2. Iqtisodiyotni monopoliyadan chiqarish va raqobat muhitini yaratish. Bu yo‘nalish quyidagi jarayonlarning amalga oshirilishini taqozo etadi:
barcha iqtisodiy agentlarning ish faolligi uchun teng imkoniyat va sharoitlar yaratilishi;
bozorga xorijiy raqobatchilarning ham kirishi uchun imkon berilishi;
kichik biznesning rivojlanishiga halaqit beruvchi ma’muriy to‘siqlarni olib tashlash, imtiyozli kreditlar berish orqali qo‘llab-quvvatlash va tarmoqqa kirishidagi to‘siqlarni pasaytirish;
tabiiy monopoliyalarning narx va mahsulot sotish siyosatini tartibga solish va boshqalar.
3. Institutsional o‘zgarishlar. Mazkur o‘zgarishlar quyidagi sohalarni qamrab oladi:
mulkchilik munosabatlarini o‘zgartirish, jumladan, xususiy sektorni
yaratish;
bozor infratuzilmasini (tijorat banklari, tovar va fond birjalari, investitsiya fondlari va h.k.) shakllantirish;
iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning yangi tizimini yaratish;
bozor sharoitlariga mos tushuvchi xo‘jalik qonunchiligini qabul qilish va boshqalar.
Tarkibiy o‘zgarishlar. Tarkibiy o‘zgarishlar birinchi navbatda iqtisodiyot va uning alohida tarmoqlari tarkibida oldingi tizimdan qolgan nomutanosibliklarni yumshatish yoki bartaraf etishga yo‘naltirilgan. Iqtisodiyot tarkibiy tuzilishini qayta qurishdan asosiy maqsad – ichki va tashqi bozorlarda to‘lovga qodir talabga mos bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarilishini rivojlantirishdan iborat.
Iqtisodiyotni modernizatsiyalash, diversifikatsiyalash.Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash – ishlab chiqarishni zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash, uni ma’naviy jihatdan yangilash, tarkibiy jihatdan texnik va texnologik qayta tuzish kabi chora-tadbirlarni o‘z ichiga oluvchi jarayon. Diversifikatsiya – ishlab chiqarishning samaradorligini oshirish, mahsulot va xizmatlarni sotish bozorlarini kengaytirish maqsadida tarmoq va korxonalar faoliyat sohalarini kengaytirish, mahsulot va xizmatlar assortimentlarini ko‘paytirish, ularning sifatini takomillashtirish.