12-bob. ISH HAQI VA MEHNAT MUNOSABATLARI Mamlakatda yaratilgan yalpi ichki mahsulotning taqsimlanish tamoyillari,
shakllari, usullari muhim ahamiyat kasb etib, ulardan amalda foydalanish
masalalari iqtisodchi-mutaxassislar o‘rtasida turli tortishuv, bahs-munozaralarga
sabab bo‘lib kelmoqda. Bunda yaratilgan maxsulot qanday taqsimlanadi, degan
savolga javob berish kerak bo‘ladi. Ayniqsa, kishilarning hayot kechirishi va
turmush darajasini aniqlab beruvchi daromadlarning asosiy turi bo‘lgan ish haqini
tahlil qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu bobda ish haqining iqtisodiy tabiati
bilan bog‘liq muammolar, yaratilgan maxsulot va daromadlarning taqsimlanish
tamoyillari, ish haqi shakllari va bozor munosabatlari sharoitida uning darajasiga
ta’sir ko‘rsatuvchi omillar, ish haqi stavkasini tabaqalashtirish masalalari,
shuningdek,
mehnat
munosabatlarining
iqtisodiy
mazmuni
va
ularni
shakllantirishda turli shartnomalarning va kasaba uyushmalarining roliga alohida
o‘rin beriladi.
12.1. Yaratilgan mahsulot va daromadlarning taqsimlanish tamoyillari Ish haqining mazmunini to‘g‘ri tushunib olish uchun eng avvalo yaratilgan
jami mahsulotning taqsimlanish tartibi to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lish lozim.
Mamlakatda ishlab chiqarilgan jami mahsulotning (tovar va xizmatlarning)
taqsimlanish tamoyillari bo‘yicha turlicha nazariyalar mavjud. Bozor iqtisodiyotiga
doir adabiyotlarning ko‘pchiligida «uch omil» deb nomlanuvchi nazariya keng
tarqalgan. Bu nazariyaning asoschilaridan biri fransuz olimi J.B.Sey
«ishlab chiqarishning uch omili» degan g‘oyani ilgari surib, unda tovarlarni ishlab
chiqarishda mehnat, yer va kapital bab-baravar qatnashadi, ular hamma daromadlar
manbaidir va binobarin daromadlar ham shu omillar o‘rtasida taqsimlanadi, deb
ko‘rsatadi. Uning bu g‘oyasi amerikalik iqtisodchi olim J.B.Klarkning