20. Mavzu. Takroriy qurt boqish agrotexnikasi
Reja
1.Kichik yoshdagi ipak qurtlarini boqish
2. Katta yoshdagi ipak qurtlari
Yozgi va yoz-kuzgi sharoit qurt organizmiga noqulay ta’sir qiladi. Bunday ta’sirni susaytirish uchun qurtlarni yaxshi parvarish qilish zarur. Takroriy qurt boqish uchun mos keladigan qurtxonalar ajratish kerak. qurtxona salqin va yozning issiq vaqtida qurtlarni issiqlik ta’siridan saqlay oladigan bo’lishi kerak. Bunday qurtxonalarning devorlari qalin, tomi loy bilan suvalgan, atrofi daraxt bilan o’ralgan va qurtxona yaqinida tez oqadigan katta ariq bo’lishi kerak. Binolar pastlik joyda bo’lsa, qurtxona uchun shimoliy va shimoli-g’arbiy tarafdagi binolarni tanlash kerak.
Takroriy qurt boqish uchun yengil tipda solingan ochiq imoratlar, saroy va ayvonlar mutlaqo yaramaydi. Keng, yorug’, derazalari katta va tunuka tomli binolar ham ma’qul ko’rilmaydi, chunki bunday binolar, agar atrofida daraxt bo’lmasa, quyosh nuri ta’siridan juda tez qizib ketadi.
Qurtxona tanlash vaqtida eshik va derazalarga alohida e’tibor qilish kerak. SHuni esdan chiqarmaslik lozimki, kechasi qurtxonaning eshik va derazalarini ochish bilan faqat undagi havogina shamollatilmay, balki kechki salqin ta’sirida bino ham sovutiladi. qurtxonada kechasi bilan pasaytirilgan haroratni saqlash uchun, kunduzi tashqaridagi issiq havoning binoga kirishiga yo’l qo’ymaslik kerak. Buning uchun qurtxonaning eshik va derazalarini yaxshilab berkitish lozim. Derazalarni tashqi tomonidan parda, bo’yra, taxta yoki boshqa materiallar bilan to’sib qo’yish kerak.
Takroriy qurt boqiladigan joyning katta-kichikligi alohida ahamiyatga egadir. Kunduzi havoning issiq vaqtida qurtlar bargni kechasidagiga qaraganda kam yeydi. Yozda boqiladigan qurtlar, bahorda boqiladigan qurtlarga qaraganda, bargni kechasi va ertalab havo salqin vaqtda ko’p yeydilar. qurt boqish sathi qanchalik keng bo’lsa, qurtlar shunchalik yayrab bargni to’yib yeydilar. Yozda qurtlar yuqumli kasalliklarga tez-tez uchrab turadi. Ba’zi kasalliklar (sariq, qonchirish) qurtlarning bir-biri ustidan yurib, terisini tirnoqlari bilan yaralantirish natijasida tarqaladi. Qurt boqiladigan sath qanchalik katta bo’lsa, qurtlar shuncha siyrak joylashib, terilarining yaralanish xavfi kam bo’ladi. So’kchaklarni ikki va uch qavatli qilish kerak. So’kchaklarni yozda juda baland qilish ma’qul ko’rilmaydi, chunki qurtxona havosi tomga yaqinlashgan sari issiqroq bo’ladi. So’kchakning maydoni: bir quti urug’dan chiqqan qurtlar uchun uchinchi yoshning oxirigacha 15 kvadrat metr va undan katta yoshlardagi qurtlar uchun 60 kvadrat metr bo’lishi kerak. Takroriy qurt boqish uchun bu ko’rsatilgan sath minimal deb hisoblanadi.
Dostları ilə paylaş: |