrrrrrrrrr ingliz va o’zbek tillarida vatan konseptini verballashuvi


“Ona Vatan” konseptining Zahiriddin Muhammad Bobur she’r va g’azallarida talqin qilinishi



Yüklə 479 Kb.
səhifə19/24
tarix13.08.2023
ölçüsü479 Kb.
#139283
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   24
Dissertatsiya konsept mother (2)

3.2. “Ona Vatan” konseptining Zahiriddin Muhammad Bobur she’r va g’azallarida talqin qilinishi

“Ona Vatan” konseptini o’rganish jarayonida ulug’ bobokalonimiz, shoh va shoir, umrining katta qismini o’z yurtiga bo’lgan sog’inch hissi bilan o’tkazgan Zahiriddin Muhammad Boburning o’z ijodida vatanni qanchalar yuksak mahorat bilan, hijron bilan madh etganiga amin bo’ldik. Bobomiz haqida so’z borar ekan, uning tariximizda, adabiyotimizda beqiyos o’rin tutganiga ahamiyat qaratish joiz. Ayniqsa, shoirning mumtoz she’riyatimizda yangicha ruh – Vatan va unga bo’lgan ishq ulug’vorligi yo’g’rilgan she’rlari diqqatga sazovordir. Shu o’rinda adabiyotshunos olim V. Rahmonovning quyidagi fikrlarini keltirib o’tishni joiz deb topdim: Badiiy mahorat bobida biror o’zbek shoiri Bobur bilan bellasha olmaydi, uning mumtoz she’riyatga dadil kiritgan tarjimayi hollik xususiyati ham Bobur she’riyatini alohida nurlantirib turadi. Ana shu keyingi xususiyat shoirning vatanparvarlik tuyg’ulariga jon bag’ishlaydi”. Darhaqiqat, Bobur ijodiga nazar tashlar ekanmiz, ko’pgina she’rlari hasbi hol mazmunida bo’lib, mavzu jihatdan vatan va unga bo’lgan sog’inch asosiy o’ringa chiqadi. Uning ijodida o’z hayoti bilan baqamtilik sezilib turadi, shoh sifatida boshiga tushgan qiyinchiliklarni qog’ozga tushiradi. Zero, vatandan ayrolik, vataniga hukmdor bo’lolmagani shoir nazdida o’z,, xatolaridan biri ekanligini yozadi:


Tolei yo’qki jonimg’a balolig’ bo’ldi,
Har ishniki ayladim, xatolig’ bo’ldi.
O’z yerin qo’yib, Hind sori yuzlandim,
Yo Rab, netayin, ne yuz qarolig’ bo’ldi.
Tarixiy asarlarga nazar tashlar ekanmiz, o’sha davrda Movarounnahrdagi ijtimoiy-siyosiy muhit Boburning yurtda uzoq vaqt hukmdorlik qilishiga yo’l bermagan. Boburning o’zi xususidagi yuqoridagi ayblovi esa uning o’ziga nisbatan talabchanligidan, kamtar inson bo’lganidan dalolat beradi. U benihoyat aziyat chekib, o’zga yurtga (avval Kobulga) ketishga majbur bo’ladi. Shoir bu haqda quyidagi g’azalda shunday deydi:
El bilmasa holatim, bilur yor,
Holimdin erur Xudoy ogoh.
Kobul sori gar azimat etsang,
Qurbon qilay o’zni sanga, ey shoh!
Bobur yana o’tluq oh chekting,
Kuydurmasun elni oh nogoh!
Ko’rinadiki, Bobur hayotidagi turli qiyinchiliklar, qarama-qarshiliklar, garchi u zakovat bobida ham munosib tarbiya ko’rgan bo’lsa-da, uning aql charxini yanada o’tkirlab, donishmandga aylantirdi, desak mubolag’a bo’lmaydi. Zero, uning ko’pgina g’azallarida faylasufona ruh yaqqol namoyon bo’ladi:
Ulusning ta’nu ta’rifi manga, Bobur, barobardir,
Bu olamda o’zumni chun yamon – yaxshidin o’tkardim.
U Movarounnahrni tark etgach, ijodida Vatan motivi yanada kuchaydi, alohida hasratli mazmun kasb etdi. Endilikda vatan tushunchasi ham, g’urbat va g’ariblik tushunchalari ham kengayadi, konkretlashadi. Shoirga ona yurtda qolgan do’st-u yor, xesh-u aqrabolar va, hatto, tug’ilgan o’lka tabiati, noz-u ne’matlari Vatanni eslatadi, uning bir bo’lagi sifatida sog’inch bilan orzu etiladi, ardoqlanadi:
Qovun birla uzumning hajrida ko’nglimda g’am har so’z,
Oqar suvning firoqidin ko’zimdin har dam oqar suv.
Ma’lumki, Bobur adolatli podshoh sifatida, hukmron bo’lgan yurtlarda ham adolatli siyosat yuritdi. Xalqni ma’rifatga, bunyodkorlikka chorladi. Ma’naviy hayotga salbiy ta’sir etuvchi omillardan voz kechib, jamiyat hayotida ularni ta’qiqlab qo’ydi. Hind xalqi hayoti va madaniyatining gullab-yashnashiga yuksak hissa qo’shdi. O’zining ilm-u irfoni bilan ma’rifatni yanada rivojlantirdi. Ammo umr bo’yi uning xayolini Vatan, unga bo’lgan intilish band etdi:
Ne yerda bo’lsang, ey gul andadur chun joni Boburning,
G’aribing’a tarahhum aylagilkim, andijoniydir.
Demak, Bobur ijodida vatan motivi g’oyat yuksak ahamiyat kasb etadi. Zero, u o’zga yurtda oshyon qurgan bo’lsa-da, o’z yurtini, o’zligini unutmagan chin o’zbek farzandidir.
Bobur ijodi – vatanparvarlik tarbiyasining muhim manbai
Bobur oddiy insoniy kechinmalarga, qalbda junbushga keladigan tug‘yon va taloto‘plarga, turmush ziddiyatlaridan, hayotiy voqea-hodisalardan ko‘ngilda sodir bo‘ladigan iztirobli holatlar, og‘riqli nuqtalarga samimiylik va tabiiylikka yo‘g‘rilgan badiiy jilo beradi, ularni san’atkorona sayqallashtiradi. Shu bois davrlar o‘tsa-da, shoir ijodi, lirik merosi o‘z qadr-qimmatini to‘la saqlagan holda badiiyat ixlosmandlarini o‘ziga jalb etib kelmoqda. Biz bilamizki, Bobur nozik didli so‘z san’atkori bo‘lish bilan bir qatorda umrining ma’lum qismini sarsonu sargardonlikda, jangu jadallarda o‘tkazgan, taqdir hukmi ila “o‘z yurti qolib, o‘zga yurtlarda shoh bo‘lgan” buyuk tarixiy shaxs. Shunga ko‘ra, shoir lirikasining asosiy mavzusi – Vatan, Vatan sog‘inchi; yetakchi g‘oyasi – vatanparvarlik, adolatpeshalik, samimiyatga boy mehr-muhabbat, sadoqat tarannumi. Uning bir umr talpinib yetolmagan, halovati, oromini o‘g‘irlagan, yuragiga bitmas og‘riq solgan, “gul yuzi hajrida sarg‘aytirgan”, “oyog‘iga xazon bargidek to‘kilib yolbortirgan”, “tole’idan nolitgan”berahm ma’shuqasi – Vatan; tomirida oqayotgan qoni, bo‘g‘zidan otilayotgan nafasi – Vatan sog‘inchi.Adib umrining har daqiqasida Ona yurti ishqida yonib yashadiki, bu otashin qalbdagi muhabbat harorati, sog‘inch iztirobi har bir g‘azal satriga singib kirdi, har bir ruboiy mohiyatini tayin etdi, har bir masnaviy, har bir muxammas qatigajo bo‘ldi, har qit’a, har tuyuqda aks-sado berdi. Adabiyotshunoslikda bu borada juda katta hajmdagi ilmiy-tadqiqot ishlarining amalga oshirilganini yaxshi bilamiz.Shoir ijodining ayni xususiyatlarini chuqur anglagan, uning alam-iztiroblarini yurakdan his qila olgan kitobxon nazdida Bobur bilan bir vaqtda Vatan tushunchasi gavdalanadi, Vatan tuyg‘usi, muhabbati kamolga yetadi. Buni biz shoir g‘azallari misolida ko‘rib o‘tamiz.
“Charxdan behisob javru jafo ko‘rish”, “jondan o‘zga mahrami asror topa olmaslik”, “ko‘ngilning gulzor mayl qilmasligi”, “diyoru yorning hargiz vafo ko‘rsatmasligi” Bobur lirikasining yetakchi mavzulari. Bu nolish va tushkun kayfiyatlarning bosh manbai esa – Vatan sog‘inchi, Ona yurt hajri. Shoirning ana shu tabiiy va samimiy sog‘inchi uning butun ijodiy faoliyati davomida hamroh bo‘ldi, ilhom manbai sifatida qo‘liga qalam tutqazdi. To‘g‘ri, bu bilan biz Bobur faqatgina Vatan sog‘inchini kuylagan, unga ishqiy mavzu, oshiqlik begona, demoqchi emasmiz. Bobur o‘z navbatida adabiyotning azaliy va abadiy mavzusi sanalmish ishq-muhabbat kechinmalarini ham qalamga olgan. Oshiqning beqaror holati, otashin qalbini oshkor qiluvchi intim lirikaning ham betakror namunalarini yaratgan. Bunday ifoda shoirning “O‘zni, ko‘ngul, aysh bilan tutmoq kerak”, “O‘lum uyqusig‘a borib jahondin bo‘ldum osuda”, “Jonimdin o‘zga yori vafodor topmadim”, “Charxning men ko‘rmagan javru jafosi qoldimu?!”, “Keltursa yuz baloni o‘shal bevafo manga”, “Ne xush bo‘lg‘ayki, bir kun uyquluq baxtimni uyg‘otsam”, “Sochining savdosi tushti boshima boshdin yana”, “Ko‘ngulga bo‘ldi ajoyib balo qaro soching”, “Baloyi ishqki, har dam manga jafoyedur”, “Sening ishqingda, yey nomehribon, bexonumon bo‘ldum”, “Xazon yaprog‘i yanglig‘ gul yuzzung hajrida sarg‘ardim”, “Gul jamolin yopqon ul gulning iki rayhonidur”, “Bahor ayyomidur dog‘i yigitning avomidur”, “G‘urbatta ul oy hajri meni pir qilibtur”, “Agarchi sensizin sabr aylamak, ey yor, mushkuldur”, “Sendek manga bir yori jafokor topilmas”, “Kim ko‘rubdur, ey ko‘ngul, ahli jahondin yaxshilig‘” singari g‘azallari mazmunida o‘ziga xos badiiy pardalarda namoyon bo‘ladi. Chunonchi, shoirning “Charxning men ko‘rmagan javru jafosi qoldimu”g‘azali mazmunan ham Vatan sog‘inchi, ham ma’shuqasi hajridan alamzada oshiq kayfiyati tasvirini o‘zaro uyg‘unlashtira olgan betakror lirik merosdir. G‘azalning mayin lirizmini, hazin tuyg‘ular tarovati, “ilohiy ifoda lazzati” kitobxon qalbiga singib, shuuriga ko‘chib, shoh va shoir Bobur kechinmalari bilan oshno qiladi:
Charxning men ko‘rmagan javru jafosi qoldimu?!
Xasta ko‘nglum chekmagan dardu balosi qoldimu?!
Meni xor ettiyu qildi muddaiyni parvarish,
Dahri dunparvarni o‘zga muddaosi qoldimu?!
Meni o‘lturdi jafou javr birla ul quyosh,
Endi tirguzmak uchun mehru vafosi qoldimu?!
Oshiq o‘lg‘ach ko‘rdum o‘lumni o‘zumga, ey rafiq,
O‘zga ko‘nglumning bu olamda harosi qoldimu?!
Ey ko‘ngul, gar Bobur ul olamni istar qilma ayb,
Tengri uchun de bu olamning safosi qoldimu?!
Nasriy bayon:
Falakning men ko‘rmagan jabru jafosi qoldimi?!
Bechora ko‘nglim chekmagan dardu balosi qoldimi?!
Falak menga xorlikni ravo ko‘rdiyu, raqibimga iltifot ko‘rsatdi, o‘zga da’vogarni parvarish qildi,
Raqiblarga muruvvat qiluvchi teskari dunyoning mendan yana biror muddaosi qoldimi?!
U go‘zal husnini quyosh kabi har yoqqa taratib, meni jabru jafo bilan o‘ldirdiyu,
Endi tiriltirish uchun yetadigan mehr va vafosi qoldimi?!
Ey do‘st, oshiq bo‘lgandan so‘ng o‘zimga o‘limni ravo ko‘rdim,
Bu olamda ko‘nglim uchun bundan boshqa qo‘rqinch qolmadi.
Ey ko‘ngil, agar Bobur narigi olamni (abadiy hayotni) istasa, ayb qilma,
Tangri uchun aytki, bu olamning musaffoligi, huzur-halovati qoldimi?!
Baytlar mazmunida shoirning falakdan ko‘rgan aziyatlardan shikoyati ustuvor mavqega ko‘tariladi: beshafqat falak behisob jabru jafosini yog‘dirib bo‘ldi – uni o‘z yurtidan judo qilib, o‘zga ma’volarga yo‘lladi, yaqinlaridan, ona diyori bag‘ridan juda erta ayirdi, bundan ortiq yana qanday jafolar bo‘lishi mumkin? Ko‘ngil xasta, ruh beorom. Dunyoning dardu balosi - turmush ziddiyatlari, ijtimoiy-siyosiy muammolar, harbiy mojarolar, turmush mashaqqatlari ko‘ngilni xasta qildi, ruh bedavo dardga mubtalo bo‘ldi. Ayni g‘amgin misralar g‘azalning ancha tushkun kayfiyatda dunyoga kelganidan guvoh. Shoir va shoh qalbining og‘riqli nuqtalaridan dalolat. Bir inson taqdiriga achchiq ko‘rgulik bitilganiga ishora. Shoh Boburning “Boburnoma” asaridagi ma’lumotlar g‘azal Bobur hayotining eng og‘ir damlari: 1506-1507 yillardagi sargardon kunlarning, qalin qorli qish qahratonining azob-uqubatlaridan vujudga kelgan tushkun kayfiyat mevasi ekanligini isbotlaydi. Ma’lumki, ayni shu yillarda, aniqrog‘i, “sha’bon oyining yettisida” Bobur Qobul sari yo‘l oladi. “Har yurtda bir-ikki kun ko‘ch qilib”, ramazon oyida Langari Mir G‘iyosga yetib kelishadi.Ayni shu yerda Qobulga qaysi yo‘ldan borish qulayligi kengashiladi va qishning qattiq kelgani, tog‘ yo‘li yanada qalin qor bilan qoplangani bois Qandahor orqali yo‘l oladilar. Qorning qalinligidan atrofni aniq ko‘rib bo‘lmagani bois Sulton otli yo‘lboshlovchi ham yo‘lni yo‘qotadi. Boshqa yo‘lboshlovchi topilguncha, uch-to‘rt kun shu adashgan joylarida qolib ketishadi.Bu yerda nihoyatda adoqsiz azob chekishadiki, bu haqda shoirning o‘zi shunday deydi: “Ul necha kun bisyor tashvishlar va mashaqqatlar tortuldi, andoqkim, muddatul-umr muncha mashaqqat kamroq tortilib edi”. Demak, ayni shu yerda Bobur shu damgacha ko‘rgan alamlari, mashaqqatli kunlaridan ko‘p hissa ortiq azob chekadi, ham jisman, ham ruhan qiynaladi. Yo‘l sargardonligi, qish qahratoni jismini azoblasa, Ona yurtini tark etish, Vatan diydori sog‘inchiga mubtalo bo‘lish ruhini kemiradi, ko‘nglini bir umrga xasta qiladi. G‘azal matla’si ana shu xasta ruhiyat, tushkun kayfiyatdan yuzaga kelganini shoir “Boburnoma”sida alohida ta’kidlaydi.
Shuningdek, shoir yana bir ruboiysida Vatandan ayri ko‘ngil kechinmasini shunday izhor qiladi:
Ko‘pdin berikim yoru diyorim yo‘qdur,
Bir lahzayu bir nafas qarorim yo‘qdur.
Keldim bu sori o‘zi ixtiyorim birla,
Lekin borurimda ixtiyorim yo‘qdur.
Mazkur misralar o‘z yurtidan yiroqlarni manzil etgan lirik qahramonning, Vatan sog‘inchiga mangu mubtalo qalbning tushkun kechinmasi, alamli izhori. Ruboiyni o‘qishi bilan undagi hazin va horg‘in kayfiyat beixtiyor o‘quvchiga ham “yuqadi” va uning shaxsiyatida Vatan qadru qimmatini yuksaltiradi. Navbatdagi ruboiyda esa shoir o‘z qismatida uchragan ko‘ngilsizliklarni keskin tanqid qiladi:
Tole’ yo‘qi jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi,
Har ishniki ayladim, xatolig‘ bo‘ldi.
O‘z yerim qo‘yub, Hind sori yuzlandim,
Yo Rab, netay, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi.
Lirik qahramon boshiga tushgan har ne ko‘ngilsizliklar, xatoliklar sababini o‘z yurtidan ayri tushishida ko‘radi. Unib-o‘sgan muqaddas Ona Vatinini tashlab, Hindiston tomonlarga yo‘l olishi, notanish manzillarni makon tutishi navbatdagi noxushliklar, yechib bo‘lmas dilxiraliklarni yetaklab kelganidan shikoyat qiladi. Bobur Ona Yurt qayg‘usini, Vatan sog‘inchini nafaqat lirik kechinmalar orqali, balki buyuk “Boburnoma”si orqali ham nihoyatda keng va ta’sirchan ifodalaydi. Bu memuar asarda ota zaminning har qarich yerini va xosliklarini, tabiiy tarovatini mehru muhabbat, yuksak mahorat bilan tasvirlab beradi. Hind diyorida Andijon qovunini qo‘msab yashagani, uning muattar hidini ko‘zda yosh bilan eslashi kitobxonni Vatan qadrini anglashga, unga sadoqat bilan xizmat qilishga undaydi.
Xullas, Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zbek adabiyoti xazinasini o‘lmas asarlar bilan boyitgan iste’dodli ijodkor, Hindiston zaminida Boburiylar sulolasiga asos solgan mohir sarkarda va adolatli shoh sifatida o‘zbek ma’naviyati, jahon madaniyati maydonida nechog‘lik yuksak maqomga ega bo‘lsa, shu darajada vatanparvarlikning oliy timsolidir. Shu boisdan ham, shoh va shoir Bobur haqida so‘z ketganda, darhol ko‘z o‘ngimizda Vatanning bepoyon sarhadlari, betakror tabiiy tarovati gavdalanadi, unga talpingan sog‘inchlar, armonlar his qilinadi. Bobur shaxsiyati va ma’naviy merosi asrlar oshsa-da o‘zining qimmatli qadrini, e’tibor-ahamiyatini barhayot saqlab qolaveradi.


Yüklə 479 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   24




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin