2.6. Ishlab chiqarishning samaradorligi va uning ko‘rsatkichlari Ishlab chiqarish samaradorligi va uni oshirish masalasi har doim iqtisodiyot nazariyasi fanining dolzarb muammosi sifatida, uning diqqat markazida bo‘lib keladi. Ayniqsa, hozirgi paytda bu masala yanada keskin qo‘yilmoqda. Buning sababi shundaki, ishlab chiqarish samaradorligini oshirmasdan turib mamlakatimiz oldida turgan muhim masala – mustaqil iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirish vazifasini amalga oshirib bo‘lmaydi. Samaradorlikning iqtisodiy mazmuni sifatida har doim ishlab chiqarishning pirovard natijasi bilan unga avanslangan resurslar, mablag‘lar yoki qilingan xarajatlar o‘rtasidagi nisbat tushuniladi. Lekin, turli ijtimoiy-iqtisodiy tizimlar sharoitida shu jamiyatning maqsadidan kelib chiqib, samaradorlik muammosining tub mohiyati o‘zgaradi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlab chiqarishning asosiy maqsadi foyda olishga qaratilganligi sababli har bir iqtisodiy subyekt ko‘proq foyda olishga intiladi. Iqtisodiy adabiyotlarda samaradorlikning bosh mezoni haqida ham turlicha fikrlar mavjud. Ayrim olimlar ishlab chiqarish samaradorligining bosh mezoni foyda, boshqa birlari esa yalpi milliy mahsulot, sof mahsulot, uchinchilari milliy daromad, to‘rtinchilari esa qo‘shimcha mahsulot deb ko‘rsatadilar. Biz bu o‘rinda sanab o‘tilgan fikrlarning qaysi biri to‘g‘ri ekanligi haqida batafsil to‘xtolmaymiz, lekin shuni aytish kerakki, ko‘pchilik olimlar tomonidan bozor iqtisodiyoti sharoitida samaradorlikning bosh ko‘rsatkichi olingan foydaning xarajatlarga nisbati, ya’ni rentabellik yoki foydalilik darajasi bilan belgilanadi deb tan olinadi. Shuning uchun ham ishlab chiqarish samaradorligi olingan foydaning (F) ishlab chiqarishga sarflangan resurslar qiymatiga (I) nisbati bilan aniqlanadi, ya’ni:
R' FI 100% ,
bu yerda: R’ – foyda normasi;
I – iqtisodiy resurs sarflari.
Misol uchun, A korxonada yil davomida 800 mln. so‘mlik resurs xarajat qilib, 200 mln. so‘m hajmida foyda olingan bo‘lsin. U holda foyda normasi 25% (200×100/800) ni tashkil etadi.
Ishlab chiqarish samaradorligi ko‘p qirrali masala bo‘lib, bu aytilgan birgina asosiy ko‘rsatkichda, uni to‘la ravishda har tomonlama ifodalab bo‘lmaydi.
Shuning uchun ishlab chiqarish samaradorligini to‘la ifodalashda unda qatnashgan omillarning unumdorligini, ulardan samarali foydalanish darajasini ifodalaydigan ko‘rsatkichlar tizimidan foydalaniladi.
Ishlab chiqarish samaradorligini oshirishning manba va usullarini tavsiflovchi umumiy iqtisodiy qonunlardan biri vaqtni tejash qonuni hisoblanadi. Vaqtni tejash qonuni – ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanib borishi bilan jamiyat tomonidan hayotiy ne’matlar birligini yaratishga sarflanayotgan vaqtning qisqarib borishini ifodalovchi umumiy iqtisodiy qonun. Vaqtni tejash ijtimoiy rivojlanishning iqtisodiy resurslarini umumlashtiruvchi darajasi hisoblanadi. Har qanday tejam oxir-oqibatda vaqtni tejashga borib taqaladi. Vaqtni tejash qonunining mazmuni jonli va buyumlashgan mehnatni, ya’ni muayyan davrda sarflangan ish vaqti jamg‘armasi hamda o‘tgan davrlardagi ish vaqti sarflarining natijasini tejashni o‘z ichiga oladi. Vaqtni tejash qonuni namoyon bo‘lishining aniq shakli bo‘lib quyidagilar maydonga tushadi:
mehnat unumdorligining o‘sishi;
mashina va jihozlardan foydalanishning yaxshilanishi;
ishlab chiqarish material sig‘imining pasayishi; 4) xo‘jalik nisbatlarining optimallashuvi.
Bundan ko‘rinadiki, ishlab chiqarish samaradorligini ifodalovchi ko‘rsatkichlardan biri mehnat unumdorligidir. Mehnat unumdorligi deb ishchi kuchining vaqt birligi mobaynida mahsulot yaratish qobiliyatiga aytiladi va ishlab chiqarilgan mahsulotning (iste’mol qiymatining) sarflangan mehnat miqdoriga nisbati bilan belgilanadi. Sarflangan mehnat miqdori esa ishlangan vaqt bilan, kishi kuni, kishi soati va h.k. bilan belgilanadi. Agar mehnat unumdorligini MU, mahsulotni M bilan, sarflangan ish vaqtini V bilan belgilasak, mehnat unumdorligi quyidagicha aniqlanadi:
МUМ V .
Mehnat unumdorligi sarflangan jonli mehnatning har bir birligi evaziga ishlab chiqarilgan mahsulot miqdori bilan aniqlanadi. Misol uchun, «A» korxonada 40 kishi mehnat qilib, ular kun davomida 8 ming dona mahsulot ishlab chiqargan bo‘lsinlar. U holda, bir kishi kunida yaratilgan mahsulot 200 donani tashkil etadi. Agar mahsulot soni 10 ming donaga etsa, u holda bir kishi kunida yaratilgan mahsulot 250 donani tashkil etib, mehnat unumdorligi 125% (250×100/200) ga oshadi.
Samaradorlikni aniqlashda kapital unumdorligi ko‘rsatkichidan ham foydalaniladi va uni ishlab chiqarishda qatnashgan kapitalning har bir birligi evaziga olingan mahsulot, daromad yoki foyda miqdori bilan aniqlanadi. Agar kapital unumdorligini – KU, ishlab chiqarishda qatnashgan kapital miqdorini – K, mahsulotni – M, yalpi daromadni – YaD, foydani – F deb belgilasak, quyidagi formulalar hosil bo‘ladi:
КUМ К ; КUYaD К ; КUF К .
Samaradorlikni aniqlashda bu ko‘rsatkichlardan tashqari mahsulotning mehnat sig‘imi, material sig‘imi, energiya sig‘imi degan ko‘rsatkichlar ham qo‘llanilib, ular ishlab chiqarilayotgan mahsulotning har bir birligini yaratish uchun ketgan, yoki ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan mehnat, energiya va moddiy ashyolar miqdorini ifodalaydi. Bu ko‘rsatkichlarning har biri ishlab chiqarishda qatnashgan turli omillar samaradorligini ifodalab, bir-biri bilan chambarchars bog‘liq va bir-birini to‘ldiradi.
Ishlab chiqarish samaradorligini oshirish uchun unga ta’sir qiladigan omillarni ham bilish zarurdir. Ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga bir qancha omillar ta’sir qiladi:
fan-texnika taraqqiyotni tezlashtirish, energiyalarning xom-ashyo va materiallarning yangi turlarini topish va uning natijalarini tezlik bilan ishlab chiqarishda qo‘llash;
tabiiy va iqtisodiy omillarni hisobga olib ishlab chiqarishni ratsional joylashtirish, ixtisoslashtirish va kooperatsiyalash;
iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish va uning tashkiliy bo‘g‘inlarini o‘zgartirish;
ishlab chiqaruvchilarni moddiy va ma’naviy jihatdan rag‘batlantirib, ularning faolligini oshirish;
mavjud tabiiy, moddiy va mehnat resurslaridan oqilona, tejab-tergab foydalanish, yangi, arzon, sifatli xomashyo va energiya turlarini, ekinlarning yangi hosildor navlarini, chorva mollarining mahsuldor zotlarini topib, ishlab chiqarishga joriy qilish;
kishilarning bilim saviyasini, malakasini oshirish, yetuk ishchi va mutaxassislar tayyorlash.
Bular ichida fan-texnika taraqqiyoti natijalarini ishlab chiqarishda qo‘llash, hamma ishga innovatsion yondashish omili hozirgi kunda respublikamiz uchun dolzarb va muhim ahamiyat kasb etadi. Fan-texnika taraqqiyotining evolyusion va revolyusion shakllari farqlanadi. Evolyusion shaklda rivojlanish deganda, FTTning mavjud texnologiyasi asosida, mashinalar va uskunalar qisman modernizatsiyalash asosida rivojlanishi tushuniladi. Revolyusion shaklda rivojlanishi deganda esa, fantexnikaning bir qancha sohalarida birdaniga katta o‘zgarishlar bo‘lib, texnikaning eng so‘nggi yangiliklarini, avlodlarini ishlab chiqarishda qo‘llash, prinsipial yangi texnologik tizimga o‘tish tushuniladi. Fan-texnika taraqqiyotining keyingi shaklda rivojlanishi yuksak samara beradi. Shuning uchun ham ayrim me’yoriy hujjatlarda va mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyev ma’ruzalarida iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini hozirgi zamon fan va texnikasining eng yangi yutuqlari asosida tayyorlangan texnika va texnologiyalar bilan qayta qurollantirish lozimligini ta’kidlamoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonida “ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash, ishlab chiqarish, transportkommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan faol investitsiya siyosatini olib borish”1 vazifasi qo‘yilgan.