7.8-rasm. Iste’molchining optimal tanlovi Iste’molchining C nuqtani tanlashi oqilona emas, chunki D nuqta unga nisbatan ko‘proq ehtiyojni qondiradi; F nuqta eng ko‘p ehtiyojni qondirishi mumkin, biroq u budjet imkoniyatidan tashqarida hisoblanadi.
D nuqtada iste’molchi ehtiyojlarining qondirilishi maksimumlashadi, chunki bu nuqta ehtiyojlarning maksimal qondirilishini ta’minlovchi tovar va xizmatlar to‘plami eng ko‘p qoniqish beruvchi befarqlik egri chizig‘ining budjet chizig‘i bilan kesishgan joyida yotadi.
Xulosalar Iqtisodiyotni boshqarishning bozor mexanizmi – iqtisodiy tizimning samarali va moslashuvchan dastagidir. Bozor mexanizmining o‘ziga xos xususiyati shundaki, uning har bir elementi narx bilan chambarchas bog‘liqdir. Ayniqsa, narxning talab va taklif hajmiga ta’siri hamda ularning o‘zaro aloqadorligi bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilarning faoliyatini belgilab beradi.
Talab – ehtiyojning pul bilan ta’minlangan qismidir. Talab qonuniga muvofiq narxning o‘sib borishi talabning qisqarishiga olib keladi, talabning kengayishi esa narxning o‘sishiga olib keladi. Shuning uchun narx (mustaqil o‘zgaruvchi) bilan talab (tobe o‘zgaruvchi) o‘rtasida teskari bog‘liqlik mavjud.
Talab ikki xil yo‘nalishda o‘zgaradi: biri talab hajmining o‘zgarishi bo‘lib, talab egri chizig‘i bo‘ylab harakatlansa, ikkinchisi talab xususiyatning o‘zgarishi bo‘lib, talab egri chizig‘ining o‘zini o‘ngga-yuqoriga yoki chapga-pastga qarab siljitadi.
Taklif ishlab chiqaruvchilarning bozorga sotishga chiqargan tovarlari miqdori bo‘lib, tovarlar miqdori ishlab chiqarish bilan belgilanadi, ammo aynan unga bog‘liq emas, chunki zaxira, eksport va import omillari ham taklif qilinadigan tovarlar mikdoriga ta’sir ko‘rsatadi. Taklif bilan narx o‘rtasida to‘g‘ri bog‘liqlik mavjud, narxlarning o‘sishi taklifning o‘sishiga olib keladi va aksincha.
Talab va taklifning o‘zaro ta’siri natijasida bozor muvozanati vujudga keladi. Bozor muvozanati – talab hajmining taklif hajmiga mos kelishidir. Bunday mos kelishlik bozorda muvozanatli narxni yoki bozor narxini shakllantiradi.
Bozordagi bir zumlik, qisqa davrli va uzoq davrli muvozanatlik holatni farqlash zarur. Bir zumlik muvozanat uchun taqdim qilinadigan tovarlarning o‘zgarmas yoki doimiy miqdori xos. Bu ishlab chiqarishning bozor vaziyatiga tez, birdaniga moslasha olmasligi bilan bog‘liq. Qisqa davrli muvozanat vaqtinchalik amal qiluvchi omillardan foydalanish asosida ishlab chiqarish va taklifni ko‘paytirish imkoniyatini taqozo qiladi.Uzoq davrli muvozanatga erishish uzoq muddatli davrdagi omillardan foydalanishni taqozo qiladi. Bular ishlab chiqarishni qayta qurollantirish, yangilash va qo‘shimcha quvvatlarni vujudga keltirish bilan bog‘liq investitsiyalarni amalga oshirish, shuningdek, yangi korxonalarni qurishdan iborat.
Xo‘jalik amaliyoti uchun bozor subyektlarining narx o‘zgarishiga bo‘lgan munosabatini ifodalovchi talab va taklif egiluvchanligi tushunchasi muhim ahamiyat kasb etadi. Talab egiluvchanligi ko‘rsatkichi asosida ishlab chiqaruvchilar yalpi tushum miqdorini oson aniqlab olishlari mumkin. Agar talab egiluvchan bo‘lsa, narx bilan yalpi tushum qarama-qarshi tomon harakatlanadi, talab noegiluvchan bo‘lsa harakat bir tomonlama bo‘ladi.
Iste’molchining bozordagi xatti-harakati so‘nggi qo‘shilgan naflilik nazariyasi hamda iste’molchi tanlovi nazariyasi orqali izohlanadi. So‘nggi qo‘shilgan naflilik pasayib borish tendensiyasiga ega bo‘lib, bu iqtisodiy tamoyil sifatida ifoda etiladi. Mazkur tamoyilning mohiyati shundan iboratki, agar alohida olingan yakka iste’molchining holatidan kelib chiqilsa, ne’matlarni iste’mol qilish hajmining ko‘payib borishi bilan, ma’lum vaqtdan boshlab, muayyan ne’matning navbatdagi birligini iste’mol qilishdan olingan qo‘shimcha naflilik oldingisiga nisbatan kamayib boradi. Iste’molchi tomonidan o‘zi uchun turli tovarlarning naflilik darajasining baholanishi iste’molchining afzal ko‘rishi deyiladi.