1.3. Iqtisodiyot nazariyasi fanining predmeti va vazifalari Iqtisodiyot nazariyasi fanining predmetini aniqlashga oid masalaning echimi juda murakkab bo‘lib, bu haqda o‘tmishda ham, hozir ham turli olimlar har xil fikrlar bildirib kelmoqdalar. Masalan, Aristotel bu fanga uy xo‘jaligini boshqarish qonunlari to‘g‘risidagi fan deb qaragan bo‘lsa, merkantilistlar, fiziokratlar va ingliz klassik iqtisodiy maktabi vakillari unga boylik to‘g‘risidagi, uning manbalari va ko‘paytirish yo‘llari, boylikni ishlab chiqarish, taqsimlash, ayirboshlash va iste’mol qilish to‘g‘risidagi fan deb qaradilar. Keyingi paytda mazkur fanni xalq xo‘jaligi, ijtimoiy xo‘jalik to‘g‘risidagi fan deb ham hisoblamoqdalar. Ayrimlar iqtisodiyot nazariyasi fanini moddiy hayotiy vositalarni ishlab chiqarish va ayirboshlashni boshqarish qonunlari to‘g‘risidagi fan deb ko‘rsatadilar. A.Marshall esa iqtisodiyot nazariyasi (siyosiy iqtisod) fanining predmeti insoniyat, jamiyatning me’yordagi hayotiy faoliyatini tadqiq qilishdan iborat, deb yozadi.
Iqtisodiyot nazariyasi fani siyosiy iqtisod nomi bilan yuritilgan davrda qator darsliklarda va ayrim asarlarda uning predmeti moddiy ne’matlarni ishlab chiqarish jarayonida kishilar o‘rtasida sodir bo‘ladigan munosabatlarni o‘rganishdan iborat, deb ko‘rsatilgan edi.
AQSh va boshqa ba’zi bir mamlakatlardan kirib kelgan «Ekonomiks» darsliklarida (iqtisodiyot nazariyasi «Ekonomiks» deb yuritilgan darsliklarda) bu fanning predmeti kishilarning moddiy ehtiyojlarini to‘laroq qondirish maqsadida cheklangan resurslardan samarali foydalanish muammolarini tahlil qilish, kishilarning iqtisodiy xatti-harakatlarini o‘rganishdan iborat, deb ko‘rsatilgan.
Bozor iqtisodiyotiga o‘tilayotgan va hozirgi davrda Rossiya Federatsiyasida chop etilayotgan turli iqtisodiyot nazariyasi darsliklarida bu fanning predmeti bo‘yicha bir-biriga yaqin bo‘lgan ta’riflar berilmoqda (1.1-jadval).
1.1-jadval «Iqtisodiyot nazariyasi» darsliklarida fanning predmetiga berilgan ta’riflar