ALEKSANDRO VOLTA (1745-1827) Buyuk italyan fizik va ximigi, fizikaning elektr bo'limi asoschilaridan biri. 1791-yilda elektroskopni kashf qilgani uchun London qirolligi jamiyatiga qabul qilingan.
1800-yilda galvanik element (batareya) ni ixtiro qilgani uchun Napoleon tomonidan graf unvoni berilgan.
Amalda, asosan, quruq galvanik elementlardan foydalaniladi. 32-rasmda eng sodda quruq galvanik elementning tuzilishi ko'rsatilgan. Galvanik elementning asosiy qismi rux (Zn) idishdan va unga solingan ko'mir (C) sterjendan iborat. Xaltachaga solingan marganes oksidi (Mn02) va ko'mir aralashmasidan tayyorlangan qorishma ko'mir sterjenni o'rab turadi.
Kimyoviy reaksiya jarayonida ko'mir sterjenda musbat, rux sterjenda manfiy zaryadlar to'planadi.
Hozirgi paytda turli-tuman galvanik elementlar ishlab chiqariladi (33-rasm). Galvanik elementlardan oladigan quvvatini oshirish uchun ular bir-biri bilan ketma-kel ulanadi. Bunday ketma-ket ulangan elementlar tizimi galvanik elementlar batareyasi deyiladi.
Ko'chma radio, televizor va sovitgich pulti kabi asboblarga galvanik elementlar batareyasi qo'yiladi.
Akkumulatorlar «Akkumulator» so'zi lotinchadan olingan so'z bo'lib, «to'plovchi» degan ma'noni anglatadi. Barcha turdagi galvanik elementlarning ishlashi davomida ulardagi elektrodlar yemiriladi, eritma esa kuchsizlanib qoladi. Malum vaqt o'tgach, ularda kimyoviy reaksiyaning kuchi so'nadi va ishga yaroqsiz bo'lib qoladi.
Akkumulatorda ham galvanik element kabi kimyoviy energiya elektr energiyaga aylanadi. Lekin akkumulatorda kimyoviy reaksiyaning kuchi tugasa, ularni boshqa tok manbai elektr tarmog'idan maxsus asboblar yordamida zaryadlab, qayta ishlatish mumkin.
Akkumulatorni zaryadlash uchun u orqali tok o'tkaziladi. Buning uchun uning musbat qutbi boshqa tok manbaining musbat qutbiga, manfiy qutbi esa o'sha manbaning manfiy qutbiga ulanadi,
Akkumulatorda kimyoviy energiya elektr energiyaga aylanadi. Boshqa manba yordamida akkumulatordan tok o'tkazish orqali uning ishlash faoliyati tiklab turiladi. Texnikada akkumulatorning ikki turi: kislotali va ishqorli akkumulatorlar keng qo'llaniladi. Kislotali akkumulator sulfat kislota eritmasiga botirilgan ikkita qo'rg'oshin plastinadan iborat.
Plastinalardan bin toza qo'rg'oshindan iborat bo'lib, u o'ziga manfiy zaryadlarni, ikkinchi qo'rg'oshin plastinaning usti qo'rg'oshin oksidi bilan qoplanganligi uchun u o'ziga musbat zaryadlarni yig'adi.
Ishqorli akkumulatorlarda esa, plastinalaridan biri nikellangan po'lat bo'lib, u o'ziga musbat zaryadni, ikkinchisi oksidlangan temir bo'lib, u o'ziga manfiy zaryadni yig'adi.
34-rasmda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan kislotali akkumulatorning tashqi ko'rinishi keltirilgan.
Akkumulatorlar turmush va texnikada keng qo'lla-niladi. Masalan, avtomobillarda dvigatelni ishga tushirishda, ko'chma radio, televizor, uyali telefon va kompyuterlarda, suvosti kemalarida, yerning sun'iy yo'ldoshlarida akkumulatorlardan tok manbai sifatida foydalaniladi.
Maktab fizika xonalarida tajriba va laboratoriya ishlarini o'tkazish uchun turli xil o'zgarmas tok man-balaridan foydalaniladi.
Odatda, bunday o'zgarmas tok manbalari elektr tarmog'iga ulangan maxsus asboblar yordamida hosil qilinadi (35-rasm). Bundan buyon elektr zanjirlarda o'zgarmas tok manbaining elektr sxemasini 36-rasmda keltirilgandek tasvirlaymiz.