O‘zaro bir-birini almashtiruvchi tovarlardan birining narxi o‘zgarishi bilan boshqasiga bo‘lgan talabning o‘zgarishi to‘g‘ri bog‘liqlikda bo‘ladi. Masalan, sariyog‘ narxining oshishi margaringa bo‘lgan talabning ortishiga olib keladi. Sariyog‘ narxining pasayishi esa margaringa bo‘lgan talabni kamaytiradi.
O‘zaro bir-birini to‘ldiruvchi tovarlardan birining narxi o‘zgarishi bilan boshqasiga bo‘lgan talabning o‘zgarishi teskari bog‘liqlikda bo‘ladi.Masalan, agar avtomobilning narxi oshsa, benzinga bo‘lgan talab qisqaradi. Aksincha, avtomobilning narxi tushsa, benzinga bo‘lgan talab oshadi.
Kelgusida iste’molchi daromadlari, tovar narxi o‘zgarishining kutilishi va tovarlar miqdorining yetarli bo‘lishi yoki bo‘lmasligi kabi omillar talab hajmini o‘zgartirishi mumkin. Kelgusida narxning nisbatan oshishining kutilishi iste’molchi joriy talabining oshishiga olib keladi. Aksincha, narxning pasayishi va daromadning ko‘payishining kutilishi tovarlarga bo‘lgan joriy talab hajmining qisqarishiga sabab bo‘ladi. Shu o‘rinda, global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz ham jahon va milliy bozorlardagi talab hajmiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, aksariyat hollarda uning qisqarishiga olib kelayotganligini ta’kidlash o‘rinlidir.
7.2. Taklif tushunchasi. Taklif miqdoriga ta’sir qiluvchi omillar. Taklif qonuni Bozor holatining o‘zgarishiga iste’molchi yoki xaridorning munosabati ularning talabi orqali namoyon bo‘lsa, ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchining munosabati taklif orqali namoyon bo‘ladi.
Ma’lum vaqt oralig‘idagi narxlarning muayyan darajasida ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchilar tomonidan ma’lum turdagi tovar va xizmatlarning bozorga chiqarilgan miqdori taklif deyiladi. Narx o‘zgarishi bilan sotishga chiqariladigan mahsulot miqdori ham o‘zgarishi sababli talab kabi taklifning ham bir qator muqobil variantlari mavjud bo‘ladi. Alohida ishlab chiqaruvchi hamda bozor taklifini ifodalovchi misol 7.2-jadvalda ko‘rsatilgan.
7.2-jadval