III BOB. MOTHERLAND – ONA VATAN KONSEPTINI IFODALASHDA ADABIYOT VA SHE’RIYATNING ROLI VA AHAMIYATI
3.1. Erkin Vohidovning “O’zbegim” qasidasi va William Ernest Helleyning ‘England, My England’ she’rlarida Ona Vatan madhi Bizga ma’lumki, she’riyat adabiyotshunoslikning asosiy janrlaridan biri hisoblanadi. U bugungi kunda, nafaqat butun dunyoda, balki bizning yurtimizda ham takomillashib, o’zining yuksak cho’qqisiga chiqmoqda. Shu o’rinda biz ham tadqiqotimiz mavzusini yanada boyitish uchun, o’zbek xalq shoiri Erkin Vohidovning 1968-yilda yozilgan, hammaga mashxur, har o’qiganingizda vatanga bo’lgan muhabbatingizni tovlantiradigan, unga bo’lgan faxr va iftixor tuyg’ularini jo’shqinlashtiradigan va jonajon O’zbekistonimizni yanada ko’proq sevishimizga undaydigan ‘O’zbegim’ qasidasi va ingliz adibi, tanqidchi va muharrir William Ernest Helleyning o’z vatani Angliya uchun atab yozgan ‘England, My England’ she’rlarida vatan talqini va uning qanday aks etishini ko’rib chiqishga qaror qildik. Bir-biridan tili, dini, urf-odatlari va mentatilitetidan butunlay farq qiluvchi ikki davlat O’zbekiston va Angliya adiblarining vatanni qanchalik madh etishi har bir o’quvchi yosh uchun qiziqarli bo’ladi deb umid qilamiz.
Dastlab, ko’ngil mulkini taroj aylagan qalb egasi, mashxur shoirimiz Erkin Vohidov va uning ‘Ozbegim’ qasidasiga to’xtaladigan bo’lsak, adibimizning vatanimiz boshiga musibatli kunlar tushganida ham o'z istiqloli uchun qalbdagi tuyg'ularini baralla ayta olganiga tasannolar aytsak arziydi. Uning har bir she'rlarida insonning yuragida his uyg'otadigan kuch mavjud. "O’zbegim" qasidasi haqida O’zbekiston xalq yozuvchisi O’tkir Hoshimov shunday degan edilar: "Haqiqiy ijodkor o’z xalqining fidoyi va sodiq farzandi bo’ladi. Bu hamma zamonlarga, hamma xalqlarga xos udum. Erkin Vohidovning talay asarlari bunga misol bo’la oladi. Birgina "O’zbegim"ni oling! O’z vaqtida shoirning boshiga ko’p savdolar solgan, "peshonasini g’urra qilgan" bu qasidani o’zbekning gimni deyish mumkin. Ammo bu oddiy madhiya, faxriya emas. Hajmi kichik asarda xalqimizning ming yillik tarixi, quvonch va iztiroblari g’oyat tabiiy, g’oyat teran aks etgan. Bir maktabga borganimda butun sinf bolalari "O’zbegim"ni boshidan oxirigacha jo’r bo’lib yoddan o’qiganini ko’rganman va xalqimizning shunday shoiri borligidan faxrlanganman..." Shuningdek, ushbu qasida O’zbekiston xalq artisti Sherali Jo’rayev tomonidan qo’shiq qilib kuylangan. Qasida kabi qo’shiq ham a’lo darajada ijro e’tilgan. Tan olishim kerakki, men har safar mana qo’shiqni eshitganimda, ko’ksim g’urur va iftixorga to’ladi va vatanimga atab yozilgan ushbu misralarni beixtiyor kuylab yuboraman.