IV B O‘ L I M. J A H O N X O‘ J A L I G I 25-bob. JAHON XO‘JALIGI VA UNING EVOLYUSIYASI Oldingi bo‘lim va boblarda iqtisodiy munosabatlarning namoyon bo‘lish qonuniyatlari va xususiyatlari alohida olingan xo‘jaliklar tarmoqlar va milliy iqtisodiyot miqyosida ko‘rib chiqilgan edi. Shuningdek, bu munosabatlarni nafaqat alohida xo‘jalik subyektlari va milliy iqtisodiyotlar, balki butun jahon xo‘jaligiga nisbatan ham ko‘rib chiqish muhim hisoblanib, bunda mazkur munosabatlarning namoyon bo‘lish shakllari mazmun jihatdan farqlanadi.
Bu holatlar jahon xo‘jaligi aloqalari va ularning milliy xo‘jaliklarning iqtisodiy rivojlanishiga ta’sirini alohida tahlil qilishni taqozo etadi. Shunga ko‘ra
ushbu bobda jahon xo‘jaligining tarkib topishi, bunda ishlab chiqarishning baynalminallashuvi va globallashuv jarayonlarining o‘rni, xalqaro iqtisodiy munosabatlarning shakllari, jahon infratuzilmasining rivojlanishi, jahon xo‘jaligi aloqalarini xalqaro tartibga solish masalalari bayon etiladi.
25.1. Iqtisodiy rivojlanishning umumjahon jihatlari va ishlab chiqarishning baynalminallashuvi Hozirgi zamon jahon xo‘jaligi rivojining muhim tamoyili milliy xo‘jaliklarning baynalminallashuvi, shu asosda jahon xo‘jaligi va avvalo jahon bozorining shakllanishi va rivojlanishidan iborat. Insoniyat taraqqiyoti uchun ijobiy bo‘lgan bu jarayonga etmish yildan ortiq davr davomida dunyoning ikki qarama-qarshi ijtimoiy-siyosiy tizimiga bo‘linganligi salbiy ta’sir ko‘rsatib keldi. Hozir yangi davr boshlandi, dunyoning iqtisodiy rivojlanishi va shunga mos ravishda O‘zbekiston bilan jahon hamjamiyati mamlakatlari o‘rtasidagi aloqalarning butunlay yangi imkoniyatlari vujudga keldi. O‘zbekiston va jahon hamjamiyati mamlakatlari o‘rtasidagi har tomonlama aloqalarning kengayishi va chuqurlashuvi har ikki tomon uchun iqtisodiy va siyosiy jihatdan foydali hisoblanadi. Shu bilan birga, har bir mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishi, uning milliy xo‘jaligi ko‘p darajada nafaqat bu mamlakatning ichki imkoniyatlari bilan, balki uning xalqaro ijtimoiy mehnat taqsimotida qatnashish darajasi va miqyosi, butun insoniyat resurslari bilan aniqlanadi.
Hozirgi davrda jahon iqtisodiy rivojlanishining eng muhim o‘ziga xos xususiyatlaridan biri – turli mamlakatlar va mintaqalar xo‘jaliklari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikning o‘sib, rivojlanib borishi hisoblanadi.
Jahon xo‘jaligi birdaniga shakllangan tizim emas, u uzoq davrni o‘z ichiga olgan tarixiy jarayon hisoblanadi. Turli mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar dastlab cheklangan turdagi va miqdordagi tovarlar savdosi shaklida kelib chiqib, bu quldorlik va feodalizm davrlarida ham mavjud bo‘lgan. Bunga misol qilib, qadimdan O‘rta Osiyoda joylashgan mamlakatlarning Xindiston, Xitoy, Arab va boshqa mamlakatlar bilan, ikkinchi tomondan esa, Yevropa mamlakatlari bilan
“Buyuk ipak yo‘li” orqali olib borgan turli xil savdo-sotiq ishlarini ko‘rsatish mumkin.
Ayrim ma’lumotlarga qaraganda Rim imperiyasi davrlarida ham turli xil xalqaro savdolar, ayniqsa, qul savdosi amalga oshirilgan. Lekin u davrda asosan natural ishlab chiqarish xukmron bo‘lib, tovarlar savdosi va iqtisodiy aloqalar juda cheklangan holda bo‘lgan. Keyinchalik tovar ishlab chiqarish va tovar-pul munosabatlarining rivojlanishi, oltinning yagona jahon puli sifatida tan olinishi buyuk geografik kashfiyotlar, mustamlakachilikning rivojlanishi, xalqaro mehnat taqsimotining kuchayishi jahon bozorining paydo bo‘lishi va rivojlanishi ilmiy texnika taraqqiyotining jadallashuvi, globallashuv jarayonlarining kuchayishi kabi qator omillar turli mamlakatlar iqtisodiyotini bir-biri bilan bog‘liq holda rivojlanishga va asta-sekinlik bilan jahon iqtisodiyoti tizimiga birlashishiga turtki bo‘ldi.
Ayniqsa, hozirgi davrda umumjahon muammolari: sovuq urushning oldini olish va tinchlikni ta’minlash; ekologik buzilishning oldini olish; cheklangan energiya va yoqilg‘i manbalaridan samarali foydalanish; energiyaning yangi manbalarini topish (masalan, quyosh energiyasidan foydalanish); rivojlangan va kam taraqqiy etgan mamlakatlar o‘rtasidagi ziddiyat va keskinlikni yumshatish; xalqaro terrorizmga va giyohvandlikka qarshi kurashish kabi muammolarni birgalikda hal qilish masalasi milliy xo‘jaliklarni jahon xo‘jaligiga birlashishni zarur qilib qo‘ymoqda. Jahon xo‘jaligining asta-sekinlik bilan shakllanishini, uning rivojlanish bosqichlarini ko‘rib chiqqanda yanada ravshanroq ko‘rinadi.
Bu masalada ham iqtisodiy adabiyotlarda turlicha yondashuvlar mavjud. Ularning ayrimlarida jahon xo‘jaligining rivojlanishini 5 bosqich deb, ayrimlarida esa 4 bosqich deb beriladi. Masalan, E.F.Borisov jahon xo‘jaligi shakllanishining to‘rtta bosqichini ajratib ko‘rsatadi. Biz misol tariqasida ushbu bosqichlarni bayon qilamiz.