1-rasm. Biznes-rejani ishlab chiqish bosqichlari. Biznes-rejani tayyorlashning birinchi bosqichida korxona missiyasi (korxona falsafasi) – xo’jalik subyektining qisqacha ta’rifi, uning maqsadlari, burchi, faoliyat sohalari, xarajat me’yorlari va mintaqa, jamiyatning ijtimoiy vazifalarini hal etishdagi o’rni aniqlanadi.
Ko’pincha, korxonalar o’z missiyasi maksimum foyda olish,- deb xato qiladilar. Iste’molchilar uchun korxonaning qancha foyda olishi qiziqarli emasdir. Foyda olish korxonaning ichki muammosi bo’lib, uni hammaga e’lon qilish, ta’sis hujjatlariga kiritib qo’yishni ma’lum ma’noda o’rinsiz deb hisoblash mumkin. Har qanday korxona ochiq tizim bo’lib, uning muvaffaqiyati tashqi muhitdagi iste’molchilarning ma’lum bir talablarini qondirish bilan bog’liqdir. Agar korxona shunday missiyani amalga oshirishga imkoniyat topa olmasa, bir vaqtning o’zida kam foyda oladi. Shuning uchun faqatgina tashqi muhitdan korxonaning maqsadi va missiyani topish mumkin. Foyda maqsad emas, balki maqsadga erishish vositasidir.
Mos keluvchi missiyani tanlab olish uchun kamida ikkita savolga javob topish kerak: ''korxona mijozlari, iste’molchilari kim?'', Korxona qanday talablarni qondirishi mumkin?''. Masalan, foydaning ahamiyatini yaxshi bilgan Genri Ford o’z kompaniyasi missiyasini quyidagicha ta’riflagan: ''Biz odamlarga arzon mashinalarni havola etamiz Shu bilan birga u doimo ushbu ishni kim amalga oshirsa, uni foyda chetlab o’tmaydi deb ta’kidlab kelgan''.
Missiya korxonaning o’zi uchun belgilab olinadi, lekin doimo xaridorga, jamiyatga yo’naltirilgan bo’ladi. Mashhur ''Sony'' firmasining missiyasi quyidagicha ta’riflanadi: ''Taraqqiyotni amalga oshirish orqali jamiyatga xizmat qilish''.
Shu kabi quyidagi misollarni keltirish mumkin:
Xalqaro savdo orqali tinchlik sari.
Mamlakat uchun nima yaxshi bo’lsa, firma uchun ham yaxshidir.
Bizning mahsulotlar dunyoni hayot uchun yanada qulay qiladi.
Korxona missiyasining fundamental asoslari bo’lib, uning tamoyillari va etikasi hisoblanadi. Ular firma xodimlari xatti-harakatlariga qo’yiladigan universal ijtimoiy talablar majmuini ifodalovchi faoliyatning asosiy qoidalari sifatida yuzaga chiqadi.
Korxona tamoyillari o’z ichiga oladigan talablar quyidagilar:
mahsulot (ish, xizmatlar) va bozorga talablar;
boshqaruvga talablar - motivatsiya tizimi, qarorlar qabul qilish, nazorat, yutuqlarni baholash va h.k.;
xodimlarga talablar - ijodiy fikrlash, mas’uliyatni o’z zimmasiga olish, motivlar, unumdorlikni baholash va h.k.;
tashqi muhitga talablar - xaridorlar, ta’minotchilar, investorlar, raqobatchilar, jamiyat, davlat.
Tamoyillarni shunday ta’riflash kerakki, bir tomondan, raqobatchilar korxonaning xo’jalik yuritishdagi niyatlaridan foydalana olmasliklari uchun imkon qadar umumlashgan holda, ikkinchi tomondan, xaridorlar va hamkorlar hamda boshqa ishtirokchilar ularni yaxshi tushunishi uchun yetarlicha aniq bo’lishi lozim.
Korxona etikasi (yoki o’zaro aloqalarning ma’naviy jihatlari) biznesmenning vijdoni yordamida tadbirkorlik faoliyati jarayonida firma xodimlari xatti-harakatlariga (xulqiga) bo’lgan eng yuqori talablarga amal qilishga imkon yaratadi. Korxonaning bozordagi hamkorlariga nisbatan amal qilishi lozim bo’lgan ma’naviy qadriyatlari qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin: aldashdan voz kechish, halollik, hamkorlikdagi ishda ishonch, innovatsion g’oyalar sohibining tadbirkorlik manfatiga hurmat.
Missiyani belglashda korxona tanlab olgan qadriyatlar yo’nalishi ham ahamiyatga ega bo’lib, ular rahbarlar va barcha xodimlarning strategik xatti-harakatlariga jiddiy ta’sir o’tkazadi. Nazariya va amaliyotda qadriyatlar yo’nalishining oltita turini ajratib ko’rsatish mumkin (1-jadval).