yashirin ikkalamchi iqtisodiyot – yakka tartibdagi va kooperativ faoliyatning nazoratdan yashiringan, ya’ni qonun tomonidan taqiqlangan yoki belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tmagan turi.
14.3. Yalpi ichki mahsulotni hisoblash usullari Yalpi ichki mahsulot (YaIM)ni hisoblashda milliy hisoblar tizimidan foydalaniladi. Milliy hisoblar tizimi (MHT) – bu barcha asosiy iqtisodiy jarayonlarni, takror ishlab chiqarish sharoitlari, jarayonlari va natijalarini tavsiflovchi o‘zaro bog‘liq makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, tasniflar va guruhlar tizimi. MHT BMT tomonidan e’lon qilingan «Milliy hisoblar va yordamchi jadvallar tizimi» nomli hujjat asosida xalqaro statistikada standart tizim sifatida 1953 yildan boshlab qo‘llanila boshladi. Shu davrdan (1953 yildan) buyon to bugungi kungacha MHT to‘rt marta o‘zgartirilib, takomillashtirildi. Lekin u hali ham takomillashtirishga muhtoj. Hozirgi davrda dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlarida, shu jumladan O‘zbekistonda mazkur tizimning takomillashtirilgan shakli qo‘llanilmoqda.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin, ya’ni 1993 yildan boshlab MHTdan foydalana boshladi. Q.Mambetjanovning fikricha, hozirgi kungacha milliy hisoblar tizimining rivojlanishini yettita bosqichga ajratib o‘rganish maqsadga muvofiq.
Birinchi bosqich XVII asrning ikkinchi yarmidan 1930 yilgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olib, unda milliy hisoblar tizimi ilk bor shakllana boshladi. Bu bosqichda asosiy e’tibor milliy boylik va daromad ko‘rsatkichlarini hisoblashga qaratilgan. Lekin, bu bosqichda milliy hisobchilik yagona bir tizim sifatida shakllanmadi.
Ikkinchi bosqich o‘tgan asrning 30-yillaridan boshlandi va unda keynschilik ta’limoti muhim o‘rin tutdi. Bu bosqichda asosiy e’tibor milliy boylik va milliy daromadni hisoblash usullarini takomillashtirish, iste’mol, jamg‘arma va investitsiyalarning harakatini tahlil qilish, makroiqtisodiy tahlil uchun zarur axborot tizimini shakllantirish, uning davlat hokimiyatini boshqarishdagi rolini oshirish va milliy hisoblar tizimining ayrim ko‘rsatkichlariga aniqliklar kiritishga qaratildi.