Jahon xo‘jaligi subyektlari bo‘lib quyidagilar hisoblanadi:
o‘z ichiga milliy iqtisodiyot majmuasini oluvchi turli mamlakatlar;
transmilliy korporatsiyalar;
xalqaro tashkilot va institutlar;
milliy iqtisodiyot chegarasidan chiqqan, barcha sohalar, xo‘jaliklar va firmalar.
Jahon bozorining o‘ziga xos xususiyati bo‘lib jahon narxlari va xalqaro raqobat tizimining amal qilishi hisoblanadi. Aynan xalqaro raqobatning mavjudligi turli darajadagi milliy qiymatlarni yagona baynalminal qiymatga keltiradi. Jahon narxi jahon bozoriga ne’matlarning asosiy hajmini yetkazib beruvchi
mamlakatlardagi shart-sharoitlar orqali aniqlanadi. Mamlakatlar o‘rtasida sotish bozorlarini egallash uchun keskin raqobat kurashi olib boriladi.
Jahon xo‘jaligida har bir o‘zgarishlar (jahon bozoridagi narxlar harakati va alohida mamlakatning eksport imkoniyatidan tortib dunyo iqtisodiyotidagi tarkibiy siljishlar va xalqaro monopoliyalar faoliyatigacha) dunyodagi barcha mamlakatlar manfaatini o‘ziga tortadi. Mamlakatning savdo, ishlab chiqarish, valyuta-moliya sohalaridagi jahon tamoyillariga bog‘liqlik obyektiv reallik hisoblanadi. Hozirgi davrda har qanday mamlakatni uning iqtisodiyoti qanday rivojlangan bo‘lishidan qat’iy nazar, jahon xo‘jaligi aloqalariga jalb qilmasdan to‘laqonli iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash mumkin emas. Shu sababli Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev «jahon ishlab chiqarish tizimiga, dunyo bozori talablariga va iqtisodiy integratsiya jarayonlariga hamohang bo‘lishimiz lozim»1, deb ta’kidlaydi.
Shuni amalga oshirish maqsadida “davlat mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, mamlakatning xalqaro munosabatlarning teng huquqli subyekti sifatidagi o‘rni va rolini oshirish, rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish, O‘zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish”2 strategik vazifa sifatida qo‘yildi.
Dunyo bir-biridan maqsadlari, amal qilish mexanizmi bilan farqlanuvchi turli xil ijtimoiy-iqtisodiy tuzumlar, xalqaro guruhlarga bo‘lingan. Jahon hamjamiyati mamlakatlarini turkumlash har xil mezonlar asosida amalga oshiriladi.
Turli mamlakatlarning iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlarining turlitumanligi ular taraqqiyot darajasini qandaydir bitta nuqtai-nazardan baholash imkonini bermaydi. Shunga ko‘ra, mazkur maqsadda bir necha asosiy ko‘rsatkich va mezonlardan foydalaniladi:
mutlaq va nisbiy YaIM;
milliy daromad va uning aholi jon boshiga to‘g‘ri keluvchi miqdori;
milliy iqtisodiyotning tarmoq tuzilmasi; - mamlakat eksporti va importi tarkibiy tuzilmasi; - aholining turmush darajasi, sifati va boshqalar.
Mamlakatning jahon xo‘jaligidagi o‘rnini aniqlashda bir necha yondashuvlar mavjud. Ulardan eng oddiylari – mamlakatlarni aholi jon boshiga to‘g‘ri keluvchi daromad darajasi bo‘yicha guruhlarga ajratish hisoblanadi. Bunday yondashuv BMT, Xalqaro valyuta fondi (XVF), Jahon tiklanish va taraqqiyot banki (JTTB) tomonidan qo‘llaniladi. Masalan, JTTB daromad darajasiga ko‘ra mamlakatlarning uchta guruhini farqlaydi. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keluvchi milliy daromadlarning quyidagi chegaraviy miqdorlari belgilangan:
daromadlarning past darajasi – 765 dollargacha (49 ta mamlakat);
daromadlarning o‘rtacha darajasi – 766 dollardan 9385 dollargacha (58 ta mamlakat);
daromadlarning yuqori darajasi – 9386 dollar va undan yuqori (26 ta mamlakat).
Jahon hamjamiyati mamlakatlarini turkumlashga umumiy asosda yondashib xo‘jalik tizimlarining xususiyatlariga mos ravishda davlatlarning uchta guruhini ajratib ko‘rsatish mumkin: rivojlangan, bozor iqtisodiyotiga asoslangan holda rivojlanayotgan va bozor iqtisodiyoti mavjud bo‘lmagan mamlakatlar. Rivojlanganlik darajasi bo‘yicha ham o‘z navbatida uchta guruh farqlanadi: past, o‘rtacha va yuqori rivojlangan mamlakatlar. Shimoli-sharqiy Osiyo va Lotin Amerikasidagi yangi industrial mamlakatlar (YaIM), yuqori daromadli neft eksport qiluvchi mamlakatlar (Saudiya Arabistoni, Quvayt va boshqalar), eng kam rivojlangan mamlakatlar (EKRM), shu jumladan eng kambag‘al mamlakatlar (Chad, Bangladesh, Efiopiya), har xil mintaqaviy ittifoqlar va baynalminal guruhlarga ajratiladi. Bu barcha turli-tumanlik bir butun yaxlitlikka o‘zaro iqtisodiy bog‘liqlikning har xil jihatlari orqali tortiladi. Hozirgi xo‘jalik aloqalarining chuqurlashib borayotganligi, baynalminallashuvning kuchayishi hamda fan-texnika inqilobining keng qamrovli tavsifi, aloqa va kommunikatsiya vositalarining butunlay yangi roli sharoitida milliy iqtisodiyot o‘z-o‘zini ta’minlash orqali samarali amal qilishi mumkin emas.
Jahon xo‘jalik aloqalarining tez o‘sishi shunday davrlarga to‘g‘ri keladiki, bu davrda ishlab chiqarish omillarining harakati tezlashadi, kapital milliy chegaradan chiqadi, ishchi kuchi migratsiyasi kuchayadi, xalqaro mehnat taqsimotining shakllanish jarayoni tezlashadi. Bu shundan guvohlik beradiki, xo‘jalik aloqalarining baynalminallashuvini ko‘p jihatdan ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanish mantiqi taqozo qiladi, ya’ni u milliy chegaradan o‘sib chiqadi va obyektiv ravishda ishlab chiqarishning baynalminallashuvini zarur qilib qo‘yadi.
Ishlab chiqarish yoki iqtisodiy hayotning baynalminallashuvi – bu mamlakatlarning jahon miqyosida iqtisodiy aloqalarining kuchayishi hamda iqtisodiy munosabatlarning tobora kengroq jabhalarini qamrab olish jarayoni hisoblanadi. Barcha iqtisodiy jarayonlarning baynalminallashuvi natijasida jahon xo‘jaligining quyidagi tarkibi vujudga keldi:
tovar va xizmatlar jahon bozori;
kapitallar jahon bozori;
ishchi kuchi jahon bozori;
xalqaro valyuta tizimi;
xalqaro kredit-moliya tizimi.
Bundan tashqari, baynalminallashuv axborotlar, ilmiy-tadqiqot va tajribakonstruktorlik ishlanmalari, madaniyat sohalarida ham rivojlanmoqda. Yagona ilmiy-axborot makoni shakllanmoqda.
Xalqaro savdo milliy davlatlarning paydo bo‘lishi bilan ular orasidagi iqtisodiy va siyosiy aloqalarning ifodasi sifatida qadimdan amal qilib kelgan bo‘lsada, bu hali jahon bozori mavjudligini anglatmas edi. Jahon bozori faqat yirik mashinalashgan sanoatning paydo bo‘lishi bilan dastlab bir qator mamlakatlar o‘rtasida vujudga kelib, XX asrning boshlarida jahonning barcha mamlakatlarini qamrab oldi.
Alohida mamlakatlar milliy bozori hamda jahon bozori farqlanadi. Jahon bozori bir qator o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Agar milliy bozorda tovarlar harakati iqtisodiy omillar (ishlab chiqarish aloqalari, transport, xomashyo, mehnat resurslari va h.k.) bilan bog‘liq bo‘lsa, tovarlarning jahon bozoriga bu omillardan tashqari alohida davlatlarning tashqi iqtisodiy siyosati ahamiyatli ta’sir ko‘rsatadi.
Milliy xo‘jaliklar va ular o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar negizida shakllangan jahon xo‘jaligi asosida xalqaro mehnat taqsimoti yotadi.