Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti sharq sivilizatsiyasi va tarix fakulteti sharq mamlakatlari tarixi va antropologiyasi kafedrasi


II BOB. ABBOSIYLARNING QOHIRA DAVRIDAGI AHAMIYATI



Yüklə 423,5 Kb.
səhifə7/10
tarix09.06.2023
ölçüsü423,5 Kb.
#127624
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
2 5190856066165912467

II BOB. ABBOSIYLARNING QOHIRA DAVRIDAGI AHAMIYATI
2.1. Qohiradagi abbosiylar hokimiyatining o‘ziga xosligi
O‘rta asr musulmon tarixchilari xalifalik tushunchasiga baho berganda bu siyosiy institutning X asrdayoq o‘z nufuzini yo‘qotib bo‘lganligi, xalifa faqat ramziy ma’noda hukmdor ekanligini eslashadi. Hijriy 656/milodiy 1258-yilda yuz bergan mo‘g‘ullarning Bag‘dod bosqini davrida xalifa instituti rasmiy jihatdan butkul tugatildi. Bu voqea islom olamida kata larzaga sabab bo‘ldi, abbosiylar xalifaligini tiklash musulmon mamlakatlarida asosiy o‘ringa chiqa boshladi. Bu masalada hali mo‘g‘ullar bosqiniga uchramagan mamlakat – Misr kurash maydoniga kirdi.29
O‘sha davrda Misrni mamluklarning bahriylar sulolasi idora etardi. Ular hukmronligi ostida Misrdan tashqari Shom, Falastin, Yaman va Hijoz yerlari ham bor edi. 1258-yilda Bag‘dodda xalifa Musta’sim va uning yaqin qarindoshlari qatl etilishi bilan qiyin siyosiy vaziyat yuzaga keldi. Abbosiylar xalifaligitiklangan taqdirda ham unga abbosiylar xonadonidan bo‘lgan kishi qo‘yilmaguniga qadar xalifalik boshqa musulmon mamlakatlari tomonidan rasman e’tirof etilmasdi. Buning uchun abbosiylar xonadonidan omon qolgan kishini xavfsiz yerda xalifa sifatida e’lon qilish zarur edi. Bag‘dod bosqini davrida qatldan omon qolgan ba’zi abbosiylar sulolasi vakillari Frot daryosi bo‘yidagi qarorgohlarida yashar edilar. Tarixchi Ibn al-Fuvatiyning so‘zlariga ko‘ra, ular 1259-yil boshida Suriya hududlariga kelib joylashganlar.30 1225-1226-yillarda Bag‘dod xalifasi bo‘lgan az-Zohir Biamrillahning o‘g‘li Abul Qosim Ahmad mamluklar sultoni Rukniddin Beybars (1260-1277) tashabbusi bilan 1261-yilda Qohiraga olib kelinadi va abbosiylar xalifasi deb e’lon qilinadi. Shu tariqa islom tarixida abbosiylarning Qohira davri deb atalgan davr boshlanadi. Bu davrda saltanatda aslida mamluk sultonlari yakka hokim bo‘lsalar-da, diniy masalalar yuzasidan abbosiy xalifalar bilan kelishib ish tutgan, abbosiylarning islom yurtlaridagi nufuzidan o‘z hokimiyatlarini qonuniylashtirish va mustahkamlashda foydalansihgan.
1261-yil iyunda al-Mustansir Billah nomi bilan xalifa deb e’lon qilingan Abul Qosim Ahmad o‘sha yili mamluklar bergan qo‘shin bilan Bag‘dodni mo‘gullardan qaytarib olish uchun otlanadi, ammo 1261-yilning noyabrida Iroqning Anbor shahri yaqinida (hozirgi Falluja shahri) yuz bergan jangda o‘ldirilgan. 1262-yil 16-noyabrda abbosiylar xonadonining yana bir vakili Abul Abbos Ahmad xalifa al-Hakim Biamrillah I nomi bilan xalifa deb e’lon qilinadi. Abul Abbos Ahmadning to‘liq ismi: Abul Abbos Ahmad ibn Abu Ali Hasan ibn Abu Bakr ibn Hasan ibn Ali bo‘lib, 1118-1135-yillarda abbosiylar xalifasi bo‘lgan al-Mustarshidning avlodidan edi.31 Xalifa al-Hakim Biamrilah I abbosiylar xalifasi deb tan olinsa-da, amalda mamluklarning Qohiradagi qal’asida xuddi bir asirdek kun kechirardi. Mamluklar sultoni unga davlat xazinasidan nafaqa tayinlagan bo‘lsa-da, Qohiradan boshqa yerga chiqishiga ruxsat bermasdi. Faqatgina 1296-yil dekabrda mamluklar sultoni Husomiddin Lochin al-Mansuriy xalifa al-Hakim I ni asirlikdan ozod etdi va Qohira shahridagi uylardan birida erkin shaxs sifatida yashashiga imkon berdi. Xalifa al-Hakim Biamrillah I 1302-yil 19-yanvarda Qohirada vafot etdi.
Abbosiylar xalifaligining Qohirada davom etishi uchun asos kerak edi, albatta. Chunki mamluklar Qohirada abbosiylar sulolasi hukmronligi davom etshini istar ekan, bunga qonuniy tus berishlari lozim edi. Tarixchi Abul Barakot an-Nasafiy Haj surasi 41-oyati haqida bayon etib, ushbu oyat hijrat qilgan muhojirlarning ahvolidan xabar berib, xulafoi roshidin, ya’ni to‘rt xalifa – Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon hamda Ali ibn Abu Tolib faoliyatlarining to‘g‘riligini tasdiqlamoqda.32 Sahih hadis to‘plamlarida xulafoi roshidin to‘g‘risidagi quyidagi hadislar keltirilgan: “Mendan keyin Abu Bakr va Umarga ergashinglar”, “O‘zlaringizga mening va to‘g‘ri yo‘ldagi xalifalarning sunnatlarini lozim tutinglar”. Uning ushbu tafsiridan xalifalik ishlarini bajara oladigan, Qur’on va shariat ko‘rsatmalarini bu oyatda ko‘rsatilgandek bajara oladigan xalifalar, faqatgina ushbu to‘rt sahoba ekani, ulardan keyingi “xalifalik” deb nomlangan boshqaruvlarda mazkur oyat mazmuni o‘z ifodasini topa olmagani to‘g‘risidagi xulosalar kelib chiqadi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom asos solgan, tarixda birinchi va oxirgi tom ma’nodagi islom davlati, ilk arab xalifalari davlat boshqaruvida diniylik ustuvor bo‘lgan. Tarixiy sharoit taqozosiga ko‘ra, dunyoviylik xarakteridagi unsurlarning paydo bo‘lish jarayoni va payg‘ambarning “Xalifalik mendan so‘ng o‘ttiz yildir” degan hadisini ilmiy asoslash alohida ahamiyatga ega.
Vasiliy Bartoldning ta’kidlashicha: “Muhammad payg‘ambarga xalifa tanlashda hech qanday umumxalq saylovlari o‘tkazilmadi, saylov o‘tkazish haqida biror qonun-qoida va tartiblar mavjud emas edi”.33
Ammo Q. Zohidovning “Ilk islom davlatchiligi va uning shakllanish jarayonlari (632–661 yillar)” nomli ilmiy-tadqiqot ishida “Manbalar Muhammad payg‘ambarning o‘rinbosariga bay’at qilish arablarning islomdan oldin qabila ulug‘ini (sayyid) saylash jarayoniga o‘xshash tarzda olib borilganiga guvohlik beradilar. Bu amalga payg‘ambar rioya etgan, u islomni qabul qilgan (ya’ni ummatga bo‘ysungan) qabila a’zolaridan shunday qasamyodlarni qabul qilgan. Bu amaliyot hech qanday diniy an’anaga bo‘ysunmay, balki sof dunyoviy unsur ekanligiga guvoh bo‘lamiz”, deb qayd etilgan.34
Ushbu davrda xalifa tayinlash uslublari bir turli bo‘lmay, balki xilma-xilligi ham bu fikrimizni tasdiqlaydi. Keyingi davr tadqiqotchilari bu saylash usullarini shartli ravishda to‘rt turga bo‘ladilar:
1) umumiy saylov – xalifalikka nomzod masjidda barcha jamoa a’zolaridan bay’at oladi. Bunga misol tariqasida Abu Bakr (632–634) va Ali ibn Abu Tolib (656–661) saylanishlarini kiritish mumkin;
2) nomzod usuli – bu shakl bilan Umar ibn al-Xattob (634–644) xalifalikka tayinlangan edi. Unga ko‘ra, oldingi xalifa o‘zi tanlagan kishini valiahd sifatida o‘z o‘rniga qoldiradi va qaror ummat tomonidan qabul etiladi;
3) xususiy saylov – oldingi xalifa tomonidan saylov uchun tanlangan sanoqli kishilar ichidan birini xalifalikka tayinlash. Usmon ibn Affon (644–656) mazkur usulda xalifalikka o‘tirdi;
4) “Qilich haqqi” orqali Ali ibn Abu Tolib hokimiyatdan olinib, uning o‘rniga Muoviya (661–680) davlat boshiga keldi.35
Umaviylar xalifaligi 661-yilda Muoviya ibn Abu Sufyon taxtga o‘tirgach, boshlandi. Uning davridan boshlab, boshqaruv dunyoviylashib, Muoviya hattoki o‘zini “Islomdagi birinchi shoh”, deb atagan ekan. Bu bilan xalifalik masalasidagi hadisni ma’nosi nechog‘li to‘g‘ri kelishi o‘z isbotini topgan.36 Umaviylar sulolasi davrida “xalifa” titulida bir qancha o‘zgarishlar kiritildi. Xalifalar endilikda diniy rahnamolikdan ko‘ra, ko‘proq dunyoviylikka yuz tuta boshladi. Xalifalik yagona poytaxt atrofida markazlashtirildi, viloyatlarga xalifa tomonidan tayinlanadigan voliylarning markazga so‘zsiz bo‘ysunishi, xiroj, ushr va zakotlarni o‘z vaqtida xazinaga berib turishi belgilandi. Davlat xazinasidan mamlakatdagi qo‘shinga va uning lashkarboshilariga maosh to‘lash joriy etildi. Bunday tartiblar Vizantiya imperiyasi boshqaruvidan olingan bo‘lib, ilgari yunonlar boshqaruvi ostida bo‘lgan Shomda yaxshi ish bera boshladi. Shomdagi umaviylarning yirik tayanchi bo‘lgan Banu Kalb qabilasi xalifalikning otadan bolaga meros tarzida o‘tishi hamda xalifalikning ko‘proq dunyoviy ahamiyatga ega davlat bo‘lishi tarafdori edi. Buning ustiga xalifalikning hududlari kengayib brogan sari uni faqatgina sha’riy ahkomlar asosida boshqarish qiyinlashdi, chunki zabt etilgan o‘lkalar aholisi bilan kelishish hamda ularga islomni majburiy singdirmaslik muhim edi. Aks holda xalifalikda markaziy hukumatga qarshi isyonlar yuz berishi turgan gap edi.
Islomdan avval umaviylar urug‘i Quraysh qabilasiga tegishli bo‘lgan. Bu qabilaning ikkinchi tarmog‘i hoshimiylar bo‘lib, qadimdan bu ikki tarmoq orasida raqobat va hokimiyat uchun kurash davom etib kelganki, hattoki umaviy xalifalar hukmronligi davrida azaldan mavjud bo‘lgan bu raqobat ko‘plab qonli to‘qnashuvlarga sabab bo‘lgan. Umaviylar hukmronligi davrida yer solig‘i – xirojlarning haddan ziyod ko‘paytirilishi, arab bo‘lmagan mahalliy aholining umaviylar tomonidan majburan qurilish ishlariga jalb qilinishi qator qo‘zg‘olonlarga sabab bo‘ldi. Shunday qo‘zg‘olonlardan biri 747-yilda keng tus olib, xalq harakatiga asli forslardan bo‘lgan Abu Muslim boshchilik qildi. Mesopotomiyadagi harbiy arablar oilasiga mansub Abul Abbos Saffoh taxtni egalladi. U davlatni boshqarishga biroz bo‘lsa-da da’vogar bo‘lgan barcha umaviylar vakillarini qatl qildi. Shu sababli Abul Abbos as-Saffoh – qonxo‘r laqabini olgan. Abbos yangi abbosiylar sulolasiga asos soldi.
Abbosiylar hukmronligi ikki muhim davrga ega bo‘lib, birinchisi 750-yildan 1258-yilgacha bo‘lgan davr hisoblanadi. Besh asrdan oshiq davom etgan bu davr ham bir qancha qismlarga ajratilib o‘rganiladi:
a) 750-861-yillar. Bu yillarda abbosiy xalifalar umaviylarga davomchi sulola o‘z qo‘lida markaziy hokimiyatni to‘la saqlab qolishdi, hududiy va ma’muriy boshqaruv tizimlari takomillashtirildi, ilm-fanda katta yutuqlarga erishildi. Ular Yaqin Sharqning katta qismida o‘z hukmronligini o‘rnatgan bo‘lib, bu davr “islomning oltin davri” deb nomlandi. Xalifa Horun ar-Rashid va Ma’mun davrlarida (786-833-yillar) Bag‘dodda “Bayt ul-hikma” tashkil etildi va unda Movarounnahr, Xuroson, Misr, Shom, Iroq, Hindiston, Vizantiya kabi mamlakatlardan yig‘ilgan olim va mutafakkirlar faoliyat ko‘rsatgan;37
b) 861-1194-yillar. Bu davrda xalifalik hokimiyati zaiflashdi, poytaxtda forslardan chiqqan vazirlar va turklardan chiqqan sarkardalarning ta’siri ortib bordi, shialar markaziy hukumatda barcha lavozimlarni egallab olishdi, turklar esa harbiy va moliya tizimni o‘z qo‘llarida to‘pladi. 861-yilda xalifa al-Mutavakkilning turk lashkarboshilari tomonidan qatl etilishi ham abbosiy xalifalarning siyosiy nufuzi va kuchi qay ahvolga tushib qolganligini ko‘rsatgan. Bu davrgakelib xalifalarning siyosiy hokimiyati butunlay cheklandi, u faqat duniy rahnamo sifatida nomiga hokimiyat tepasida qoldi;38
c) 1194-1258-yillar. Bu davrda abbosiylar saljuqiy turklar hukmronligidan zod etilgan bo‘lsa-da, siyosiy hokimiyati faqat Iroq hududi bilan cheklandi. Xalifa Nosir davrida (1180-1225) siyosiy mustaqillik birmuncha tiklangan, ammo ko‘p o‘tmay, mo‘g‘ul qo‘shinlari poytaxt Bag‘dodni qo‘lga kiritgach (1258-yil fevral), abbosiy xalifalar Misrga qochishga majbur bo‘lgan. Abbosiy xalifalar hukmronligining ikkinchi davri 1261-yildan 1517-yilgacha bo‘lib, Qohira shahri abbosiy xalifalar hukmronligining poytaxti hisoblangan, abbosiylar islom dunyosida diniy rahbarlar hisoblanishgan, ammo mamluk sultonlari o‘sha davrda mintaqadagi siyosiy va harbiy kuchga ega edi.39
Edmund Bosvortning yozishicha, abbosiylar o‘zlarining kelib chiqishini payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning amakisi Abbos ibn Abdulmuttalibning avlodi, Makkadagi Hoshim qabilasiga mansub Abbosga bog‘lashadi. Ulamolar nazdida bu holat umaviylarga qarshi o‘laroq abbosiylarning hokimiyatga nisbatan da’volariga qonuniy tus bergan. Shunga qaramasdan, dastlabki abbosiy xalifalar Muhammad alayhissalomning kuyovi Ali ibn Abu Tolib avlodlari, xalifalik taxtiga o‘zlarini haqliroq deb hisoblagan shialar tomonidan ko‘tarilgan isyonlarni bostirib turishga majbur bo‘lishgan. Ularning qarashicha, Alining xalifa bo‘lishiga payg‘ambarning o‘zi fatvo bergan. Abbosiylar ko‘p o‘tmay o‘zlarini himoya qilish maqsadida xalifalikka voris bo‘lishga bahona bo‘ladigan, hokimiyatga ilohiy tus beradigan faxrli unvonlar tizimini (alqob, birligi “laqab”) joriy qildilar. Bunday unvonu laqablar umaviylar hukmronligi davrida ma’lum emas edi.40 Bu sulola besh asrdan ko‘proq xalifalik qilishgan. Xalifalik poytaxtini Damashqdan Bag‘dodga ko‘chirish ham yangicha, sharqqa talpinishning ramzidir.41 IX asr oxiri – X asr boshlariga kelib, asta-sekin xalifalikning siyosiy yaxlitligiga putur yetdi. Fotimiylar dastlab Shimoliy Afrikani, keyinroq Misr va Suriya (Shom)ni bosib olib, Qohirada o‘zlarini xalifa deb e’lon qilishdi. Iroq va Eronda hokimiyat tepasiga daylamlik buvayhiylar keldi (945-yil). Ularning hammasi abbosiy xalifalarga muxolifatda bo‘la boshlashdi. Shia buvayhiylar nufuzini pasaytirish uchun ularning sharqiy hududlari bo‘lgan Ray, Isfahon, Hamadonni G‘aznaviylar podshohi Mahmud G‘aznaviy egallab oldi (1009-1029). 1055-yilda saljuqiy turklar sultoni To‘g‘rulbek (1038-1063) Bag‘dodni egallab, shia buvayhiylarni taxtdan qulatgach, abbosiy xalifalar hukmronligi diniy jihatdan qayta tiklanadi, ammo turk amirlari va askarlari bu davrda siyosiy hamda harbiy sohalarni to‘liq egallab bo‘lgan edilar. Saljuqiylarning 1194-yilda Xorazmshoh Aloviddin Takash hujumlari natijasida Eron va Iroqdan surib chiqarilishi abbosiy xalifalarni turklardan xalos etdi. Ammo Xorazmshohlarning o‘zi ham Bag‘dod xalifasidan hokimiyatni olib qo‘yishga intildilar. Xususan, 1217-yilda sulton Alouddin Muhammad Xorazmshoh boshchiligidagi Xorazm qo‘shinlari Bag‘dodga yurish qiladi, biroq qishning qattiq kelganligi bois yurish muvaffaqiyatsiz tugaydi. Sekin-asta bu atrofdagi mamlakatlarda, ayniqsa Sharqiy Osiyoda mo‘g‘ullar hukmronligi kengayganidan so‘ng, 1200-yillarning boshlarida ular Yaqin Sharqqa tomon yo‘nalishdi.42
1258-yil fevralda mo‘g‘ullar abbosiylar xalifaligining qarorgohi bo‘lgan Bag‘dodga yetib bordi. O‘sha paytda abbosiylar xalifasi mo‘g‘ullarning boshlig‘i Xulaguxon shaharni qamal qilib, u mo‘g‘ullarning har qanday talablarini rad qilmaguncha Bag‘dodni hech qanday shaklda bostirib bo‘lmaydi, deb ishongandi. Bu kurash atigi ikki hafta davom etib, shahar talon-taroj qilnib, xalifa Musta’sim esa qatl qilindi. Abbosiylar xalifaligining poytaxti Bag‘dodning Xulagu boshchiligidagi butparast mo‘g‘ullar qo‘lida vayron qilindi, o‘t qo‘yildi, masjidlar, saroylar buzib tashlandi, kutubxonalarda mavjud bo‘lgan kitoblar yo yoqib yuborildi, yoki Dajla daryosiga tashlab, yo‘q qilindi. Xalifa Musta’simning o‘ldirilishi va besh asr davomida islom dunyosining ko‘p qismini boshqarib kelgan abbosiylar xalifaligining qulashi bilan musulmonlar dunyo ahli boshiga tushgan dahshatli musibat tufayli, o‘zlarini xalifasiz qolib ketishganliklari kabi his qilishdi, chunki ular abbosiy xalifalarni rahnamo sifatida ko‘rishar edi.
Mo‘g‘ullar faqat Iroq bilan cheklanmasdan Suriya, Falstin va Misrni ham zabt etishni maqsad qilgan edi. 1243-yilda yuz bergan Ko‘sadog‘ jangi Kichik Osiyo (Rum) saljuqiylarini mo‘g‘ullarga vassal qilib qo‘ygan edi. Shu bosi ular bu hududlarni himoya qila olmas edilar. Ammo bu davrda Misrda ham siyosiy o‘zgarishlar yuz berib, 1250-yilda ayubiylar sulolasi hukmronligi tugatilib, ularning turkiylardan tuzilgan qo‘shinlari – mamluklar hokimiyatni qo‘lga oladilar. 1250-1257-yillarda hukmronlik qilgan sulton al-Malik al-Mu’izz Izzatdin Oybek at-Turkmaniy mamluklar hukmronligini Misr va Shomda mustahkamladi, sobiq ayyubiy noiblari va amirlarini o‘ziga bo‘ysundirdi. Misr taxtiga 1259-yilda asli kelib chiqishi xorazmlik bo‘lgan Sayfiddin Qutuz o‘tirdi. U sarkarda Jaloliddin Manguberdining jiyani hisoblanar, bevosita anushteginiylar sulolasiga daxldor shahzoda edi. Qutuzning maqsadi Xorazmshohlar saltanatining ayanchli qismati uchun mo‘g‘ullardan qasos olish hamda Misr, Arabiston va Shom tuproqlariga ularning kirib kelishiga imkon bermaslik edi. 1260-yil 3-sentabrda sulton Sayfiddin Qutuz boshliq mamluk qo‘shinlari no‘yon Kitbug‘a boshchiligidagi yigirma ming nafar mo‘g‘ul askarlari ustidan Ayn Jolut jangida erishgan g‘alaba mo‘g‘ullarni Kichik Osiyodagi boshqa davlatlarga o‘z yurishlarini to‘xtatishga majbur qilgan.43
Ushbu ulug‘vor g‘alabaning natijalaridan biri shundaki, Sulton Qutuz Ayn Jolut jangining qahramonigina emas, balki tom ma’noda Bag‘dodda yakun topgan xalifalikni Misrda tiklash imkoniyati paydo qilgan lashkarboshi hamdir.44 Chingizxonning nevarasi Xulaguxonning Bag‘dodni olishi bilan Iroqda abbosiylar xalifaligi tugatildi. Mo‘g‘ullar Bag‘dodga kirganida abbosiy xonadonidan Ahmad ibn Zohir qamoqxonada edi. Shu sabab shaharda o‘tkazilgan umumiy qatldan omon qoldi. U oxirgi o‘ttiz yettinchi Iroq abbosiy xalifasi Musta’sim Billohning amakisi edi. U Bag‘doddan qochib, Iroqning g‘arbiga yashirindi. 1258-yilda sodir bo‘lgan bu hodisadan so‘ng Makkaga Ka’bapo‘sh (kisva) yuborish masalasi ham to‘xtab qoldi. Makkaga kisva yuborilishi “ikki haram egasi” nomini ham berardi. 1261-yilda Yaman hukmdori Bag‘dod zavol topganidan so‘ng Makkaga Ka’bapo‘sh yuboradi. Yaman hukmdorlari bu hodisani bir necha bor qaytarishga harakat qildilar. Lekin mamluklar sultoni Rukniddin Zohir Beybars (1260-1277) bir necha bor haj ziyoratini amalga oshirib, bu sharafli ishni o‘z qo‘liga oldi.45
Ikki qochoq abbosiy – Abu Abbos Ahmad va Abu Qosim Ahmad ibn Zohirni Sulton Beybars Qohiraga chaqirganida, Abu Qosim oldinroq keladi, Abu Abbos esa Shomga ketishni ixtiyor qiladi. Beybars o‘z davlatining e’tiborli kishilarini yig‘ib, ularga Abu Qosim Ahmad Abbosiy xalifa Zohirning (1225–1226) o‘g‘li, oxirgi xalifa Musta’simning amakisi ekanligini aytadi va ushbu shahodat tufayli bosh qozilar bu xabarni qabul qiladilar.
Sulton Zohir Beybars yangi xalifani kutib olishga jiddiy tayyorgarlik ko‘rib, uni kutib olishga chiqqan. Buyuk davlat arboblari, obro‘-e'’iborli olimlar Abu Qosimga ta'zim qilish uchun otlaridan tushib kutib olishadi hamda qo‘shin bilan birga qal’aga yetib borishadi.46 Qal’ada Sulton Beybars abbosiy xalifani sharaflab, huzurida taxtga o‘tirmadi. Zohir Beybars kengash chaqiradi. Bu kengashda qozi Hakam Tojiddin ibn Bint al-Azz tomonidan uning nasl-nasabi asosliligi to‘g‘risida hukm chiqargan. Misrning eng yirik diniy peshvolari uning xalifalikka bo‘lgan huquqini tasdiqladilar. Shunda Sulton Zohir Beybars xalifaga sodiqlik haqida bay’at bergan. Bu bay'at hamda ommaviy e’lon qilingan hujjatda Beybars abbosiy xalifaga sodiq qolishi, muqaddas urush olib borishi, qal’alar qurishi, flot tashkil etishi, xalifaning huquqlari va Islom olamining siyosiy rahbari sifatida rasmiy ravishda tan olishi majburiyat sifatida ta’kidlangandi.47
Abbosiy xalifa ham o‘z navbatida Allohning kalomi Qur’oni Karim va Uning elchisining sunnatida belgilangan yo‘lda faoliyat yuritishga, yaxshilikni targ‘ib qilishga va’da berib xalifalik maqomini qabul qilgan. Shunday qilib, Zohir Beybars Bag‘dodda yakun topgan xalifalikni Misrga ko‘chiradi va go‘yoki uni tiklaydi. Qohiradagi abbosiy xalifaga “al-Mustansir Billoh” laqabini berdilar. Abbosiy xalifalar odatiga ko‘ra, Misr sultoniga bezakli kiyim kiydirib, xalifa sifatida uning hukmdorligini tasdiq etish marosimi bo‘lgan. Xalifa sifatida al-Mustansir Sulton Beybarsni Misr, Suriya, Diyorbakir, Hijoz, Yaman va Furot yerlari sultoni sifatida qonuniy ekanligini tasdiqladi. Abbosiylar xalifaligini Misrga ko‘chirish haqidagi fikr birinchi bo‘lib Sulton Beybarsdan chiqqan deyish xato bo‘ladi. Aslida bu loyihani avval Ahmad ibn Tulun, undan so‘ng esa Muhammad ibn Tag‘j Ixshid ro‘yobga chiqarishga urinib ko‘rgan, lekin bu reja amalga oshmay qolgan edi.
Xalifa al-Mustansir Beybarsning ishonchini qozona olmadi. Bunga asosan sulton va xalifaning janjallari, ularning shaxsiy xususiyatlari, bir tomondan Beybarsning yakka hukmronlikka intilishi, xalifa al-Mustansirning shuhratparastligi va siyosiy qarashlari sababli yuzaga keldi. Uch oy o‘tgach, Beybars xalifadan xalos bo‘lishga qaror qildi.48
U al-Mustansirni mo‘g‘ullardan Bag‘dodni qayta qo‘lga olib, xalifalik markazini qaytarishiga yordam berishiga ishontira oldi. Xalifa al-Mustansir bu va'daga ishondi va jiddiy ravishda eng sodiq va eng yaqin odamlarini to‘plab, harbiy yurishga tayyorlandi. Sulton unga 300 otliq berdi va ularga yana bir necha ming turkiy va badaviylar qo‘shildi. Biroq Damashqqa yetib borishgach, Sulton Beybars o‘ziga xos bahonalar bilan xalifani bir necha soqchilar bilan tashlab, katta qo‘shin bilan Qohiraga qaytdi. Al-Mustansirning keyingi taqdiri unchalik aniq emas. Ehtimol, u 1261-yil noyabrda Bag‘dodni ozod qilish uchun muvaffaqiyatsiz urinish paytida mo‘g‘ullar qo‘lida o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin49.
Taxminan bir yil o‘tgach, Zohir Beybars ikkinchi marta Misrni abbosiy xalifalar maskaniga aylantirishga urinib ko‘rdi. Shu maqsadda u xalifalik taxtiga abbosiylar avlodining yana bir vakilini qo‘ydi. Xalifa al-Hakim har qanday vaziyatga moslashuvchan, ehtiyotkor edi. U mamluk sultonlari bilan mojaro kelib chiqmasligi uchun dekorativ funksiyalarni bajarib, ularning ishlariga aralashmas edi.50 Yangi xalifa Beybars uchun kerak bo‘lgan odamga aylandi.
Sulton Beybarsning Abbosiy xalifalikni Qohiraga ko‘chirishi, mo‘g‘ullarga qarshi mardona kurashi bois, ismi Misr xalqi og‘zaki ijodida abbosiy xalifa Horun ar-Rashid (786-809) va Salohiddin Ayyubiy (1171-1193) bilan bir qatorda tilga olinadi. Sulton Beybars haqida tadqiqotchi Zakiy Muhammad Hasan quyidagicha yozadi: “Qo‘shinni tartibga solish, uni qattiqqo‘llik bilan boshqarish, yo‘llar qurish, dengiz portlari, qal’alarni ta’mirlash, soliqlarni yengillatishini hisobga oladigan bo‘lsak, u buyuk boshqaruvchi hamda katta siyosatchi, qo‘g‘irchoq hukumat sifatida xalifalikni Misr poytaxtiga ko‘chirish haqidagi Ahmad ibn To‘lunning orzusini muvaffaqiyatli amalga oshirdi”.51
Edmund Bosvortning yozishicha, “Qohiradagi xalifalik Misrni mamluklar tomonidan boshqarilishiga qonuniy tus bergan va mo‘g‘ullar, salibchilarga qarshi ma'naviy ozuqa bo‘lib xizmat qilgan”.52
O‘rta asr tarixchisi As-Suyutiyning fikricha, mo‘g‘ullar tomonidan tugatilgan abbosiy xalifalik Misrda o‘z faoliyatini amalga oshirgan, hukmdorlar hokimiyatiga bezak berishdan iborat emas edi. Bag‘doddan so‘ng dunyo faqatgina uch yarim yilgina xalifasiz yashadi, qolgan vaqt “xalifaning qarorgohi” vazifasini Bag‘dod o‘rniga Qohira egalladi. U yerda islom qoidalari yuksalmoqda, sunnat yuqori cho‘qqida, bid'at yo‘q qilingan va shu bilan birga olimu ulamolar, fozilu fuzalolar yashamoqda. Payg‘ambardan so‘nggi xalifat qaerda bo‘lsa, u yerda Qur’oni karimga ishonch va amal bo‘ladi. Zamondoshi bo‘lmish xalifa Mutavakkil II haqida gapirib “uni xalq sevishda davom etayapti”, deydi.53
Doimiy ravishda mo‘g‘ullarning tahlikasi sabab Beybars Suriyaga nisbatan siyosatini ham belgiladi. Suriya va Falastinning kichik hukmdorlari o‘zlarini tashqi tahdiddan himoya qilishga kuchlari yetmasdi. Shu sababli bu Falastin-Suriya qal’alarini o‘ziga bo‘ysundirishni xohladi. Damashqdan Misr va Hijozgacha bo‘lgan yo‘lni boshqaradigan al-Karak qal’asining hukmdorligi ayyubiylardan bo‘lgan al-Mugis Umarga tegishli edi. 1263-yilda Sulton Beybars hiyla orqali al-Mugisni qo‘lga oladi va uni mo‘g‘ullar bilan munosabatda bo‘lganlikda ayblab, Damashq qozisi qo‘liga topshiradi. Shundan so‘ng al-Mugis Misrga yuborildi. Shunda uning o‘g‘illari Zohir Beybarsga qal’ani topshirishga majbur bo‘lishadi.54
Beybarsning rasmiy nomi “Rukn ad-Din” (so‘zma-so‘z “din tayanchi, ustuni”) degan ma’noni bildiradi. Bu ism Beybarsga salibchilarga qarshi muvaffaqiyatli urush uchun berilgan. Uning maqsadi salibchilarni Yaqin Sharqdan butunlay chiqarib yuborish bo‘lgan. Bu masalada u haqiqatan ham ulkan yutuqlarga erishdi.55
Xalifaning faqatgina diniy obro‘-e'tiborigina uni martabali qilib ko‘rsatardi. Misr sultonlari bilan hokimiyatni bo‘lish haqida hech qanday gap bo‘lishi mumkin emas edi. Lekin Ali Ibrohim Hasanning “Tarix al-mamoliyk al-bahriyya” kitobida yozilishicha, “Xutbada xalifaning nomi aytilgan va tangalarda ismlari aks ettirilgan” . Misrdagi xalifalarni hindistonliklar tan olgan va ularning nomlari bilan tangalar zarb ettirilgan. Xalifa Mustakfiy o‘limidan (1340) so‘ng hattoki Hindistonda 1343-yilga qadar uning nomi xutbada o‘qilgan, tangalarda yozilgan.56
O‘rta asr tarixchisi az-Zohiriy (v.1468 y.) yozishicha: “... kimki o‘zi qilich yordamida xalifa nomidan qasam ichmasdan sulton bo‘lsa, u qo‘zg‘olonchi sanalib, unga kimnidir qozi vazifasiga tayinlashga ruxsat berilmaydi, agar u shunga o‘xshash nimadir qilsa, uning qarori haqiqiy emas (ya'ni boshqaruvchi shaxs), hattoki uning nikoh haqidagi bitimi ham...” . Bunday holatlarda xalifadan muboyaa (guvohnoma, qasamyod) olingan. Agar sulton ikkinchi marta taxtga o‘tirgan bo‘lsa, marosim qaytadan o‘tkazilgan. Ba’zi xalifalar bir necha sultonlardan qasamyod qabul qilishgan. Xalifa Abu Abbos Ahmad ibn Mustakfiy (1340–1351) sakkizta, Xalifa al-Mu'tadid Billoh (1414–1441) oltita sultondan qasamyod qabul qilganlar.57
Nazariy jihatdan olganda, xalifa to‘rt mazhabning bosh qozilari bilan birgalikda sultonni mansabidan olib tashlashga haqqi bor edi. Amalda esa u katta harbiy lashkarboshilar tomonidan sultonning ag‘darilganligiga rasmiy tus berardi, xolos.
1453-yilda ajabtovur hodisa bo‘lib o‘tgandi, unda xalifa al-Qoim (1451–1455) o‘z huquqini talab qilgan. Shu yil Sulton Inol xalifani o‘ziga qarshi harakatda aybladi. O‘zining tang ahvolidan qutulish uchun xalifa sultonga shunday murojaat qiladi: “Men o‘zimdan xalifalik huquqini olib tashlab, sizning sultonligingizni ham almashtiraman”. Bunday g‘alati holatni yuzaga kelganini ko‘rgan bosh qozi Alamiddin al-Bulqoniy bu qaltis vaziyatdan chiqish maqsadida “Xalifa o‘zidan-o‘zi xalifalik huquqini olib tashladi, endi u xalifa emas va binobarin, sultonni lavozimidan olib tashlay olmaydi”, deydi .
Bag‘dod xalifaligi davridan “xalifa” nomi saqlanib kelayotgan bo‘lsa-da, avvalgi haqiqiy “Xalifa Rasulilloh”, ya’ni “Alloh payg‘ambarining o‘rinbosari”dan mamluklar davridagi xalifa butkul farq qilardi. Qohiradagi abbosiy xalifalar asosan sultonning amriga bo‘ysungan. As-Suyutiy “Tarix al-xulafo” kitobida Qohira xalifasini misli sultonning ayoni, ya’ni oddiy zodagon sifatida tasvirlaydi58. Ular hech qanday hukmdorlikka ega bo‘lmagan. 1291 va 1292-yilda xalifa to‘rt marta imom bo‘lib, masjidda juma xutbasini o‘qigan. 940-yildan buyon Xalifa Radiy o‘limidan so‘ng bag‘dodlik xalifalar xutbaga chiqmagandilar. 1298-yilda xalifa Hakim Makkaga Haj ziyoratini amalga oshirgani haqida manbalarda yozma ma'lumot qoldirilgan. Bu vaqtda Misrda tangalarga xalifaning ismini yozish man etilgan. Makka va Madina xutbasida xalifaning nomi zikr etilmay, faqat sultonning ismi aytib o‘tilgan . Tadqiqotchi Hasan Ibrohim Hasanning e’tirof etishicha, “Sultonlarga din homiysi bo‘lish uchungina xalifaning yordami kerak edi”.59
Tomas Arnold (1864-1930) o‘zining “Xalifalik” nomli kitobida o‘rta asrlardagi Rim imperiyasi bilan ilk Arab xalifaligining farqini yoritib berishga harakat qilgan. U quyidagicha yozadi: “Imperator aholining diniy ishlariga aralashmagan. Davlatning diniy ishlari bilan Papa shug‘ullangan. Arab xalifaligida esa mazkur vazifaning har ikkalasi ham aslida xalifa zimmasiga yuklangan. Xalifalikka o‘tirgan shaxs davlat boshlig‘i sifatida ham diniy, ham siyosiy vazifalarni boshqara olishi lozim bo‘lgan. Xalifa kishilarga namozda imom, askarlarga lashkarboshi va yana bir qator vazifalarni o‘z bo‘yniga olishi kerak edi”. Lekin Qohiradagi “xalifa” boshqaruv hokimiyatining boshlig‘i emasdi. Amalda u faxrli nom bo‘lib, islom va shariatning himoyachisi, ilm va fan homiysi sifatida mashhur bo‘lgan.60
Qohira xalifalari hech qachon aniq tashkilotni, umuman hech qanday diniy ishlarni boshqarmagan. Ular musulmon dunyosi boshqaruvchisi sifatida (ko‘rinishigina) edi. Ular marosimlarda qatnashardilar, shayxulislomlar bilan birga har oyda sultonni maqtardilar va yangi sultonlardan qasamyod qabul qilardilar. Shu bilan abbosiylar islom olamidagi boshqaruvchilarni sayqallashtirib, Misrni “xalifalik yeri” kabi ulug‘lab, mamluklarga bezak berib turishgan. Misr sultonlarini boshqa xalifalar borligi shu qatorda qo‘shni musulmon davlat hukmdorlari tomonidan quraysh qabilasidan xalifa titulini qabul qilgani xavotirga solmasdi. Madina masjidida butun dunyo ziyoratchilari ko‘z oldida usmonli sulton Boyazid II (1481–1512) sharafiga “mavlona amir al-mu’miniyn as-sulton al-malik al-muzaffar” (bizning olampanohimiz, sulton-muzaffar podshoh, mo‘minlarning amiri, ya’ni xalifasi) nomi bilan sharaflab yozuv yozib qo‘yilgandi61. Bunga qarshi mamluklar o‘zlarining “islom sultoni” va “xodim al-haramayn” titullarini asrardilar. Bu masalada mamluklar hattoki qurolli nizolar chiqarishdan ham toyilmasdilar. Rus tadqiqotchisi N.A.Ivanovning e'tirof etishicha, ko‘pgina musulmon hukmdorlar XIV–XV asrlarda mamluklarning rahbarlik va muqaddas shahar homiysi ekanliklariga qarshi chiqishgan. Shu bois Makkaga ka'bapo‘shni yuborish bilan bog‘liq qator kelishmovchiliklar yuzaga keldiki, buning asosida musulmon dunyosidagi boshliqlikka bo‘lgan kurash yotardi. Amir Temur, Shohrux va qator turkman sulolasidan Oq quyunli va Qora quyunli Misrning diniy boshchiligini tan olishmagan62.
1429, 1435–1436 yillar va 1443-yilda Shohrux, muqaddas shaharlar homiysi sifatida o‘z da’volarini e’lon qildi. Har bir bunday da’vo urushni keltirib chiqargan. Oq quyunli sulolasidan Eron hukmdori Uzun Hasan 1472-yilda mamluklarga qarshi yurish qildi. “Biroq, – deydi V. V. Bartold, – Misr sultonlarining yutuqli tomoni shunda ediki, muqaddas shaharlarning homiysi sifatida uzoq vaqt davomida na Temur “xalifaligi”, Shohrux va na uning qarindoshlari, na qora qo‘y turkmanlari, na ularning o‘rnini egallagan oq qo‘y (XV asrning ikkinchi yarmi) turkman sulolasi tomonidan ular kabi obro‘ga ega bo‘lmagan”63. Ushbu o‘rinda V.Bartol'dning Amir Temur hukmronlik qilgan joyni xalifalik deb atashiga fikr bildirish lozim deb topildi. Chunki abbosiy xalifalar sulolasi masalasida Amir Temur chinakam daho ekanini ko‘rsatdi. Ibn Xaldunning yozishicha, Damashq shahri ichidagi qal’a taslim bo‘lgach, bir kishi Amir Temur huzuriga kelib, o‘zini Bag‘dodda o‘tgan abbosiy xalifalarning naslidan, deb tanishtirdi va Sohibqirondan haqiqiy merosxo‘r sifatida xalifa mansabiga tayinlashni talab qildi. Faraz qilaylik, agar Amir Temur uni o‘zi bilan Samarqandga olib ketib, abbosiy xalifalarning davomchisi, deb e'lon qilganda “Samarqand xalifaligi” to XX asrgacha yetib kelishi muqarrar edi. Ammo Amir Temur bunday soxta obro‘ni, to‘g‘rirog‘i, tarix oldida kulgi bo‘lishni o‘ziga ep ko‘rmadi va juda oqilona chora qo‘lladi: faqih va qozilarni, jumladan, Ibn Xaldunni chaqirtirib, mazkur shaxs bo‘yicha muhokama uyushtirdi. Ularning fikrlarini adolat tarozisiga solgach, da'vogarga shunday dedi: “Fatvo ahli va qozilarning gaplarini o‘zing eshitding. Ravshan bo‘ldiki, mendin xalifalikni talab qilmoqqa senda hech qanday haq yo‘q erkan” 64.
Bu kengashning e’tiborga loyiq jihati, xalifa saylash masalasini Amir Temur boshchiligida uch mazhab vakillari – hanafiy mazhabi olimi Abd al-Jabbor ibn Nu’mon al-Hanafiy (Amir Temur atrofidagi ko‘pgina ulamolar shu mazhabda bo‘lishgan), Misr qozisi, hanbaliy mazhabi vakili Burhoniddin ibn Muflih al-Hanbaliy va molikiy mazhabi vakili, o‘rta asr tarixchisi, shu mazhab qozisi Ibn Xaldun ishtirokida bo‘lgan bu majlisda xalifalikka da’vogar masalasi soxta xalifa sifatida e'tirof etilgan. Bu ishi orqali Amir Temur nafaqat buyuk sarkarda, balki mulohazali donishmand ekanligini ham yana bir bor tasdiqladi.
XIII asr oxiriga kelib, Suriya va Falastinning dengiz sohillarida joylashgan shaharlar salibchilardan tozalandi, keyingi asrda esa Kilikiya Armanistonidagi Rubeniylar saltanati ham tugatildi. Shu tufayli mamluklar butun musulmon dunyosida majusiylar, mo‘g‘ullar va nasroniylarga qiron keltirgan qudratli kuch sifatida juda katta shuhrat qozondilar. Ularning mulklari g‘arbda Kirenaikagacha, janubda Nubiya va Massavagacha, shimolda Tavr tog‘larigacha cho‘zilib ketgan edi. Arabistondagi muqaddas shaharlar ham ularning himoyasida edi. XV asrga kelib Mamluklar Usmonli sultonlarni o‘zlarining asosiy dushmanlari deb bilishardi. Mamluklar g‘arbiy Diyorbakrdagi oraliq davlati sifatida Zulg‘adir o‘g‘ullari degan turkman xonligini saqlab qoldilar va qaramoniylarni qo‘llab-quvvatladilar. Ammo o‘zlarining beqiyos g‘ayratu shijoatlari, zambaraklar va miltiqlardan mohirona foydalanishlari bilan ajralib turuvchi usmonli sultonlar ulardan ustun edilar. 1516-yilda Halab yaqinidagi Marj Dobiq degan joyda bo‘lgan jangda mamluklarning nufuzli so‘nggi sultoni Qonsux al-G‘uriy o‘ldirildi. Shundan keyin Salim I Yovuz Suriya bilan Misrni egalladi. Endi ular usmonlilar saltanatida bir podshohlikka aylandilar. Shunga qaramay, 1811-yilda albaniyalik Muhammad Ali ularni uzil-kesil bartaraf qilmaguncha, harbiy mamluklar amalda Misrni boshqarishni davom ettirdilar.
Demak, xalifalik qarorgohini Bag‘doddan Qohiraga ko‘chirish bo‘yicha rejalar nafaqat Zohir Beybarsda, balki to‘luniylar davrida ham bo‘lgan. Lekin bu reja amalga oshmay qolgan. Bu loyiha Sulton Beybars tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga erishildi. Bunga hissa sifatida tom ma'noda Sulton Qutuzning mo‘g‘ullar ustidan qozongan g‘alabasini keltirish o‘rinli. O‘rta asr tarixchilarining ba'zilari Bag‘doddan so‘ng dunyo faqatgina uch yarim yilgina xalifasiz yashadi, qolgan vaqt “xalifaning qarorgohi” vazifasini Bag‘dod o‘rniga Qohira egalladi. U yerda xalifalik qonuniy ravishda olib borilmoqda, islom ilmlari rivojlanmoqda, olimu ulamolar, fozilu fuzalolar o‘z faoliyatlarini olib borishgan deb hisoblashgan. Ba’zilar esa Qohiradagi xalifalik hech qanday vazifani bajarmagan, faqatgina nomi uni ulug‘lab turgan deb yozishgan.
Ko‘pgina o‘rta asr tarixchilari sulton Beybars haqida “ikki murda orqali taxtga kelganiga qaramay” (sulton Oybek va Qutuz), uni bu qilgan ishini yoqlab, sulton Beybars islom dunyosiga mushkulliklar yog‘ilgan paytda vaziyatdan chiqib, xalifalarni saqlashda, xalifalikning davom etishida va islom ilmlari rivojiga hissa qo‘shilishida o‘rni beqiyos deb yozishgan. Islom himoyachisi sifatida mamluk sultoni al-Malik az-Zohir Rukniddin Beybars haqida epik asarlar bitilgan.
Niderlandiyada yashovchi o‘zbek adibasi Shahodat Ulug‘ ham “Xaloskor sulton Sayfiddin Qutuz” nomli roman yaratgan va o‘zbek adabiyotini Misr mamluklari haqidagi badiiy asar bilan boyitgan65. Asarda Sayfiddin Qutuzning Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdining singlisiga farzand ekanligi, yoshligida qul qilinib Shom, undan Misr yurtlariga olib kelingani, Misrda ayyubiylar hukmdori al-Malik as-Solih Najmiddin Ayyub xizmatiga kirgani hamda mamluklar lashkarboshisiga aylanishi, mo‘g‘ullar ustidan qozongan sharafli g‘alabasi hamda o‘z noibi Rukniddin Beybars tomonidan xoinona qatl etilishi haqida so‘z boradi.

Yüklə 423,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin