15.2-rasm.
Yalpi talab egri chizig‘i
2
1
Экономическая теория: Учеб. для студ. высш. учеб. заведений / Под ред. В.Д.Камаева. – 10-е изд., перераб.
и доп. - М.: Гуманит. изд. центр ВЛАДОС, 2004, с.291.
2
Manba: Muallif tomonidan tuzilgan.
440
Rasmdan ko‘rinadiki, yalpi talab egri chizig‘i yakka talab egri chizig‘iga
o‘xshaydi, biroq o‘zaro bog‘liq ko‘rsatkichlar bir-biridan farqlanadi. Agar yakka
talab egri chizig‘i turli narx ko‘rsatkichlarida alohida iste’molchining muayyan
tovarga bo‘lgan talabi miqdori o‘rtasidagi bog‘liqlikni ifodalasa, yalpi talab egri
chizig‘i mamlakatdagi narxlarning turli darajasi hamda ishlab chiqarishning real
hajmi o‘rtasidagi bog‘liqlikni ifodalaydi.
Agar yakka talab egri chizig‘ining pasayuvchanligi daromad va almashuv
samaralarining amal qilishi bilan izohlansa, yalpi talab egri chizig‘ining
pasayuvchan ko‘rinishda bo‘lishi narxlar umumiy darajasining o‘zgarishi
natijasida ro‘y beruvchi foiz stavkasi va import tovarlar xaridi ta’siri orqali
izohlanadi.
Foiz stavkasi.
Buning mohiyati shundan iboratki, narx darajasining o‘sishi
bilan pulga bo‘lgan talab ham ortadi. Bu esa muomaladagi pul miqdorining
o‘zgarmagan hajmi sharoitida foiz stavkasining o‘sishiga olib keladi. O‘z
navbatida foiz stavkasining o‘sishi iste’mol va investitsiya sarflari hajmini
pasaytiradi. Chunki foiz stavkalarining oshib ketishi aholi tomonidan uy va uy
jihozlari, avtomobil kabi uzoq muddatli iste’mol tovarlarini sotib olish uchun
kredit olishni samarasiz qilib qo‘yadi. Shuningdek, tadbirkorlar ham foizning
yuqori darajasida o‘zlarining nisbatan past daromad keltiruvchi investitsiya
loyihalarini amalga oshirishdan voz kechadilar.
Narx o‘zgarishi bilan foiz stavkalarining hamda yalpi talab umumiy
miqdorining o‘zgarishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni rasm orqali osonroq tushunish
mumkin (15.3-rasm).
Bu yerda biz narx oshgan holatda pulga bo‘lgan talabning, foiz stavkasining
oshishini va nihoyat, yalpi talab miqdorining kamayishini ifoda etdik. Narx
pasaysa, shu holatning teskarisi, ya’ni pulga bo‘lgan talab hamda foiz stavkasining
pasayishi va oqibatda yalpi talab miqdorining oshishi ro‘y beradi.
|