Ingliz olimi J. Dalton 1804 yilda moddaning tuzilishi haqidagi atomistik tasavvurlarga asoslanib, karrali nisbatlar qonunini ta’rifladi: agar ikki element o‘zaro birikib bir necha kimyoviy birikma hosil qilsa, elementlardan birining shu birikmalardagi ikkinchi elementning bir xil massa miqdorlariga to‘g‘ri keladigan massa miqdorlari o‘zaro kichik butun sonlar nisbatida bo‘ladi. Dalton, metan va etilen gazlarining tarkibiga e’tibor berdi: metan tarkibida 75% uglerod va 25 % vodorod bo‘lib, unda 1 massa qism vodorodga 3 massa qism uglerod to‘g‘ri keladi (ya’ni 3:1). Etilen tarkibida esa 85,71 % uglerod va 14,29% vodorod bor; bu moddada 1 massa qism vodorodga 6 massa qism uglerod to‘g‘ri keladi (ya’ni 6:1). Demak, bu birikmalarda 1 massa qism vodorodga to‘g‘ri keladigan uglerod miqdorlari o‘zaro 3: 6 yoki 1: 2 nisbatida bo‘ladi. Karrali nisbatlar qonuni juda ko‘p misollar bilan isbotlandi, masalan, suv tarkibida bir massa qism vodorodga 8 massa qism kislorod to‘g‘ri kelsa, vodorod peroksid tarkibida 1 massa qism vodorodga 16 massa qism kislorod to‘g‘ri keladi. Karrali nisbatlar qonunining mavjudligi atomistik nazariya asosida quyidagicha izohlanadi: bir elementning bir atomi ikkinchi elementning bitta, ikkita, uchta va hokazo sondagi atomlari bilan birika oladi va aksincha, birinchi elementning ikkita atomi ikkinchi elementlar bitta, ikkita va hokazo sondagi atomlari bilan birikishi mumkin.
Ekvivalentlar qonuni
Moddalar o‘zaro ma’lum massa miqdorlarida birikadi. Masalan, 49 g sulfat kislota 32,5 g rux bilan reaksiyaga kirishganida 1g vodorod ajralib chiqadi. Sulfat kislotaning o‘rniga 36,5 g xlorid kislota olinsa ham o‘shancha vodorod ajralib chiqadi. Ruxning o‘rniga alyuminiy olsak, 1 g vodorod ajralib chiqishi uchun 9 g alyuminiy kerak bo‘ladi. Demak, kimyoviy jihatdan qaraganda 49 g sulfat kislotaning «qiymati» 36,5 g xlorid kislota «qiymatiga», 32,5 g ruxning «qiymati» esa 9 g alyuminiy qiymatiga tengdir. Bunday misollarni juda ko‘p keltirish mumkin. Bu holni tasvirlash uchui Vollaston 1814 yilda kimyoga ekvivalent («teng qiymatli») degan tushunchani kiritdi. Vodorodning ekvivalenti 1 ga teng deb qabul qilindi, 1 massa qism vodorod 8 massa kislorod bilan birikkanda 9 massa qism suv hosil bo‘ladi, shuning uchun kislorodning ekvivalenti 8 ga teng.