Uy xo‘jaliklari – iqtisodiyotning iste’mol sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi asosiy tarkibiy birlik. Uy xo‘jaliklari doirasida moddiy ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida yaratilgan tovar va xizmatlar iste’mol qilinadi. Bozor iqtisodiyotida uy xo‘jaliklari mulk egasi hamda ishlab chiqarish omillarini yetkazib beruvchilar hisoblanadi. Iqtisodiy resurslarni sotishdan olingan pul daromadlari shaxsiy ehtiyojni qondirish uchun sarflanadi.
Tadbirkorlik sektori – bu iqtisodiyotning daromad (foyda) olish maqsadida amal qiluvchi birlamchi bo‘g‘inidir. U ish yuritish uchun o‘z kapitalini yoki qarz olingan kapitalni ishga solishni taqozo etadi, bu kapitaldan olingan daromad ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirish uchun sarflanadi.
Tadbirkorlar tovar xo‘jaligida tovar va xizmatlarni yetkazib beradi.
Davlat – o‘z oldiga foyda olishni maqsad qilib qo‘ymagan, asosan, iqtisodiyotni tartibga solish vazifasini amalga oshiradigan turli budjet tashkilotlari va muassasalarining majmui. Shuningdek, ba’zi darslik va o‘quv qo‘llanmalarda bozor iqtisodiyotining yana bir alohida, mustaqil subyekti sifatida banklar ajratib ko‘rsatiladi.1 Bank – iqtisodiyotning me’yorda amal qilishi uchun zarur bo‘lgan pul massasi harakatini tartibga soluvchi moliya-kredit muassasasi. Shunday qilib, yuqorida keltirib o‘tilgan bozor iqtisodiyoti subyektlarining o‘zaro ta’siri va aloqasini quyidagi rasm orqali ifodalash mumkin (5.1-rasm).
Har qanday bozor iqtisodiyotini tartibga solish mexanizmi, asosan, to‘rtta tarkibiy qismdan iborat bo‘ladi: narx, talab, taklif, raqobat.
Narxlar nisbati o‘zgarib turadi, shuning uchun narx ishlab chiqaruvchi uchun ishlab chiqarish hajmining o‘zgarishi zarurligini aniqlashda yo‘l ko‘rsatkich bo‘lib xizmat qiladi. Talab va taklif hamda raqobatchilik muhitidagi o‘zgarishlar o‘z navbatida, narxlardagi o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi.
Bozor iqtisodiyotining muhim va umumiy belgilari quyidagilardan iborat:
turli shakllardagi mulkchilikning mavjud bo‘lishi va unda xususiy mulkchilikning ustuvorligi;
tadbirkorlik va tanlov erkinligi;
raqobat kurashining mavjudligi;
davlatning iqtisodiyotga cheklangan holda aralashuvi;
korxona va firmalarning ichki va tashqi shart-sharoitlar o‘zgarishlariga moslashuvchanligi.
Bozor iqtisodiyotining bu belgilari uning barcha bosqichlari uchun umumiydir. Lekin bozor iqtisodiyotining mazmuni va belgilari haqida gap borganda bu iqtisodiyotning tarixan tarkib topgan ikki turini bir-biridan farq qilish zarur. Uning birinchi ko‘rinishi uzoq vaqt davomida shakllanib, g‘arbdagi rivojlangan mamlakatlarda XIX asrning oxirlarigacha davom etib keldi. U iqtisodiy adabiyotlarda klassik yoki sof bozor iqtisodiyoti deb nom oldi. Uning asosiy belgilari: a) iqtisodiy faoliyat yuritishning xususiy mulkchilikka asoslanganligi; b) kapital va ishlab chiqarishning korxona miqyosida umumlashganligi; v) tadbirkorlar, ishchilar, tovar ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilarning shaxsan erkinligi; g) tadbirkorlarning yuqori foyda olish uchun kurashlari; d) iqtisodiyotning talab va taklif, erkin bozor narxi va raqobat kurashlari asosida tartiblanishi; e) aholining ijtimoiy himoya qilinmasligi, ishsizlikning va aholi ijtimoiy tabaqalashuvining kuchayishi; j) bozor xarakatlarining stixiyali amalga oshirilishi, noma’lum bozor uchun ishlash.
Bozor iqtisodiyotining ikkinchi ko‘rinishi hozirgi zamon rivojlangan bozor iqtisodiyoti deb atalib, XIX asrning oxiri va XX asr boshlaridan buyon amal qiladi. Uning asosiy belgilari:
iqtisodiy va tadbirkorlik faoliyatini yuritishning turli mulkchilik shakllari,
ya’ni xususiy, davlat, jamoa, aralash va boshqa mulk shakllariga asoslanganligi;
kapital va ishlab chiqarishning yuqori darajada umumlashganligi, mulkning bir qismi yirik monopoliyalar va davlat qo‘lida to‘planib, milliy va xalqaro miqyosda umumlashganligi;
v) iqtisodiyotni tartibga solishda davlatning faol ishtiroki. Bunda davlat fan-
texnika taraqqiyoti va boshqa omillarni hisobga olib, turli iqtisodiy tadbirlarni, rivojlanish istiqbolini aniqlash, turli sohalar va tarmoqlar o‘rtasidagi nisbatlarni tartibga solish chora-tadbirlarini belgilash vazifalarini bajaradi;
g) xo‘jaliklarni yuritishda reja usulidan foydalanishning kuchayishi (biznes rejasi, prognozlash, turli xil dasturlar asosida ishlash, buyurtmalarni bajarish, marketing tizimi orqali boshqarish va boshqalar);
d) ijtimoiy himoyaning kuchayishi. Bunda davlatga, jamoalar va xususiy kishilarga tegishli turli xil ijtimoiy ta’minot va ijtimoiy sug‘urta fondlarining vujudga kelishi.
Bu har ikkala turda bozor iqtisodiyotining asosiy belgilari va xususiyatlari saqlanib qoladi, ularda tovar va pulning harakati, ularning qonun-qoidalari rivojlanish uchun negiz va shart-sharoit bo‘lib xizmat qiladi.
Hozirgi zamon bozor xo‘jaligi iqtisodiyotdagi xususiy va davlat sektorlarining o‘zaro aloqasiga asoslanadi. Iqtisodiyotga ta’sirning intensivligi darajasi hamda davlat tomonidan hal etiluvchi ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda, zamonaviy bozor iqtisodiyotining quyidagi modellari farqlanadi (5.2-rasm).
Bozor iqtisodiyotida yuqorida tilga olingan belgi va tartiblar bilan birga, barcha hozirgi zamon iqtisodiy tizimlariga xos bo‘lgan bir qator shart-sharoitlar bo‘lishi taqozo qilinadi. Bular quyidagilar: ilg‘or texnologiya va yangi texnik vositalardan keng miqyosda foydalanish; ishlab chiqarishning ixtisoslashishi, modernizatsiyalash diversifikatsiyalash va boshqalar.