9.3-rasm.Mukammal raqobatli bozor sharoitida narxning shakllanishi Rasmdan ko‘rinadiki, faqat narxning RE darajasidagi talab miqdoriga ishlab chiqaruvchilar tomonidan taklif miqdori muvofiq keladi. Narxning bu darajadan har qanday pasayishi talabning taklifdan oshib ketishini, narxning bu darajadan har qanday yuqori bo‘lishi esa, taklifning talabdan oshib ketishini keltirib chiqaradi.
Narxning RA darajasidagi holat uzoq vaqt mavjud bo‘la olmaydi. Chunki, tovarlarning sotilmay, to‘planib qolishi bilan sotuvchilar o‘rtasidagi raqobat kuchayib, ular o‘z tovarlarini tezroq sotish maqsadida narxni tushira boshlaydilar.
Narxning RV darajasidagi holat ham barqaror turmaydi. Chunki, bu holatda talab taklifdan oshib ketib, tovarlar taqchilligi boshlanadi. Taqchil tovarga ega bo‘lish uchun bir-biri bilan raqobatga kirishgan xaridorlar uning narxini oshira boshlaydilar.
Bozordagi yagona muvozanatlashgan, nisbatan uzoq vaqt barqaror amal qiluvchi narx sifatida talab hajmi taklif hajmiga muvofiq kelgan holdagi narx RE maydonga tushadi. Raqobatlashuv asosida paydo bo‘lgan muvozanat doimo talab va taklif egri chiziqlarining kesishuv nuqtasida joylashadi. Muvozanat narxi har doim ham darhol, bir zumda tarkib topmaydi. Unga erishishda toki talab va taklif muvozanatga kelgunga qadar narx atrofidagi tebranishlarni o‘z ichiga oluvchi ma’lum davrlar taqozo etilishi mumkin.
Monopoliya sharoitida narxning shakllanishi.Monopoliya sharoitida narx shakllanishining o‘ziga xos jihati shundaki, agar mayda tovar ishlab chiqaruvchilar faqat o‘zlarining individual narxlarini o‘zgartira olsalar, ulardan farqli o‘laroq bozor ishtirokchilari sifatidagi monopoliyalar bozor narxlarini o‘zlari belgilay oladilar. Bunda monopoliyalar ommaviy talabning oshishi bilan narxning oshishi hamda ommaviy taklifning oshishi bilan narxning pasayib borishidan o‘ziga xos tarzda foydalanadilar. Ommaviy tartibda tovarlarni sotuvchi monopoliyalar o‘z manfaatlari yo‘lida taklif kam bo‘lganda narxning oshishi tendensiyasidan foydalanadilar.