o’zgartirilish fakti, uning yangi ko’rsatkichi, tegishli hisob-kitoblar va dalil-isbotlar tafsiloti auditorning ishchi hujjatlarida aks ettirilgan bo’lishi lozim. Ta’kidlash joizki, №9-AFMS da muhimlik darajasining asosiy ko’rsatkichlar tizimini va ushbu darajani aniqlashning uslubiy asoslangan tartibini auditorlik tashkiloti tomonidan o’zgartirish uchun asos bo’luvchi omillar ham keltirilmagan. Bizning fikrimizcha, bunday omillarga quyidagilarni kiritish mumkin:
moliyaviy hisobot asosiy ko’rsatkichlarini yoki balans moddalarini aniqlash tartibiga ta’sir qiladigan, buxgalteriya hisobi va soliqqa tortishni isloh qilishga doir o’zgarishlar;
muhimlik darajasini aniqlash uslublari oldiga qo’yiladigan talablarni belgilaydigan, auditga doir qonunchilikdagi o’zgarishlar;
auditorlik tashkiloti ixtisoslashuvining o’zgarishi;
auditorlik tekshiruvidan o’tkazilishi lozim bo’lgan xo’jalik yurituvchi sub’ektlar tarkibidagi o’zgarishlar, ularning ishlab chiqarish turi yoki tarmog’iga tegishliligining o’zgarishi;
auditorlik tashkiloti rahbariyatining o’zgarishi. Muhimlik darajasi buxgalteriya hisobi yuritiladigan va buxgalteriya hisoboti tuziladigan valyutada ifodalanishi lozim. Muhimlik darajasi har bir auditorlik tekshiruvi uchun tekshiruvni rejalashtirish bosqichi yakunlanganidan so’ng aniqlangan bo’lishi lozim. Aniqlangan muhimlik darajasining qiymati auditorlik tekshiruvining umumiy rejasida
ham aks ettirilgan bo’lishi kerak. Agar mijoz-korxona vakillari muhimlik darajasining auditorlik tashkiloti tomonidan aniqlanish tartibi bilan qiziqib qolishsa, u holda auditorlar ularga ushbu axborotni taqdim etishlari zarur. 5.3. Auditorlik riski tushunchasi, auditorlik risklarining maqbul to’plami va unga ta’sir
ko’rsatadigan shart-sharoitlar