Iqtisodchilarning tadqiqotlaridagi asosiy bosh g`oya - jamiyat,
insoniyat, ayrim shaxslarning boyligi masalasidir. Maqsad bir, lekin unga
eltadigan yo`llar nihoyatda xilma-xil ekanligini ko`ramiz. Ilk kapitalistik
munosabatlar vujudga kelgan davrgacha (XV asr) bo`lgan
iqtisodiy
g`oyalardagi umumiylik shuki, barcha donishmandlar va ularning yozgan
asarlarida mehnat va yer boylikning asosiy vositasi ekanligi turli yo`llar
bilan
talqin etiladi, ularda ishlab chiqarish sohasi asosiy deb hisoblangan.
XV-XVII asrlarda (qisman XVIII asr boshlarida) yangi iqtisodiy
ta'limot - merkantilizm vujudga keldi. Merkantilizm to`g`risida qisqa
ma'lumot beradigan bo`lsak, uning mohiyati iqtisodiy siyosatda
mamlakatda va davlat xazinasida nodir metallarni ko`proq to`plash,
ta'limotda esa muomala (savdo, pul oboroti) sohasidagi iqtisodiy
qonuniyatlarni izlashdir, ya'ni avvalgi davrdagi g`oyalardan keskin farq
qiladi.
Keyingi muhim o`zgarish, bu klassik iqtisodiy maktabning yuzaga
kelishidir (XVIII asr). Bu iqtisodiy ta'limot ichida fiziokratizm ham
vujudga keldiki, uning umri uncha uzoq bo`lmadi. Klassik maktab
g`oyalari hozirgi davrda ham turli shakllarda qayta namoyon bo`lmoqda
(neoklassik, liberal, neoliberal...). Marks nomi bilan bog`liq bo`lgan
marksizm ta'limoti (nobozor iqtisodiyot) ham tarixda muhim o`rinni
egallaydi.