Kapitalning xalqaro harakati – bu kapitalning chet elda joylashtirilishi va harakatga keltirilishi. U chet elga quyidagi shakllarda chiqariladi:
xususiy yoki davlat kapitali shaklida. Kapitalning xalqaro tashkilotlar yo‘li bilan harakati ko‘pincha mustaqil shakl sifatida ajratiladi;
pul va tovar shaklida. Jumladan, kapital chiqarish mashina va uskunalar, patentlar, nou-xau hamda tovar kreditlari shaklida bo‘lishi mumkin;
qisqa va uzoq muddatli kreditlar shaklida;
ssuda va tadbirkorlik kapitali shaklida. Ssuda shaklidagi kapital quyilmalar bo‘yicha foiz, tadbirkorlik shaklidagi kapital esa foyda keltiradi. Tadbirkorlik kapitali to‘g‘ridan-to‘g‘ri va portfelli investitsiyalardan iborat bo‘ladi. To‘g‘ridanto‘g‘ri investitsiyalar shu kapital hisobiga qurilgan obyekt (korxona)lar ustidan nazorat qilish huquqini beradi, portfelli investitsiyalar esa bunday huquqni bermaydi. U odatda aksiya paketlari hamda obligatsiya va boshqa qimmatli qog‘ozlar shaklida beriladi.
Xalqaro iqtisodiy munosabatlarning ancha murakkab jihatlaridan biri ishchi kuchining xalqaro migratsiyasi hisoblanib, u o‘z ifodasini ishchi kuchi resurslarining ancha qulay sharoitda ish bilan ta’minlash maqsadida bir mamlakatdan boshqasiga ko‘chib o‘tishida topadi. Xalqaro migratsiya jarayonini iqtisodiy omillar bilan birga siyosiy, etnik, madaniy, oilaviy va boshqa tavsifdagi omillar ham taqozo qiladi.
Xalqaro migratsiya ikkita asosiy tarkibiy qismni o‘z ichiga oladi: emigratsiya va immigratsiya. Emigratsiya – yashab turgan mamlakatlaridan doimiy yashash uchun boshqa mamlakatga chiqib ketishni, immigratsiya – shu mamlakatga doimiy yashash uchun boshqa mamlakatdan kirib kelishni bildiradi. Xalqaro migratsiya shuningdek repatriatsiya – ya’ni fuqarolarni ilgari chiqib ketgan mamlakatlariga qaytarilishi jarayonini ham o‘z ichiga oladi.
Xalqaro migrantlar beshta asosiy toifaga ajratiladi:
immigrantlar va noimmigrantlar;