Iste’molchining kutishi. Iste’mol sarflari hajmidagi o‘zgarish, iste’molchining narxlar va daromadlar darajasidagi kelajakdagi o‘zgarishlarni oldindan bilishiga bog‘liq. Masalan, agar iste’molchi kelajakda o‘zining real daromadi ko‘payadi, deb hisoblasa, u joriy daromadlarining ko‘proq qismini sarflashga tayyor bo‘ladi. Natijada bu davrda iste’mol sarflari ko‘payadi, jamg‘arish esa kamayadi va yalpi talab ortadi. Aksincha, agar iste’molchi kelajakda o‘zining real daromadlari kamayadi deb hisoblasa, ularning iste’mol sarflari va demak, yalpi talabi qisqaradi. Xuddi shunday tarzda inflyatsiyaning kutilishi bugungi yalpi talabni oshiradi. Chunki iste’molchilar narxlar oshgunga qadar tovarlarni xarid qilib qolishga harakat qiladi. Aksincha, yaqin kelajakda narxlar pasayishining kutilishi, bugungi iste’mol miqdorining kamayishiga olib keladi.
Iste’molchi qarzlari. Iste’molchi qarzlari ko‘p bo‘lganda, u joriy daromadini qarzlarga to‘lab, o‘zining bugungi sarflarini qisqartirishi mumkin. Aksincha, iste’molchi qarzdor bo‘lmasa, u bugungi sarflarini ko‘paytirishga tayyor bo‘ladi.
Soliq. Daromad solig‘i stavkasining kamayishi, narxlarning mavjud darajasida iste’mol sarflarini ko‘paytiradi, soliqlarning oshishi iste’mol sarflarini kamaytiradi.
2. Investitsion sarflar. Investitsion sarflar, ya’ni ishlab chiqarish vositalarini xarid qilish, yalpi talabning narxdan tashqari muhim omili hisoblanadi.
Narxlarning mavjud darajasida korxona sotib olishi mumkin bo‘lgan yangi ishlab chiqarish vositalarining kamayishi yalpi talabning kamayishiga, aksincha korxona sotib oladigan investitsion tovarlar hajmining ko‘payishi yalpi talabning ko‘payishiga olib keladi. Investitsion sarflarni o‘zgartirish mumkin bo‘lgan narxdan tashqari omillarni alohida-alohida qarab chiqamiz.
Foiz stavkasi. Boshqa sharoitlar o‘zgarmay qolganda, foiz stavkasining oshishi investitsion sarflarning kamayishiga va yalpi talabning qisqarishiga olib keladi. Bu yerda gap mamlakatda pul massasi hajmining o‘zgarishi oqibatida foiz stavkalarining o‘zgarishi haqida boradi. Pul massasining ko‘payishi foiz stavkasini pasaytiradi va shu orqali kapital qo‘yilmalar hajmini ko‘paytiradi. Aksincha, pul massasining kamayishi foiz stavkasining oshishiga va investitsiyalarning qisqarishiga olib keladi.