Asosiy tayanch tushunchalar Pul muomalasi – pulning iqtisodiyotda o‘z vazifalarini bajarish jarayonida to‘xtovsiz harakatda bo‘lishi, tovarlar va xizmatlar ayirbosh qilish jarayonida qo‘ldan qo‘lga o‘tib, aylanib turishi.
Pul tizimi – tarixan tarkib topgan va mamlakat milliy qonunchiligi bilan mustahkamlangan pul muomalasini tashkil qilish shakli.
Inflyatsiya – qog‘oz pul birligining qadrsizlanishi.
Kredit – bo‘sh turgan pul mablag‘larini ssuda fondi shaklida to‘plash va ularni takror ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun qarzga berish.
Foiz normasi (stavkasi) – foiz yoki foizli daromadning qarzga berilgan pul summasiga nisbatining foizda ifodalanishi.
Bank krediti – pul egalari (banklar va maxsus kredit muassasalari) tomonidan qarz oluvchilarga (tadbirkorlar, davlat, uy xo‘jaligi sektori) beriluvchi pul ssudalari.
Xo‘jaliklararo kredit – bir korxona (muassasa) tomonidan ikkinchisiga berilib, ularning kapital qurilish, qishloq xo‘jalik sohalaridagi munosabatlariga, shuningdek, ichki xo‘jalik hisobi bo‘g‘inlari bilan munosabatlariga xizmat qiluvchi qarz mablag‘lari.
Tijorat krediti – korxonalar, birlashmalar va boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning asosan to‘lovni kechiktirish yo‘li bilan tovar shaklida bir-biriga beradigan kreditlari.
Iste’mol krediti – xususiy shaxslarga, avvalo, uzoq muddat foydalanadigan iste’mol tovarlari sotib olish uchun ma’lum muddatga beriluvchi qarz mablag‘lari.
Ipoteka krediti – ko‘chmas mulklar (er, bino) hisobiga uzoq muddatli ssudalar shaklida beriluvchi qarz mablag‘lari.
Davlat krediti – kredit munosabatlarining o‘ziga xos shakli bo‘lib, bunda davlat pul mablag‘lari qarzdori, aholi va xususiy biznes esa kreditorlari bo‘lib chiqadi.
Xalqaro kredit – ssuda kapitalining xalqaro iqtisodiy munosabatlar sohasidagi harakati.
Lizing – odatda ishlab chiqarish vositalari va boshqa moddiy boyliklarni keyinchalik foydalanuvchilar tomonidan muntazam ravishda haq to‘lab borib, sotib olish sharti bilan uzoq muddatli ijaraga berishdan iborat kreditning pulsiz shakli.