Har bir topshiriqni bajarish xususiyatlari hamda 5 ta jadval bo‘yicha olingan natijalarni tahlil qilib, tadqiqotchi nerv jarayonlari o‘zgarishini, jismoniy va ruhiy zerikish hodisasini aniqlaydi. Masalan, agar har bir keyingi topshiriqni bajarish vaqti oshib borsa, tez charchash, ixtiyoriy diqqat darajasining susayganligidan dalolat beradi. Bu metodikadan foydalanish bolalarning diqqati xususiyatlarini tajribada o‘rganish imkonini beradi.
Diqqat psixodiagnostikasi uchun intellekt testlarining ayrim subtestlaridan foydalanish imkoniyatlari
Diqqat psixodiagnostikasi uchun intellekt testlarining ayrim subtestlaridan foydalanish imkoniyatlari
Koss kubiklari
Bu metodika 1923 yilda S.C.Koss tomonidan taklif etilgan bo‘lib, fazoda ish tutish, diqqat, ziyraklik, qurish, yasash xususiyatlarini o‘rganishga mo‘ljallangan. Bu metodika D.Wechslerning (1939, 1955) metodikasiga aqlni tekshirish subtesti sifatida kiritilgan. Odatda uni kattalarni tekshirishda qo‘llashadi, lekin bunday topshiriqlarni bolalar ham qiziqib o‘ynaydilar. Bolalar berilgan namunaga ko‘ra kubiklardan figuralar yasashlari kerak(5-ilova).
Tajriba o‘tkazish uchun bir xilda bo‘yalgan plastmassa yoki yog‘och kubiklar kerak bo‘ladi. Kubiklarning kattaligi 3x3 sm, shakli va rangi har xil figuralar chizilgan 10 ta rasm zarur. Sinaluvchi uchun ko‘rsatma: «Shunday figurani to‘rtta kubikdan yasab ko‘r». Rasmning birinchi namunasi ko‘rsatiladi va sinaluvchi taklif etilgan figurani kubiklardan yasay boshlaydi.
Kubiklarni rasmning ustiga qo‘yib, topshiriqni bajarish man etiladi. Vaqt hisobga olinadi. Topshiriqni bajarishning aniqligiga va uzoqligiga bog‘liq ravishda miqdoriy baho qo‘yiladi.
Bog‘cha yoshidagi va boshlang‘ich sinfdagi bolalar topshiriqni bajarishganda ozroq yordam berish mumkin. Bola agar qiynalsa, 1-2 figurani yasab ko‘rsatish kerak. Bunda eksperimentator faqatgina yasab ko‘rsatmasdan, qurish printsipini ham tushuntiradi. Figurani yasab bo‘lgach, eksperimentator kubiklarni buzib tashlaydi va sinaluvchiga mustaqil kubiklarni yasashni aytadi. Tadqiqot qarorida ko‘rsatilgan yordam va bajarilgan vaqt yozib qo‘yiladi.